299

Ona tili – millatning ruhi, or-nomusi

Bugungi kunda dolzarb masalaga aylanib kelayotgan aksar muammolar – o‘zbek tiliga ko‘rsatilayotgan ba’zi e’tiborsizliklar tufayli kelib chiqmoqda. Joriy yilda esa tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 34 yil to‘ladi! 

Bu degani yangi O‘zbekiston o‘zining davlat tili, ya’ni o‘zbek tiliga ega va barcha hamyurtlarimiz bu tildan to‘laqonli foydalana olishi mumkin. Biroq biz hamon o‘z tilimiz bo‘la turib, boshqa tilni afzal bilyapmiz. Yoshlar orasida chet tillarini o‘rganish ommalashib ketdi. Shunga ko‘ra, tilimizga boshqa tillardan so‘zlar ham o‘zlashdi. Ammo bu so‘zlarni tilimizda muqobil tarjimasi bo‘la turib, ko‘pgina insonlar ulardan foydalanishni istashmaydi, ba’zilari esa o‘zbek tilidagi tarjimasini mutlaqo bilmaydi. 

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tilni buzib gapirish, unga rus, ingliz va boshqa tillarga mansub so‘zlarni qo‘shmasdan suhbat qurish an’anaga aylana boshladi. Bizningcha, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarga diqqat qilsak, siz-u biz tushuna olmaydigan so‘zlardan foydalanilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ulardan ba’zilari ingliz tiliga: “Hater” (nafratlanuvchi, yomon ko‘ruvchi), “Negative/Positive”(salbiy/ijobiy), “OMG” (yo xudoyim), “See you” (ko‘rishguncha), ba’zilari rus tiliga: “Да” (ha), “Такой” (shunday), “Реально” (haqiqatan ham), “Подписчики” (obunachilar), ba’zilari esa, umuman tushunib bo‘lmaydigan “til”ga ya’ni qisqartmalarga mansub: “BN” (bilan), “KN” (keyin) va boshqalar. Ular nafaqat turli yozishmalarda ishlatilmoqda, balki og‘zaki nutqqa ham ko‘chib bormoqda va  hatto bu borada qisqartmalarni ham aytish mumkin.

Afsuski, muammoning yechimiga jiddiy qaralmayotgani atrofga birgina nazar tashlashdayoq ko‘rinadi. Hayotimizda eng ko‘p foydalanadigan ommaviy axborot vositalari – televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘chalardagi turli e’lonlarda, ishxona hujjatlari, tibbiy varaqalar, ma’lumotnoma va boshqalarda nutqning me’yorlari unutib qo‘yilgani, tilimizga davlat tili sifatida qaralmayotganini misol sifatida ayta olamiz. O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, degan moddasini esa unutib qo‘ygandekmiz. 

Televideniyega uzatilayotgan ko‘rsatuvlar, film va seriallar, reklamalar, intervyu va reportajlar adabiy tilga muhtoj. Xalq esa ularni tomosha qiladi va o‘z-o‘zidan adabiy til unutila boshlaydi. Ko‘chalarda duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday yozuvlar davlat tili qanday o‘rinlarda ekanidan dalolat berib turadi. Turli do‘kon, tashkilot nomlari, e’lonlar davlat tilidan boshqa tilda yozilgan, o‘zbek tilida yozilganlari ham imlo xatolariga to‘lib yotibdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning aynan o‘zbekcha nom olganini ham deyarli ko‘rganimiz yo‘q. Shifoxonalarda esa tibbiy varaqa aynan qaysi tilda ekanini anglab bo‘lmaydi (tibbiy terminlar nazarda tutilmayapti). To‘ldiriladigan varaqa o‘zbek tilida ishlab chiqilgan, bemor ma’lumotlari rus tilida to‘ldiriladi yoki aksincha. Dori retseptlariga esa “1 mahal, ovqatdan so‘ng”, deb yozish o‘rniga “1 раз в день, после еды”ni yozib qo‘ya qolishadi. 

Ko‘pgina ish hujjatlari ham shu ko‘rinishda, aynan rus tilida yuritiladi. Biror joyga ishga kirmoqchi bo‘lganingizda esa ma’lumotnomangizda rus tilini (bugungi kunda ingliz tilini ham) bilish yoki bilmasligingizni kiritib o‘tasiz, bu sizning ishga qabul qilinish yoki qilinmasligingizni belgilab beradi. Bulardan xulosaga kelish mumkinki, davlat tilining qadrini faqatgina tilshunos, adabiyotshunos mutaxassislar bilishi kerak ekan-da? To‘g‘ri, hamma ham butun umri davomida adabiy tildan foydalanmaydi, ammo nutq madaniyati, qayerda qanday til normalariga rioya etishni bilish har bir inson uchun yuzaga keladigan kundalik ehtiyojlar sirasiga kirishi kerak. Shuning uchun ham bugun darsliklarga bu mavzular kiritib o‘tilgan, endi esa uni to‘laqonli qabul qilish, singdira olish vazifalari ham o‘rgatuvchi ham o‘rganuvchi uchun muhimdir. 

Shuningdek, nutq madaniyati deganda, faqatgina adabiy til normalariga rioya etgan holda so‘zlashni tushunish kerak emas. Nutqning to‘g‘riligi faqat uning grammatik me’yorlari bilan o‘lchanmaydi. Jumladan, bu borada olim Skvorsov “Nutq madaniyati” tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo‘lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug‘ullanuvchi sohadir”, degan edi.

Nutq gapirilayotgan vaqti, o‘rniga qarab badiiylikni, ilmiy va rasmiy xususiyatlarni o‘zida mujassam ettirishi lozim. Siyosiy yig‘ilishlarda, ish joylarida badiiy she’r yoki hikmatlardan so‘zlab ketish, hurmat bilan gapirilishi kerak bo‘lgan insonga mensimay muomala ko‘rsatish har kimni ham e’tiborini tortadi va buni yaxshi deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri nutq uslubini tanlay olish va fikrni aniq, ravon ifoda etish esa hammaning ham qo‘lidan keladigan ish emas.

Inson qadri, unga bo‘lgan muomala qadim zamonlardan beri uning aytgan gaplari, so‘zi bilan o‘z qadrini topgan, go‘zal nutq sohiblari e’zozlanib, hatto ulardan dars olishgan. Bugun esa negadir bu vaziyatning aksini ko‘rmoqdamiz, balki bu o‘z tilimizni o‘rganishning asl mohiyatini tushunmaslikdandir. Ba’zi o‘quvchilar nafaqat ona tilimizni, balki boshqa “o‘ziga foydasiz” fanlarni keraksiz hisoblab, ularni o‘rganishdan bosh tortishmoqda. Ulardan “Ona tili nima uchun kerak?”, “Nega men o‘zim gaplasha oladigan tilni “qaytadan” o‘rganishim kerak?” degan savollarni ko‘p eshitmoqdamiz. Biroq shu kungacha, ushbu savollarga javob topishga kimdir urinib ko‘rdimikin?! 

Insonlar hayotlari mobaynida adabiy tilga ko‘p ham duch kelavermaganliklari uchun undan ko‘p ham foydalanishmaydi. Shu sabab ham adabiy tilni oddiy insonlar hayotiga, kundalik turmush tarzida eng ko‘p duch keladigan narsalariga olib kirish, qaysidir ma’noda, muammoga yechim sifatida ilk qadam bo‘lishi kerak. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, odamzot, avvalo, oiladan va ustozlaridan ko‘rgan tarbiya orqali o‘zini, madaniyatini va xulqini namoyon etadi. Har bir inson atrofidagilarni isloh qilishdan avval, o‘zini ham to‘g‘rilashi kerak. Boshqalarni to‘g‘ri gaplashish, nutq va muomala madaniyatiga o‘rgatgandan ko‘ra, bu jihatlarni o‘zi ko‘rsata bilishi – muammoning ham samarali, ham osonroq yechimi bo‘ladi.

E’zoza ABDUNABIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” yo‘nalishi 2-kurs talabasi

Izoh qoldirish