Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlari – millat shamchirog‘i
Mamlakatimiz dunyo tamadduni va ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Ma’naviyatimizning ildizlari bo‘lgan buyuk mutafakkirlarimiz ijodidagi yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ta’sir etadigan qarashlarini keng ommaga targ‘ib qilish ulkan ahamiyat kasb etadi.
Zero, bugun globallashuv davrida milliy va ma’naviy qadriyatlarga – “ommaviy madaniyat”ning tahdidi kuchayib bormoqda. Bu, avvalo, yosh avlodni bilim olish, vatan va yurt ravnaqi, rivojlanishi uchun hissa qo‘shishi lozimligiga raxna solib, yoshlarning ongini turli yot tushunchalar bilan yo‘g‘rilgan illatlar bilan zaharlanishiga olib kelmoqda. Buning to‘laqonli davosi hisoblangan milliy ma’naviy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan ma’naviy-axloqiy tarbiya ajdodlarimizning ibratli hayoti va asarlarida o‘z aksini topgan.
Ma’lumki, XIX asr oxiri – XX asr boshida Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy harakat tarix sahnasiga ma’rifatparvar shaxslar – jadidlarni olib chiqdi. Turkiston jadidchilik harakatining yetakchilaridan bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy serqirra iste’dod sohibi bo‘lgan. U noshirlik, publitsistika, jurnalistika sohasida faoliyat olib borish bilan birga, yangi o‘zbek ziyolilari orasida birinchilardan bo‘lib ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullangan. Behbudiyning maktab darsliklari, ilmiy maqolalari, xususan, til borasidagi fikrlari uning bu yo‘nalishda ham bir qator yutuqlarga erishganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Behbudiy quyi va yuqori maktabning isloh qilinishini millatning isloh etilishiga qiyosladi va uni umummilliy g‘oya deb bildi. Millatga “o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun”, deya murojaat qilib, o‘zi ilgari surgan milliy g‘oyani barcha targ‘ib qilishi zarurligini ta’kidladi. Behbudiyning umummilliy g‘oyasi targ‘iboti uchun milliy matbuot kerak edi. Jadidlar chiqara boshlagan gazeta-jurnallar rosmanasiga fikr almashish, ilg‘or g‘oya va fikrlarni targ‘ib etish, bahslashish maydoniga aylangan, demokratik qadriyatlarni o‘zida aks ettirgan, fikrlar qarama-qarshiligini ko‘tara oladigan, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi tanqidiy maqolalarni yoritadigan matbuot nashrlari edi. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirlik qilgan “Oyina” jurnali ma’rifat va madaniyat tarqatish maqsadida millat va uning haq-huquqlariga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyodagi ahvolga oid turlituman maqolalarni chop etdi. Shuningdek, ayni yo‘nalishlardagi bahslar uchun minbar vazifasini o‘tadi.
Behbudiy nazarida maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u oʻz qabohatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi. “Padarkush” shu tariqa maydonga keldi.
Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildidagi “Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi”, degan yozuv va uning Tiflis senzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni koʻrsatadiki, ish oson koʻchmagan. Pyesa bosilib chiqqandan keyin ham uni sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketdi. Muallif bu haqdagi xatlarga javoban kinoyaomuz: “Turkistonda bekor odam yoʻqki, xalq uchun ishlasa. Bekor kishi yoʻqki, teatru sahnasiga chiqib, “masxarabozlik” qilsa”, deb yozgan edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy g‘oyasining yana bir targ‘ibot quroli, bu – adabiyot edi. Jadidlar Navoiy, Fuzuliy, Sa’diy singari buyuk zotlar hayoti va ijodini chuqur bilgani sababli adabiyotni xalqqa yaqinlashtirishga, uning tilida yozishga intildilar va bu ishni uddaladilar. Ular tomonida ko‘plab asarlar yaratildi. Shulardan biri Behbudiyning “Padarkush” dramasi hisoblanadi. Bu birinchi oʻzbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda boʻlib, oʻqimagan, johil va nodon bolaning oʻz otasini oʻldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini “milliy fojia” deb atagan.
Behbudiy bu asar janrini “milliy fojia“ deb atagan. Shu bilan birgalikda “Padarkush” dramasi orqali o‘zbek teatriga tamal toshini qo‘yildi. Bu asarda u ilmsizlik, jaholatning qanday fojealarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytib o‘tadi. Drama va undagi obrazlar: boy, ziyoli, domla, boyning o‘g‘li Toshmurod hamda uning do‘stlari orqali adib oilada axloqiy tarbiyani naqadar katta ekanini ko‘rsatib bergan.
Ushbu dramaning dastlabki satrlaridanoq Toshmurodning tarbiyasiz ekani aniq sezilib turadi. Uning beodoblik bilan otasi va domla gaplashib o‘tirgan xonaga besalom kirib kelishi, otasini mensimay gapirishi ilmsizlik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligining yaqqol namunasidir. Toshmurodning bunday ahvolga tushib qolishida boyning hissasi katta. Uning ilmga befarqligi, ilm ahlini kamsitishi, albatta, bizda boy haqida yaxshi taassurot qoldirmaydi. Uning bu harakatlari esa oxir-oqibat nodon o‘g‘li uning o‘limiga sabab bo‘lishiga olib keldi. Asarda ilm olish zarurligi va uning foydalari domla hamda ziyoli obrazlari orqali yoritib berilgan.
Bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlar oilada axloqiy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgandagina yuzaga chiqadi. Ma’naviy-axloqiy tarbiya o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi, uni shakllantirish uchun ota-onalar farzandlari bilan shug‘ullanishlari va o‘zlari ham yaxshi xulqatvorga ega bo‘lishlari, shuningdek, o‘z atrof-muhitlariga befarq bo‘lmasliklari lozimdir. Buning aksini biz “Padarkush” dramasi orqali ko‘rishimiz Behbudiyning adib sifatida ma’naviy-axloqiy tarbiya masalasi o‘sha davr kishisi nuqtayi nazaridan ko‘ra olganini ifodalaydi.
Dilnavo TO‘RAYEVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi
Izoh qoldirish