![](https://iiau.uz/storage/d1/d7/01/9143/conversions/61-large.jpg)
Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi – avlodlar e’tirofida
O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, ulug‘ shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur millatimizning eng yorqin vakillaridan biridir.
Ayni paytda yurtimizda o‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham katta shukuh bilan davom etdi.
“Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi – avlodlar e’tirofida” mavzusida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik Kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Hojiakbar Hamidov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.
“Boburxonlik kechasi”ni Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov ochib berarkan, rektor Muzaffar Komilovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrik nutqida ta’kidlanganidek, Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanadi.
Darhaqiqat, Bobur Mirzo ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Mazkur asarning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, o‘sha davrda adabiyotimizda nasr janrida yaratilgan yirik asarlardan biri sifatida ham muhim o‘rin tutadi.Ushbu qomusiy kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbaalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.
Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Iqboljon Mirzaaliyev so‘z olib, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, odob-axloq, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
“Boburxonlik kechasi”da o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosi, ilmiy asarlari yodga olindi. Ushbu bebaho asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni atroflicha tahlil qilindi.
Shu o‘rinda ingliz olimi Uilyam Erskinning Bobur Mirzo haqida quyidagi fikrini yodga olsak:
“Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.
Chindan ham Bobur Mirzo yirik davlat va madaniyat arbobi, mohir sarkarda. Asrlar osha dunyoni hayratga solib kelayotgan alloma ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Rasmiy nutqlardan so‘ng tadbirning badiiy qismi boshlandi. Unda Talabalar teatr studiyasi tomonidan “Bobur sog‘inchi”, “Bobur vasiyati”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va Xonzodabegim” suhbati aks etgan sahna ko‘rinishlari, Bobur Mirzo g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan turli tillarda g‘azal va ruboiylar o‘qildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hojiakbar Hamidov tomonidan “Soching savdosi tushdi” g‘azaliga bastalangan qo‘shiq, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari Olimaxon Tojiboyeva va Shoxsanam Usubjonova ijrosida “Bayot” qo‘shiqlari jro etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish