167

“Yaxshi kishi koʻrmagay yomonliq hargiz…”

“Bobur Hindistonga kelganidan keyin katta siljishlar yuz berdi, yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-biriga tutashib ketdi”.

Javoharlaʼl Neru

Turfa madaniyat va din vakillari oʻrtasida oʻzaro totuvlik hamda bagʻrikenglik muhitini taʼminlab, Hindiston yarimorolida oʻz davrining eng buyuk markazlashgan davlatlaridan biriga asos solgan Boburiylar sulolasi jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan.

Bugungi kunda ushbu sulola haqida soʻz ketganda, hindlar boburiylarni ona yurtini bosib olgan bosqinchi emas, balki ichki kurashlar botqogʻiga botib, mayda davlatlarga boʻlinib ketgan, milliy va diniy asosdagi nizolar avj olgan mamlakatni birlashtirib, hind xalqining qudrati va madaniyatini yuksaltirgan sulola sifatida eslaydilar.

Jumladan, Hindistonning birinchi bosh vaziri Javoharlaʼl Neru boburiylarning mamlakat madaniy taraqqiyotiga koʻrsatgan ijobiy taʼsiri haqida “Bobur Hindistonga kelganidan keyin katta siljishlar yuz berdi, yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-biriga tutashib ketdi”, degan iliq fikrlarni bildirgan.

Temuriylar sulolasining yorqin namoyandasi, noziktaʼb shoir, mohir lashkarboshi va yirik siyosiy arbob Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat boshqaruvi avvalboshdan adolat, ijtimoiy-diniy tenglik, ilm-fan va maʼrifat ustiga qurilgan edi. Hukmronlik yillari siyosiy jihatdan tarqoq boʻlgan Hindistonni birlashtirish yoʻlida kechgan suronli kurash va siyosiy voqeliklarga boy boʻlganiga qaramasdan, ilmiy-adabiy faoliyat bilan ham shugʻullanishga vaqt topa olgan Bobur oʻz atrofiga oʻsha davrning koʻzga koʻringan eng ilgʻor olimlari, shoiru adiblari, ulamolari, meʼmorlari hamda sanʼatkorlarini jamlab, ularga homiylik qildi va shu tariqa keyinchalik mamlakat taraqqiyotida muhim rol oʻynagan ilmiy-madaniy muhit yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu esa, garchi umrining katta qismi turli qiyinchiliklar, ziddiyatlar, mashaqqatli safarlar hamda jangu jadallar bilan oʻtganiga qaramasdan, Boburning ilm-fanni sevadigan, sanʼat va adabiyotni teran tushuna oladigan nozik qalb egasi boʻlganini koʻrsatadi. Uning Vatan sogʻinchi hamda boshqa mavzularga oid lirik sheʼrlari, gʻazal va ruboiylarini mutolaa qilgan odam ham bunga amin boʻladi.

Boburning ilmiy-maʼnaviy merosida uning turkiy tilda yozilgan shoh asari – “Boburnoma” alohida ajralib turadi. Bobur tilidan goʻzal badiiy uslubda bayon qilingan ushbu asar Movarounnahr va Hindiston tarixiga oid muhim etnografik, geografik va boshqa maʼlumotlarni beruvchi muhim ilmiy-tarixiy manba boʻlishi bilan birga, oʻzbek adabiyotining eng nodir durdonalaridan biri hamdir. XVI asrda fors tiliga tarjima qilinib, Sharq olamida keng shuhrat qozongan “Boburnoma” XVIII asrga kelib, Gʻarb sharqshunoslarining ham asosiy tadqiqot obyektlaridan biriga aylandi. Jumladan, gollandiyalik tadqiqotchi Nikolaas Vitsen 1705-yilda birinchilardan boʻlib ushbu asarni golland tiliga tarjima qildi. Shundan keyin “Boburnoma” bir necha marta Yevropa tillariga, jumladan, 1826-yilda ingliz tiliga, 1871-yilda fransuz tiliga, 1942-yilda rus tiliga hamda 1940-yilda turk tiliga tarjima qilindi. Asarni oʻrganish yuzasidan hozirgi kunda ham izchil izlanishlar davom ettirilayotganini alohida taʼkidlab oʻtish zarur.

Asarning oʻziga xos xususiyati shundaki, unda muallif tomonidan oʻta ravon va samimiy bayon uslubi tanlangan. Ingliz sharqshunosi Mauntstyuart Elfinston Boburning “Boburnoma” asaridagi badiiy uslubi haqida toʻxtalib, “Uning shaxsiy his-tuygʻulari har qanday mubolagʻadan yoki pardalashdan xoli, uslubi oddiy va mardona, shu bilan birga jonli va ifodali. Oʻz zamondoshlari biografiyasini, ularning qiyofalari, urf-odatlari, intilishlari, qiziqish va anʼanalarini koʻzguda aks etgandek ravshan tasvirlaydi. Bu jihatdan “Boburnoma” Oʻrta Osiyodagi yagona chinakam tarixiy tasvir namunasidir”, deb yozadi. Haqiqatan ham, oʻzi bilan sodir boʻlgan voqea-hodisalarni tasvirlar ekan, Bobur ularga ulkan bir davlatning hukmdori sifatida emas, balki jarayonlarning oddiy ishtirokchisi sifatida yondashadi. Oʻzini ulugʻlashdan qochib, voqelikka xolis baho berishdan, yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarini ochiq eʼtirof etishdan tortinib oʻtirmaydi. Bu esa Boburning haqiqatan ham dilbar shaxs boʻlganini yana bir marta tasdiqlaydi.

Bobur oʻzbek adabiyoti rivojiga, xususan, uning jahonga tanilishiga bebaho hissa qoʻshgan. Shu bilan birga, u islom fiqhi va boshqa sohalarga oid asarlar ham yozgan. Jumladan, uning 1522-yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan “Mubayyin” nomli asarida shariatga koʻra soliq yigʻish tartib-qoidalari va miqdorlari nazmiy uslubda bayon etilgan. Bundan maʼlum boʻladiki, Bobur islom ilmlari, xususan, fiqh va tasavvuf ilmlaridan ham yaxshi xabardor boʻlgan. Bobur va boburiylarning saʼy-¬harakatlari natijasida Hindiston musulmonlari orasida hanafiy-moturidiylik taʼlimoti keng quloch yozdi. Mamlakatdagi madrasalarning taʼlim tizimiga movarounnahrlik allomalardan Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya”, Abul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din”, Abul Barakot Nasafiyning “al-Manor”, Ubaydulloh ibn Masʼudning “Sharh al-viqoya” asarlari asosiy darslik sifatida kiritildi. Boburiylar tomonidan tamal toshi qoʻyilgan ushbu bogʻ bugungi kunda ham oʻz mevasini berib, Hindiston diyori musulmon olamiga yetuk hanafiy olimlarni yetishtirib bermoqda.

Bugungi kunda yurtimizda Bobur siymosiga munosib ehtirom koʻrsatilib, uning hayoti va ilmiy-adabiy merosini chuqur oʻrganish, uni jamoatchilikka keng targʻib qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekis¬ton Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Boburning yoshlik davriga bagʻishlangan “Yoʻlbarsning tugʻilishi” badiiy filmi ekran yuzini koʻrdi, uning hayoti va ijodiga doir oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi “Bobur ensiklopediyasi”ning toʻldirilgan uchinchi nashri, “Bobur” kitob-albomi, Bobur asarlari lugʻati, Bobur devonining mukammal nashri chop etildi.

Bobur hayotiga nazar soladigan boʻlsak, uning doimo atrofdagilarga yaxshilik ulashgani, davlat boshqaruvida adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilgani, oʻzidan faqat yaxshi nom qoldirganiga guvoh boʻlamiz. Uning ruboiylaridan birida “Yaxshi kishi koʻrmagay yomonliq hargiz”, deb oʻrinli taʼkidlanganidek, bugungi kunda butun dunyo ahli uning yaxshiliklariga javoban, unga nisbatan alohida hurmat-ehtirom bilan munosabatda boʻladi, uning gʻazal va ruboiylari zavq bilan sevib mutolaa qilinadi, asarlari jahonning turli tillariga qayta-qayta tarjima qilinadi, unga atab badiiy asarlar, ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Aziz TAJIYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Manba: “Hurriyat” gazetasi 2024-yil 14-fevral, 7-son

Izoh qoldirish