173

Uyg‘onmas ekanmiz, farzandlarimizni o‘zgalar “uyg‘otadi” yoxud ma’naviyatdan yiroqlashgan qalblarni yovuzlik egallaydi

MULOHAZA

Bugungi bolalarning kun tartibini internetsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Internet bolalar hayotiga ilk yoshidanoq kirib kelmoqda. Bunga ota-onalarning oʻzi yoʻl qoʻyib berayotir. Oilalarda onlayn muhit shakllanib, bolalar bilan ota-ona oʻrtasidagi munosabat hamda muloqotlar virtuallashmoqda.

Xoʻsh, bolamizning qoʻliga telefonni berdik, lekin undan qay maqsadda foydalanishni vaqtida oʻrgata oldikmi? Oʻrgatish texnologiyalari ishlab chiqildimi? Javoblar mavhum. Ular internet tarmoqlari orqali oʻzicha oʻrganib, oʻzlashtirmoqda. Demak, bugungi kunda internet “muallim”lari faollashgan. Bizning tarbiyachi muallimlarimiz internet muallimi boʻla olmayapti. Bolalar uchun internet platformalari yaratilmagan. 

Prezidentimiz raisligida joriy yil 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham maktabda davomatga, tarbiyasi ogʻir oʻquvchilarga alohida eʼtibor qaratilishi zarurligi, bunda otaonalar va mahalla raislarining masʼuliyati oshirilishi taʼkidlandi. “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasi ishga tushirilib, bolalarning doimiy onlayn nazoratini oʻrnatish vazifa qilib belgilandi. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar har tomonlama gʻoyaviy-mafkuraviy tahlil qilinib, ularning zararli taʼsiridan himoyalanish va ijobiy tomonidan foydalanish choralari koʻrilishi zarurligi topshiriq sifatida berildi. Shuningdek, ota-onalar uchun farzand taʼlim-tarbiyasi boʻyicha xalqchil tilda qoʻllanmalar tayyorlanishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. “Bu tashabbuslar yoʻlga qoʻyilsa, maktab taʼlimi boʻyicha ota-onada masʼuliyat, oʻqituvchida majburiyat, oʻquvchida ishonch, taʼlim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Virtual oʻyinlar ortidagi fojia

Tahlillarga koʻra, bizga beozor koʻrinayotgan “Kontr”, “Dota”, “Jeta”, “Kontr strayk”, “Warkraft”, “Boy bez pravil”, (“Qoidasiz janglar”), “BloodRayne2” (“Qonli yomgʻir”), “Left4Dead” (“Oʻlimga mahkum etilgan”), “Farcry” (“Uzoqdan taralgan chinqiriq”) virtual oʻyinlari nafaqat yurtimiz farzandlarini, balki butun dunyo bolalarini oʻziga rom etmoqda. Natijada “Bola – bola”, “Ota – oʻgʻil”, “Ona – qiz”, “Jamoa – jamoa” emas, “Bola – kompyuter” muloqot shakli yetakchiga aylanmoqda. Bola, deylik, kuniga 3-4 soat “shuter” oʻynasa, shuncha vaqt tana aʼzolari harakatsiz oʻtiradi. Asablari taranglashib, koʻzlari qizarib, ham jismonan, ham ruhan zoʻriqadi. Bir soat oʻzini eng zoʻr kallakesar killerdek tutadi. Oʻyin ichida ochiqchasiga odam oʻldirmoqda. Oʻyin yakunida u gʻolib yo magʻlub boʻladi. Koʻzlari, qulogʻi va ongi shu bilan qotib bormoqda. Agar u odam oʻldirolmasa, diqqinafas boʻladi. Natijada bolalar kompyuter oʻyinlaridagi kabi odamlar hayotini tuganmasdek his qila boshlaydi. Har qanday ziddiyatli holatlarni faqat kuch bilan hal etish mumkin deb qaraydi. Shuningdek, oʻyin qahramonlari kabi hech qanday xavfdan qoʻrqmaslikni, hayotda hamma narsaga osonlik va kuch bilan erishish mumkinligi, odamlarga beshafqat munosabatda boʻlish kerakligini oʻrganadi.

Mazkur holatlarda nima qilish kerak?

Har qanday muammoning oldini olgan, paydo boʻldimi, gazak olmay, yechim izlagan yaxshi. 

Farzandingiz bilan, avvalo, internetda nimalar qilayotgani toʻgʻrisida gaplashing. U biror foydali ish yoki yangiliklar, chat va yozishma, jarayon bilan mashgʻulmi? U siz va oʻrtoqlaridan koʻra internetni afzal koʻrmayaptimi? Bir kunda necha soatini internetga bagʻishlayapti? Boshqa yumush, vazifalarini tashlab qoʻymadimi? Bularni yaxshiroq oʻrganishingiz zarur.

Ikkinchidan, internet orqali bolangizni kuzating. Horiganmi, zardalilik, bezovtalik, gaplashgisi kelmaydigan kayfiyatdami? Boshi, yelkasi ogʻrimayaptimi? Uyqusi buzilmayaptimi, jismoniy harakatsizlik, ishtahasizlik koʻrinmaydimi? Maktab psixologi, murabbiyi bilan bolangizning oʻqishlari, oʻrtoqlari bilan munosabati haqida surishtiring. “Ichimdagini top”, odamovi boʻlayotganini sezsangiz, mobil telefonidan internetga kirayotgan boʻlsa, bu masalaga yanada jiddiy qarashingiz kerak. 

Uchinchidan, farzand bilan tergovchidek emas, samimiy doʻstdek gaplashishga erishing. Bolangiz bilan u yecha oladigan biror muammo haqida suhbatlashing. Mana shu muammo sizni bezovta qilayotganini tushuntiring. Bolangiz sizga ishonsin. U sizni “meni jazolash uchun tergayapti” degan fikrga bormasin. Masalan, kimdir uning profilini buzib kirib, muammo chiqarayotgan boʻlsa, unga buning sababini koʻrsating. Internetda oʻzini qanday himoyalashini oʻrgating. Bilmasangiz, mutaxassisga murojaat qiling. 

Toʻrtinchidan, bolangizga ijtimoiy tarmoqdan hujum boʻlganmi yoki uni real hayotda biror joyga uchrashuvga taklif qilishganmi? Oʻsha begona shaxs haqida u qanday maʼlumotlarga ega? Xavf-xatarlardan ogohlantiring. Nimalar qilishni va qilmaslikni uqtiring. Bu haqda farzandingizni ham tinglang, qoʻshimcha maʼlumotlarni saytdan olib oʻrganing. Uning tarmoqdagi oʻrtoqlari, tanishlari roʻyxatini, qanday xabarlar aylanayotganini tekshiring. Zarur boʻlsa, maʼlumotlardan nusxa oling. Ertaga bu maʼlumotlar huquq-tartibot organlariga murojaat qilganingizda kerak boʻlib qolishi mumkin. Agar bolangiz sizdan nimalarnidir yashirayotganini sezsangiz, mutaxassislar bilan bogʻlaning. Ular sizga qayerga, qanday shaklda murojaat qilish mumkinligini aytadi.

Beshinchidan, uydagi kompyuteringizga antivirus dasturini va maxsus pochta filtrlarini oʻrnattiring. Faqat litsenziyalangan dasturlardan, ishonchli manbalardan foydalaning. Hech qachon shubhali va notanish manzillardan yuborilgan joʻnatmalarni ochmang. Farzandingizga internetga kirishga ruxsat berishdan oldin uni viruslar, zararli dasturlar, xavfli saytlar, internet firibgarlari, xavflar toʻgʻrisida ogohlantiring. Internetga kirish va foydalanish vaqti, u kiradigan saytlarni aniq belgilab bering. Shuningdek, kuniga 30 daqiqadan ortiq kompyuter oʻynash sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazishi haqida har kuni tushuntirib boring. Masalan, koʻrish qobiliyati pasayib ketishini anglating. 

Oltinchidan, begona maʼlumot paydo boʻlsa, tezda sizga murojaat qilishi shartligini ayting. Onlayn tanishlari bilan sizsiz yoki biror katta kishi yonida boʻlmasa, uchrashmaslikni tushuntiring. Uning kimlar bilan muloqot qilayotganini bilib yuring. Bolangizga internetda qoʻpol, haqoratli soʻzlarni yozmaslikni, oʻqimaslikni oʻrgating. Siz oʻrnatgan qoidalarga farzandingiz amal qilayotganini nazoratga oling. Talablarni uning yoshidan kelib chiqib qoʻying.

Yettinchidan, tobe boʻlgan bolalarga birdaniga kompyuter oʻyinlarini oʻynashni cheklash mumkin emas. Aksincha, kompyuter oʻyinlari oʻynash vaqtini har kuni kamaytirib borish bilan tobelikdan xalos qilinadi. Raqamli dunyoda farzandingiz xavfsizligini taʼminlang. Har bir bola tarbiyasida masʼul ekaningizni unutmang! Internetdan bolalar uchun moʻljallangan mantiqiy fikrlashga undaydigan oʻyinlarni topib, ularni birga oʻynang. Oilaviy qadriyatlar aks etgan filmlar qidirib, ularni farzandlaringiz bilan birga koʻring. Bolalar va yoshlar bilan ularning yoshiga mos keladigan va vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishi kerak boʻlgan mavzularda muntazam, samimiy, ochiq muloqotni tashkil eting.

Moskva davlat universiteti Internetni rivojlantirish jamgʻarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Rossiya bolalari onlaynda” tadqiqotiga koʻra, har beshinchi oʻquvchi kuniga 5 soatdan koʻproq vaqtini internetda oʻtkazadi va soʻrovda qatnashgan har oʻninchi oʻsmir internetda yashashini taʼkidlaydi. Maktab oʻquvchilarining 90 foizdan ortigʻi ota-onalari, oʻqituvchilari yoki yaqin atrofdagi boshqa oqsoqollar nazoratisiz internetga kiradi. Kasperskiy laboratoriyasi tadqiqotchilari esa boshlangʻich taʼlimdagi bolalarning 93 foizi oʻz smartfoniga egaligini aniqladi. Oʻsmirlar esa busiz bir qadam ham bosa olmaydi. Soʻrovda qatnashgan bolalarning deyarli 80 foizi kundalik tartibini ushbu gadjetlarsiz uddalay olmasligini bildirgan. Shuningdek, ushbu laboratoriyaning bolalar internet xavfsizligi boʻlimi rahbari Andrey Sidenko: “Internet bolalar kundalik hayotining bir qismiga aylangani uchun ota-onalari bilan janjali kamaygan. Avvallari bunday nizolar har uchinchi oilada boʻlar edi”, deydi. Shuningdek, internetda zoʻravonlik videolariga duch kelayotgan bolalar, asosan, 7-10 yoshlilardir. Bu yoshdagi bolalar internetni faol oʻrganishni boshlaganida ana shunday videolarga aksariyat hollarda tasodifan duch keladi. Ammo baʼzi bolalar ota-onalariga yoqmaydigan videolarni ataylab tomosha qilishini tan oldi.

Indoneziyadagi statistik maʼlumotlarga koʻra, bolalarning 20 foizi, yaʼni har beshinchisi internet orqali begonalardan bezovta qiluvchi xabarlar olmoqda, hatto toʻgʻridan-toʻgʻri tahdidlarga uchramoqda. Shu sababli tahlilchilar internetda sarflangan vaqtini ota-ona belgilab berishi shartligini taʼkidlamoqda. Yaʼni kichik maktab yoshida kuniga 1 soatdan, katta maktab yoshida 3 soatdan oshmasligi kerak.

Amerikaning Common Sense Media mustaqil tashkiloti tadqiqotlari koʻrsatadiki, koronavirus pandemiyasidan keyingi ikki yil ichida bolalar (8-12 yosh) va oʻsmirlar (13-18 yosh)ning ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi avvalgi toʻrt yildagiga qaraganda tez oʻsgan. 8 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar kuniga oʻrtacha besh yarim soat vaqtini ekran va internetda oʻtkazadi. Oʻsmirlarda bu koʻrsatkich kuniga sakkiz yarim soatdan oshadi.

Oʻsmirlarning 79 foizi ijtimoiy tarmoqlar va onlayn videolardan haftasiga kamida bir marta foydalanishini aytib, ularning 32 foizi “YouTube”siz yashashni istamasligini bildirgan. Boshqa bir soʻrovda esa 12 yoshgacha bolalari boʻlgan ota-onalarning 71 foizi farzandlarining ekran oldida juda koʻp vaqt oʻtkazishidan xavotirda ekanini bayon etgan.

Farzandingizni internetdan ortiqcha foydalanishi quyidagi xavflarni keltirib chiqaradi. 

Uyqusi yetarli boʻlmaydi. Mediadan foydalanish uyquga xalaqit beradi. Yotoqxonasida televizor, kompyuter yoki mobil qurilma boʻlgan bolalar va oʻsmirlar kech uxlaydi. Ekranlardan ogohlantiruvchi kontent uyquni kechiktirishi yoki buzishi va taʼlimtarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Semirib ketadi. Internetdan haddan tashqari koʻp foydalanish semizlik xavfini oshiradi. Kuniga 1,5 soatdan ortiq vaqt internetda oʻtirish 4 yoshdan 9 yoshgacha bolalarda semirib ketish uchun xavf omilidir. 

Oʻrganish va ijtimoiy koʻnikmalardagi kechikishlar. Ota-onalari va oila aʼzolari bilan kam muloqot qilish oqibatida bolalar internetga berilib ketib, ular diqqat, fikrlash, til va ijtimoiy koʻnikmalarda kechikadi. bolalarga yaxshiroq va xavfsizroq onlayn muhitni yaratishga yordam berish uchun moliyalashtirish, muvofiqlashtirishda qator qoʻshimcha chora-tadbirlarni taqdim etdi. Ularning asosiy vazifasi voyaga yetmaganlar, ota-onalar va oʻqituvchilar oʻrtasida xabardorlikni hamda raqamli savodxonlikni oshirishdan iborat. Shuningdek, mazkur strategiya bolalarni internetdagi jinsiy zoʻravonlik materiallaridan asrashga qaratilgan.

Eng asosiy namuna – ota-ona

Internet – taʼlim-tarbiya uchun ulkan imkoniyatlar maydoni. Faqat undan toʻgʻri foydalanish kerak. Har bir ota-ona farzandi mustaqil fikrlovchi, dadil, uddaburon, chuqur bilimli, qatʼiyatli, mehribon boʻlishini istaydi. Bu esa oʻz-oʻzidan boʻlavermaydi. Tarbiyani bir zum ham unutmaslik bilan erishiladi. 

Bola oʻqish-yozishni kitob, daftar bilan, xulq, odob, kuchli xarakterni boshqalar misolida, namunasida oʻrganadi. Ota-ona unga birinchi ibratdir. Agar ota “Ovqatlanishdan oldin qoʻlingni yuv”, deb oʻzi qilmasa, bolangizni qancha urishmang, ong ostida otaga taqlid qolaveradi. Chunki eshitilayotgan talab va u koʻrayotgan hayot orasida ziddiyat paydo boʻladi. Bu ziddiyat unda tushunmovchilik va qarshilikni keltirib chiqaradi. Har bir oilaning oʻz tarbiyaviy tushunchalari, muhiti bor. Shuning uchun boshqalarda qandayligini kuzatib, oʻrganib borish kerak. 

Bolalar taʼlim-tarbiyasida biz maʼnaviy va maʼrifiy uygʻonmas ekanmiz, farzandlarimizni oʻzgalar “uygʻotadi”. Natijada maʼnaviyat va maʼrifatdan yiroqlashgan jamiyatning shakllanishiga sababchi boʻlib qolishimiz mumkinligini anglashimiz kerak. Maʼnaviyatdan yiroqlashgan qalblarni yovuzlik egallaydi, shuni unutmaylik!

Munira QAHHOROVA,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi boʻlim boshligʻi,

falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 12-mart, 51-son

Izoh qoldirish