Til – millat gʻururi, milliy oʻzlik asosi
Jamiyat maʼnaviy takomilida tilni milliy iftixor sifatida anglash tuygʻusi mujassam boʻlib, unda xalqning yaxlitligi, oʻzligi, gʻururi oʻz ifodasini topgandir. Oʻz ona tiliga ega millat oʻz davlatchilik tarixi, milliy oʻzligi, yuksak qadriyatlariga ega xalqdir.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”, deya oʻzbek tilining maʼnaviy qimmati, milliy xususiyatlarimizni ifodalashdagi oʻrnini alohida taʼkidlagan edilar.
Darhaqiqat, bugungi kunda, oʻzbek tili nufuzini oshirish, uni yanada takomillashtirish borasida dolzarb va siyosiy ahamiyatga molik islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va farmon asosida Davlat tilini rivojlantirish va takomillashtirish borasidagi qator ishlar buning yaqqol dalilidir. Til sofligini saqlash, ilmiy asoslangan soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, adabiy til normalari asosida faoliyat olib borishni tashkillashtirish ishlarining qonun hujjatlari doirasida belgilanishi muhim va zaruriy vazifalardan boʻldi. Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi va departament tomonidan tilni rivojlantirish, uning nufuzini oshirish boʻyicha qator maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Zero, til millatning yaxlitligi, milliy birligi, maʼnaviy jihatlarini koʻrsatadigan muhim va asosiy mezon hisoblanadi.
Bejiz, XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Oʻrta Osiyoni mustamlaka qilishda maʼnaviy jihatlardan biri sifatida tilni yoʻqotishga intilish boʻlmagan. Chunki millatni millat ekanini til, din va milliy qadriyatlar koʻrsatadi va insonning oʻzligini koʻrsatib turadi. Shu jihatdan “Uchinchi renessans” sifatida eʼtirof etilayotgan bugungi yangi davlatchilik jamiyatida milliy xususiyatlar, maʼrifiy jihatlar yuqori bosqichga olib chiqilayotganligini alohida taʼkidlash lozim. Bu rivojlanishda ona tiliga tayanish kerakligini Prezidentimiz alohida taʼkidlab, “Bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”, degan edilar. Ayni damda, buning amaliy ifodasining muhim va xalqaro ahamiyatlisi sifatida Davlat rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida taʼsirchan nutq soʻzlashi oʻzbek xalqi, millat nufuzi uchun misli koʻrilmagan yutuq boʻldi. Dunyo nigohi qadalgan Xalqaro tashkilot minbarida ilk bor oʻzbek tilida nutq irod etilishi oʻzbek xalqining maʼnan boy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk daholarni yetishtirgan tabarruk zamin, oʻz tiliga ega yurt ekanligini koʻrsatish barobarida oʻzbek xalqining ruhi, teran tafakkuri hamda ildizi maʼnaviyat chashmasidan oziqlangan millat ekanligini yaqqol namoyon etdi.
Bu anʼana davom ettirilgan holda 2023-yil 19-sentabr kuni mazkur xalqaro tashkilotning navbatdagi 78-sessiyasida ham ona tilida mazmunli nutq soʻzlanishi millat gʻururi, uning jipsligi, milliy yaxlitligini yana bir bor namoyon etdi. Albatta, bu jarayon yurtimizda davlat tiliga boʻlgan eʼtibor, uning nufuzi va mavqei hamda qadr-qimmatini oshirish, rivojlantirish va yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy ifodasi boʻldi.
Maʼlumki, bugungi davr maʼnaviy, maʼrifiy va ilmiy sohada yuqori bosqichga yetgan yuksalish, maʼnan takomillashish davridir. Bu yuksalish va takomil til, din, maʼrifat va milliy qadriyatlarga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻlayotganiligini koʻrish mumkin. Shunday ekan, maʼnaviy yuksalish jarayonlari ketayotgan davrda har bir inson oʻz aqlu zakovati, ilmiy salohiyati, maʼnaviy xususiyatlari bilan munosib hissasini qoʻshishi lozim. Zero, davlat rahbarining oʻzbek tiliga alohida hurmat va eʼtibori sifatida davlat ahamiyati darajasida vazifalar belgilanishi olimlar, ilm ahli va umuman har bir oʻzbek fuqarosi zimmasiga masʼuliyatli vazifalar yuklaydi.
Shu jihatdan, har bir inson ilmi, aqlu zakovati bilan oʻzbek tilining betakror boyligini koʻrsatish uchun saʼy-harakat qilishi, ona tilini sofligi uchun qaygʻurishi, til millat koʻzgusi ekanini anglagan holda kelgusi yosh avlod ong-u shuurida milliy tilga sadoqat tuygʻusini shakllantirishi lozim. Ayniqsa, oʻzbekcha nomlarni isteʼmolga kiritish boʻyicha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida “Oʻzbekcha nom yaratish” (neyming) laboratoriyasi tashkil etilishi va mazkur laboratoriya oldida tilimizni yanada boyitish, yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritishga doir qator xayrli ishlarni amalga oshirish vazifalari turganligi, quvonarli holdir.
Darhaqiqat, oʻzbek millatining tili oʻziga xos va betakror boʻlib, unda shu xalqning ruhi, tuygʻulari, dardi va oʻy-xayollari yashaydi. Uning jozibasi, latofati ham shunda. Ana shu joziba kuchini Prezident Shavkat Mirziyoyev betakror fikrlar orqali “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”, deya taʼrif etgan edilar.
Albatta, ona allasi, ibratli oʻgitlar, milliy ertaklar, bebaho asarlar orqali bola dunyosiga, uning pokiza qalbiga goʻzal tilning jozibasi singib boradi. Ana shunday tuygʻu asosida ulgʻaygan avlodda vatanparvarlik, insonparvarlik, yurt tinchligiga dahldorlik hissi yuqori boʻladi. Oʻz ona tiliga hurmati yuqori insonda esa, yuksak insoniy sifatlar mujassamini koʻramiz. Bunga oʻtgan asr boshlarida yashagan maʼrifatparvarlar faoliyatini tilga olish mumkin. Shunday buyuk ajdodlarga munosib avlod sifatida millat iftixori, gʻururi boʻlgan til sofligini asrashimiz, soʻzlar xilma-xilligi va maʼno jozibasini koʻrsatishimiz lozim. Shundagina, davlat tomonidan oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborni yanada mustahkamlagan holda qoʻllab quvvatlagan hamda ona tilimizdek bebaho millatimiz mulkini asragan va bu kelgusi avlodga sof holda yetkazishga munosib hissa qoʻshgan boʻlamiz. Zero, til – millat gʻururi, milliy oʻzlik asosidir.
Lola AZIMOVA,
“Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Izoh qoldirish