2

Diniy va milliy qadriyatlarning milliy o‘zlikni anglashdagi ahamiyati

XXI asrda kechayotgan global integratsiya jarayonlari dunyoning g‘oyaviy-mafkuraviy qiyofasini o‘zgartirib bormoqda. Bu tarixiy jarayonda konfessiyalararo to‘qnashuvlar, etnomilliy nizolarning kuchayishi munosabati bilan, “zamonaviy sivilizatsion jamiyatda milliy madaniyatlarning roli, ularni saqlab qolish omillari, etnomilliy majoralar va ularni paydo bo‘lish sabablari va mazkur voqealarda etnik faktorning o‘rni” kabi muammolar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayrim Gʻarb olimlarining XXI asrga kelib, etnik faktorning yo‘qolishi, ya’ni “eritish dekchasi”da assimillashib ketishi haqidagi, sobiq sovet tuzumi mafkurasining internasionalizm g‘oyalari, sinfiy tafovutlar yo‘qolishi bilan millatlar birlashib ketishi haqidagi bashoratlari o‘zini oqlamaganini tarix isbotladi. 

XX asr sinfiy mafkuralar to‘qnashuvi asri bo‘lgan bo‘lsa, XXI asrdagi asosiy to‘qnashuv etnomilliy, diniy qadriyatlar va identifikatsiya to‘qnashuvlaridir.  Mashhur tadqiqotchi olim Samuel Xantington o‘zining “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” asarida “Dunyoda “Sovuq urush”dan keyingi davrda insonlar orasidagi asosiy farqlar mafkuraviy, siyosiy yoki iqtisodiy emas. Balki madaniy farqlardir. Xalqlar va millatlar: “Biz kimlarmiz?” degan eng oddiy savolga javob berishga harakat qilmoqdalar. Va ular an’anaviy tarzda – o‘zlari uchun eng muhim bo‘lgan tushunchalarga asoslanib javob bermoqdalar. Odamlar kelib chiqishi, dini, tili, tarixi, qadriyatlari, urf-odatlari va ijtimoiy institutlariga asoslangan holda o‘zlarini anglamoqda. Ular tor ma’noda o‘zlarini madaniy guruhlar, qabilalar, etnik guruhlar, diniy jamoalar, keng ma’noda millatlar – sivilizatsiyalar bilan idetifikatsiyalamoqda”. 

Darhaqiqat, bugungi kunda din, millat, milliy davlatchilik, milliy mafkura dolzarb masalalardandir. “Ma’lumki, biror-bir xalq ma’naviyatiga xos qadriyatlarning boshqa xalqlar tomonidan tan olinishi, tabiiyki, ana shu xalq tarixiga nisbatan chuqur hurmat ifodasidir. Bunday e’tirof xalqning g‘urur va iftixori, milliy o‘zligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi”. 

Umuman olganda, butun dunyoda diniy va milliy masalaga e’tibor oshib borishining sababi, milliy va diniy omillarning har bir inson hayotida, ijtimoiy hamda siyosiy jarayonlarda o‘z ta’sirini yo‘qotmaganligidadir. Xalqlarning, millatlarning o‘ziga xos etnomadaniy hayotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish bir tomondan, madaniyatdagi umuminsoniy belgilarni, mushtarakliklarni topishga, aniqlashga olib keldi, ikkinchi tomondan, mintaqaviy, milliy, hududiy xususiyatlarga e’tibor, ahamiyat qaratishni, hatto ularni bo‘rttirib talqin qilishni, natijada esa “madaniyatlar to‘qnashuvi”ni keltirib chiqardi. 

Biz transformatsiyalashuvchi jamiyatda yashamoqdamiz. Bu jamiyat mobillik, migratsiyalar, talablarning to‘xtovsiz o‘zgarishi, individlarning azaliy (tarixiy) ildizlarini yo‘qotishi, an’anaviy qadriyatlar, urf-odatlarni yemirilishiga olib kelishi mumkin. Ammo psixologlarni ta’kidlashicha, inson bunday murakkab ijtimoiy muhitda doimo o‘zining kelib chiqishi, o‘tmishi, ajdodlari – azaliy (tarixiy) ildizlarini bilishga ehtiyoj sezadi. Psixososiolog Dj.Barton, E.Azar identitet insonning ontologik ehtiyojlaridandir, deb ta’kidlaydilar. 

Demak, har bir inson o‘z-o‘zini anglashga intiladi. “O‘zlikni anglash kishining borliqda o‘z o‘rnini bilishi, ijtimoiy munosabatlarda o‘z “men”i va hayotiy maqsadlarini boshqa “men”lar hamda ularning hayotiy maqsadlari bilan munosabatida namoyon bo‘ladigan individual jihatlarining idrok etilishi sifatida qaraladi. O‘zlikni anglashning muayyan darajasi milliy o‘zlikni anglashdir. Milliy o‘zlikni anglash – millat va har bir millat vakilining umumiy madaniy negizga, til, madaniyat, tarixiy meros, ruhiyatga, urf-odat va an’analarga mansubligini va o‘z o‘rnini idrok etishdir”.  

Diniy o‘zlikni anglash – jamoaviy va individual o‘zlikni anglashning shakli bo‘lib, ma’lum dinga taaluqli ekanligini anglash, o‘zini va olamni aynan shu diniy aqidalar nuqtai nazaridan tasavvur qilish, bilishdir. Diniy identitet insonning o‘zini anglashini eng birinchi shakllaridan biri hisoblanadi. Demak, milliy, diniy va individual o‘z-o‘zini anglash bir-biriga uzviy bog‘liq jarayonlardir. Ma’naviy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lmish diniy va milliy qadriyatlarimiz har bir insonni o‘zini anglashiga, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi. Prezidentimiz “O‘zlikni anglash deganda men tarixiy xotirani tiklash, nasl-nasabimiz kim ekanini, kimlarning vorisi ekanligimizni anglab yetishni, shundan kelib chiqib, o‘zimizga xos va mos jamiyat barpo etishni tushunaman”, deydi.

O‘zlikni anglashning muhim ko‘rsatkichlari bo‘lgan – o‘z o‘tmishi, avlod-ajdodlari kimligini, ular qaysi millatga mansubligi, ulardan qoldirilgan merosni bilib olish va o‘zlashtirishga bo‘lgan intilish milliy manfaatlarni rivojlanishiga olib keladi. 

Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzida etnolingvistik guruhlar soni besh mingga yaqin. Yer yuzidagi davlatlarning asosiy qismi polietnik davlatlardir. Mavjud sharoitlarda jamiyatda umumiy identitetning bo‘lmasligi, milliy, etnik va diniy qarama-qarshiliklar jamiyat barqarorligiga asosiy xavf soluvchi omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan milliy manfaatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatni tashkil qilgan turli ijtimoiy-siyosiy qatlamlarning manfaatlaridagi xilma-xillik qonuniy tarzda ular orasidagi manfaatlaridagi xilma-xilligini namoyon etish bilan erkin va mushtarak maqsadlarni ham keltirib chiqishiga erishmoq darkor.

Feruza Nizamova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

 “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish