![](https://iiau.uz/storage/bf/65/41/9135/conversions/1673-large.jpg)
Bobur Mirzoning ibratli hayoti va ilmiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati
Buyuk ma’rifatparvar olim Abdulla Qodiriy aytganidek, “Moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir”. Zotan, biz bugun yurtmizda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga harakat qilar ekanmiz, bu yo‘lda, avvalo, tarixda o‘tgan buyuk allomalarimizning ilmiy merosini chuqur o‘rganmog‘imiz darkor.
Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat buyuk davlat arbobi va sarkarda, balki betakror iste’dod sohibi – shoir, adib va olim sifatida ham o‘zbek va jahon madaniyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan. Uning hayot yo‘li va ilmiy merosi bugungi kunda yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol shaxslar qilib tarbiyalashda o‘rnak va ilhom manbayi bo‘lib xizmat qiladi.
Boburning onasi oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol koʻmak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi. Hokim yoz oylari Sirdaryo boʻyida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda oʻtkazardi. Boburning yoshligi Andijonda oʻtgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozil-u ulamolar ustozligida harbiy taʼlim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini oʻrganadi, koʻplab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, sheʼriyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan “Bobur” (“Sher”) laqabini oladi.
Bobur otasi yoʻlidan borib, mashhur soʻfiy Xoja Ahrorga ixlos qoʻyadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu eʼtiqodga sodiq qoladi. Keyinchalik, “Boburnoma” asarida Bobur Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizlikdan xalos etganini, eng ogʻir sharoitlarda rahnamolik qilganligini taʼkidlaydi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok boʻlgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga oʻtiradi. Shu vaqtdan boshlab u ko‘plab ellarni zabt eta boshladi.
Boburning hayoti o‘zi tug‘ilib o‘sgan davrning murakkab siyosiy-ijtimoiy sharoitlarida kechdi. Farg‘onada hukmdorlik qilgan Bobur yoshligidan siyosiy kurashlarga kirishib, davlat boshqaruvi va xalqparvarlik fazilatlarini namoyon etdi. Garchi u dastlabki hukmronlik davrida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa-da, mag‘lubiyatlarga qaramay o‘z maqsadiga yetish yo‘lida tinimsiz harakat qildi. Bu uning iroda, qat’iyat va mehnatsevarlik fazilatlarining yuksak namunasi bo‘lib, yoshlar uchun motivatsiya bo‘la oladi.
Boburning oʻz guvohligiga koʻra, shoir sifatida ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan: “Ul fursatlarda biror ikki bayt aytur edim”, deb yozadi u. Bobur Samarqanddaligining ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular oʻrtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar toʻplana boshlashi ham shu yillarga toʻgʻri keladi. Jumladan, Binoiy, Abulbaraka va Bobur oʻrtasidagi ruboiy mushoirasi Samarqanddagi qizgʻin adabiy hayotdan darak beradi. Umuman, davlat arbobi va koʻp vaqti jang-u jadallarda oʻtgan sarkarda sifatida ijtimoiy faoliyatining eng qizgʻin davrida ham, shaxsiy hayoti va davlati nihoyatda murakkab va xatarli sharoitda qolgan chogʻlarida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topa bilgan, ilm, sanʼat va ijod ahlini oʻz atrofiga toʻplab, homiylik qilgan, ularni ragʻbatlantirgan. Bobur o‘z she’rlari va adabiy merosida insoniy qadriyatlarni ulug‘lagan. Uning ijodida bilim olish, vaqtni qadrlash, sabr-toqat va adolat kabi mavzular keng yoritilgan. Bu tamoyillar bugungi yoshlarning ma’naviy kamoloti va dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
1521-yil Hindistonga yurishlari davrida Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid oʻsha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar ham jamlangan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturul-amal sifatida moʻljallangan “Mubayyin”da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati toʻgʻrisida ham sharʼiy mezonlar bayon qilingan. Shu yillarda Bobur Sharq sheʼriyatining asosiy masalalaridan biri aruz vazni, uning nazariyasi va amaliyotiga oid ilmiy risolasini yakunlaydi.
Bobur Hindistonda Boburiylar saltanatiga asos solib, bu hududda madaniyat, fan va san’at rivojlanishiga zamin yaratdi. Uning siyosiy faoliyati yoshlarni ona Vatanga sodiq xizmat qilish, xalq manfaatini yuqori qo‘yish va halollik tamoyillariga rioya qilishga chaqiradi.
Bobur nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari “Boburnoma” ustidagi ijodiy ishini 1518-1519-yillarda boshlagan. Bu asar nafaqat tarixiy voqealar aks etgan manba, balki axloq-odob va insoniylik fazilatlari haqida chuqur mushohadalarga boy ijod namunasi. Ushbu asarda Bobur o‘z davrining siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayoti haqida batafsil tasvir bergan. Ayniqsa, uning tabiatni sevishi va qadrlashi yoshlarni ekologik madaniyatga o‘rgatishning muhim vositasi bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, “Boburnoma” ma’lumotlaridan biz Boburni o‘z ukalari, opa-singillariga gamxo‘r, xola va bo‘lalarining, tog‘alarining, xullas, barcha urug‘larining qadriga yetuvchi andishali inson sifatida taniymiz. Har ikki ukasini o‘zi bilan Kobulga, so‘ng Hindistonga olib ketdi; ularni tarbiyaladi va qadrladi. Pochchasi Mirzoxon Bobur taxtini olganda xolasi tufayli, u o‘limga mustahiq bo‘lsa ham, kechirdi. Farzand tarbiyasi masalasida ham Bobur idrokli ma’rifatparvar, talabchan ustoz maqomidagi padardir. Humoyunga yozgan xatida uning yozuvidagi nuqsonlar, uslubidagi kamchiliklarni qayd etadi; hukmdorga xos bo‘lmagan xilvatparastlikni tanqid qiladi ko‘p bilan ishlash, beklar bilan shug‘ullanish, kengashish shartligini uqtiradi. O‘zi ham otalik baxtidan surur topadi. Maqtovga xasis bo‘lgan Bobur Humoyunning axloq-odobi va kamolotiga juda yuqori baho beradi. Humoyun Mirzo ota-onasini sog‘inib o‘z viloyati Badaxshonni tashlab Ograga keladi. U otasi Boburni shu darajada qo‘msaganki, yirik viloyat hukmdorligidan ota diydorini ustun qo‘yib, poytaxtda qolish mayli borligini odob doirasida bildiradi: “Muhammad Humoyun, bir yili ediki, Badaxshonda diydorlardan ayru tushib edi. So‘ngra bizni soginib, Badaxshonni kuyovi Mirzo Sulaymonga topshirib, bir kunda Kobulga keldi. Mirzo Komron ham Qandahordan Kobulga kelgan ekan. Iydgohda muloqot qilib, hayron bo‘lib, qaytish sababin so‘rabdi. Muhammad Humoyun bizning ishtiyoqimizni aytib, Mirzo Hindolni Kobuldan Badaxshonga yuborib, bizning tarafga yuraberipti. Bir necha kunda poytaxt Ograga yetib, o‘sha soatda, biz uning onasi bilan nomini aytib, so‘zlashib o‘tirib edik, yetib keldi. Ko‘ngullar gul kabi ochilib, ko‘zlar chirogdek yorishdi. Muqarrar har kuni katta ziyofat edi. Bir-birimiz bilan to‘yib-to‘yib suhbat qilardik. Chindan ham suhbatda mislsiz edi va komil inson kim, der edilar, shu edi”.
Ijodga kirishar ekan, Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, u o‘z shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga yetadi. U o‘z his-tuyg‘ularini shunday nozik va nafislik tasvirlab beradiki, uning muhabbat satrlarini o‘qib, insonda ushbu dahoning g‘oyat chuqur va hissiy tabiati haqida tushuncha shakllanadi. Bubur o‘z asarlarida chin, halol, vafodor insonni ulug‘laydi. Adolatli va munosib odamni yuksaltiradi.
Ayniqsa, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishda “Boburnoma”ni o‘qishga rag‘batlantirish juda muhim. Ushbu asar o‘quvchilarni tarixiy tafakkurga, teran tahlil qilish qobiliyatiga va ijodiy fikrlashga o‘rgatadi. Shu bilan birga, Bobur she’riyati yoshlarda vatanparvarlik, madaniy merosga hurmat va milliy g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur – o‘z hayoti, ijodi va ilmiy merosi bilan nafaqat o‘z zamonasida, balki bugungi kunda ham yoshlar uchun namunadir. Uning hayot yo‘li va ilmiy merosi yoshlarni ma’naviy va intellektual rivojlantirish, ularni barkamol shaxs qilib tarbiyalash yo‘lida bebaho manba hisoblanadi. Ayniqsa, Bobur hayotidagi mashaqqatlarga bardosh berib, maqsadga intilishi yoshlarni o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yish va ularga erishish uchun tirishqoqlik bilan harakat qilishga undaydi. Shu sababli, Bobur siymosini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish jamiyatimizning har bir a’zosining vazifasi bo‘lishi lozim.
Rayhona Samandarova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Dinsotsiopsixologiyasi” yo‘nalishi 2-kurs talabasi
Izoh qoldirish