![](https://iiau.uz/storage/28/89/1c/9136/conversions/1675-large.jpg)
Imom Moturidiy qarashlarida imon va kufr masalalarining asl talqini
Tarix va hozirgi kun diniy tafriqachilik, aqidaparastlik va mutaassiblikning insoniyat, xususan, islom dunyosi qarshisida turgan eng katta muammolardan biri ekanini ko‘rsatmoqda. U sabab yuz bergan kelishmovchiliklardan tortib, to qonli urushlargacha bo‘lgan jarayonlar islom hamjamiyatiga cheksiz kulfatlar keltirgan. Afsuski, bu jarayon hali-hanuz davom etmoqda. Ayniqsa, fikrlar almashinuvi kuchaygan globallashuv davrida bu muammo har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb qilmoqda.
Bugun bir paytlar vujudga kelgan xorijiylik, mo‘taziliylik, qadariya, jabariya, jahmiylik va qarmatiylik kabi islom olamida ko‘plab fitnalarga sabab bo‘lgan firqalar tarixga aylandi. Ularning o‘rnini soxta salafiylik, hizbut-tahrir va jihodchilar kabi yangi nomlar egalladi. Bu firqalar bilan tarixda o‘tgan adashgan oqimlarning kelib chiqish sabablari va e’tiqodlari o‘zaro qiyoslansa, ko‘plab umumiy jihatlarni ko‘rish mumkin. Xususan, mazkur adashgan firqa va oqimlarning ahli sunnaga ixtilof qilgan mavzulari bir-biriga juda o‘xshash. Ayniqsa, oxirgi yillarda soxta salafiylar va jihodchi firqalar imon, kufr va shirk masalalarida fitnalar chiqarib, musulmonlar boshiga tushgan ko‘plab kulfatlarga sababchi bo‘ldilar.
Jumladan, gunohi kabira mavzusi ham ko‘plab firqalar tomonidan imon bilan bog‘liq holda talqin etiladi. Ya’ni mo‘min kishi gunohi kabira sodir etsa, undan imon ismini olib tashlash va uning joniga qasd qilishni joiz sanash holatlari hozirda ham ba’zi guruhlar e’tiqodida kuzatilmoqda. Mazkur masalada Imom Moturidiy Qur’on va Sunnat asosida muammoning to‘la yechimini ko‘rsatib bera olgan:
“Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi” (Niso: 48).
Alloma ushbu oyat tafsirida aytadi: “Xorijiylar bu oyatning ma’nosi borasida shunday deydilar: “Gunohi kabiralarning barchasi shirk. Kimki gunohi kabira qilsa, “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay”, oyatining hukmi unga tegishlidir”. Ularga javoban: “Sizning fikringizga ko‘ra hukm qilinsa, mushrik bo‘ladigan gunohi kabiraning mohiyati gunohi sag‘irada ham bor (Ya’ni shayton va nafsiga itoat). Shu sabab kichik gunoh qilgan kishi ham kofir bo‘lishi kepak. Aks holda, gunohi kabira qilgan mo‘min ham kofir bo‘lmaydi”, deyiladi”.
Gunohi kabira borasida alloma yashagan davrda mo‘tazila firqasi ham ko‘plab buzuq aqidalarni tarqatib: “Gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqadi, lekin kofir bo‘lmaydi”, derdilar. Abu Bakr Asom aytadi: “Gunohi kabiraga azob aniq bo‘ldi, undan kichik gunohlapning kechirilish sharti esa ushbu oyatga muvofiq: “Alloh O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur...”. Bu oyat kichik gunohlarga tegishlidir va yana boshqa oyatda: “Agap sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz...” (Niso: 31), deyilgan. Gunohlardan kechiriladigani va kechirilmaydigani bor”.
Moturidiy ularga qarshi shunday deydi: “Alloh mo‘minlarning shirkdan boshqa gunohlarini kechirishini aytish bilan ularda umid uyg‘otdi. Agar mag‘firat qilishi aqlga to‘g‘ri kelmaganda ularda ymid uyg‘otmasdi. Umid uyg‘otibdimi, demak, bu shirkdan boshqa gunohlarning kechirilishi mumkinligiga dalolat qiladi. To‘g‘ri, buni Allohning O‘zi biladi, xohlasa kechiradi, xohlasa azoblaydi. Shirkning kechirilishiga umid uyg‘otish esa aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki kimki biror dinga ishonsa, doimiy e’tiqod qiladi. Lekin gunoh qilgan kishi unda abadiy davom etmaydi. Balki shahvati g‘olib kelganda uni qondirish uchungina gunoh qiladi. So‘ngra gunohiga afsus chekadi. Shuning uchun shirkdan boshqa gunohlarning kechirilishiga ymid uyg‘otish aqlga to‘g‘ri keladi”.
Bugungi kunning yana bir dolzarb mavzusi, shubhasiz, “takfir” masalasi hisoblanadi. Chunki hozirgi paytda ko‘plab mutaassib firqalar tomonidan musulmonlarni kofirga chiqarishda haddan oshish, ya’ni kufr sanalmaydigan ishlarda ham kofirlikda ayblash holatlari kuzatilmoqda.
Ahli sunna bu borada vasatiylikni – mo‘tadil yo‘lni tutgan. Ya’ni musulmonlarga yuqoridagi kabi nom va nisbatlarni berishda xorijiylar hamda mo‘taziliylar kabi haddan oshib ketmaganlar yoki murji’iylar kabi “mo‘’minga gunoh va ma’siyatlar aslo ta’sir qilmaydi”, – deya, mazkur masalaga juda yuzaki ham qaramaganlar.
Masalan, Qur’oni karimning:
“Aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘’min emassan”, – demangiz!” (Niso: 94) – oyati tafsirida Moturidiy quyidagilarni aytadi:
“Mazkur oyat nozil bo‘lishiga sabab bo‘lgan qissa qanday bo‘lganini bilmaymiz. Lekin bu o‘rinda shubhalardan tiyilish va imon kalimasi aytilganda to‘xtashga buyruq bor. Shuningdek, mo‘’minning ishlari va xabarlarida shubhalanishdan to‘xtash vojib hisoblanadi. Chunki Alloh taolo: “Aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga: “Mo‘min emassan”, – demangiz!” – deya amallarda qat’iy aniqlikka buyurmoqda... Demak, agar ularni: “Mo‘min emas”, – deyishdan qaytargan ekan, o‘z-o‘zidan: “Ular mo‘min”, – deyishga buyurgan bo‘ladi. Agar bunga qarshilar bo‘lsa, ularga: “Siz ilmliroqmisiz, yoki Allohmi?”, deya javob beriladi”.
Zamondosh moturidiyshunos olim Adil Bebek Moturidiy asarlaridagi asosiy tamoyillarni umumlashtirgan holda kufrning mohiyati haqida quyidagilarni aytadi:
“Moturidiylikka ko‘ra, kufr – Allohni tanimaslik, Unga bo‘ynsunmaslik, Uning birligini qabul etmaslik, qalbdan sevmaslik, Yaratganga qarshi chiqish, Uni yolg‘onga chiqarish va inkor etish, Alloh va Rasuliga yengil-yelpi qarash hamda U harom qilgan narsalarni (bilgan holatda) halol deb sanashlik hisoblanadi”.
Demak, yuqoridagi sifatlar biror kishida topilmas ekan, uni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Shu bois, bugungi kundagi adashgan oqimlar va jihodchi tashkilotlarning musulmonlarni shariatga to‘liq amal qilmaslikda ayblab, kofirga chiqarishlarini, qonini halol sanashlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Jо‘rabek Sodiqov,
О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini о‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi
Izoh qoldirish