236

Maʼrifat binosin tiklar ezgulik gʻishti

MUNOSABAT

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uygʻun holda “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi asosida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizdagi ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik, hamjihatlik va tinch-totuvlik gʻoyalari asosiga qurilgan.

Yaqinda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nutqini eʼtibor bilan tingladim. Nazarimda, davlatimiz rahbari zamonaviy dunyoda insoniyat oldidagi barcha muammo va tanazzullarning yechimi ulugʻ mutafakkir bobomiz Imom Buxoriyning “Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay” degan hikmatlarida ekanini yana bir bor jahon bosh minbarida qayta uqtirgandek boʻldi.

Binobarin, maʼruzada oshkora aytilganidek, mazkur anjuman jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilib, xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish kuchayayotgan, geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yoʻlida yangi toʻsiqlar vujudga kelib, hatto iqlim oʻzgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor masalalarda ham oʻzaro hamfikrlik izdan chiqqan davrda oʻtkazilayotgani global dunyoning nechogʻliq xavfli nuqtaga kelganidan darak bermoqda.

Bu esa dunyo mamlakatlari, xalqlar va insonlar oʻrtasida hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni har qanday ziddiyatdan ustuvor qoʻygan holda, doʻst-inoq boʻlib birlashish gʻoyasi har qachongidan ham dolzarb ekanini koʻrsatmoqda. 

Bu borada Oʻzbekiston tomonidan mamlakatimizning tashqi siyosati, iqtisodiy, taʼlim-fan, maʼnaviy-maʼrifiy, huquqiy erkinlik va diniy bagʻrikenglik sohalaridagi islohotlari samarasi aniq misol-u dalillar asosida isbotlangani dunyo hamjamiyatining yurtimizga eʼtibori hamda hurmatini yana bir karra oshirgani shubhasiz.

Zotan, yurtimizda huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlatni barpo etish borasidagi qatʼiy va uzoqni koʻzlab olib borilayotgan izchil siyosat asosida “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya ustuvor boʻlib bormoqda. Shunga hamohang tarzda mamlakatimizda inson haq-huquqlarini taʼminlash orqali uning jamiyatda oʻz munosib oʻrnini topishiga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Buni esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz hamma uchun ochiq va sifatli taʼlimni kambagʻallikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz”, degan fikrlari mazmunidan anglab olish mumkin. Aslida, majburiy va bolalar mehnatiga qatʼiy iroda bilan barham berilishi, yaʼni millionlab hamyurtlarimiz qatorida oʻqituvchi va shifokorlar, ayniqsa, maktab oʻquvchilarining “paxta qulligi”dan ozod etilishi yuqorida sanaganimiz – adolat va ilm-maʼrifatning qadr topgani emasmi?! 

Bu esa mamlakatimiz yuzini dunyoga yorugʻ koʻrsatib, yosh avlod ertangi kelajagiga mustahkam poydevor qoʻyishiga kuch-quvvat bagʻishlamoqda. Bolalarning sogʻlom dunyoga kelishi, baxtli oila bagʻrida, yorugʻ va shinam xonadonlarda kamol topishi uchun sogʻliqni saqlash, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning butun eʼtibori qaratilgan. Taʼlim-tarbiyaning bolaga ilk yoshidanoq zamonaviy talab va standartlar asosida berilishi uchun oʻtgan olti yilda maktabgacha taʼlimdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga yetkazildi. Ushbu tafovutli ikki raqam ortida millionlab bolalarning baxtli kelajagi borligini farzandi quvonchi va ilk kichik yutugʻidan sevingan har bir ota-ona chuqur his etishiga aminman.

Maktab taʼlimi tizimidagi yangiliklar yanada qamrovli va zalvori ulugʻ, desak, qiyosan xato boʻlmaydi. Zero, soʻnggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. Yangi uslub va mazmundagi darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalari yaratildi. Oʻqituvchi-murabbiylarning mehnat sharoitini yaxshilash, malakasini oshirish va albatta, munosib ish haqi toʻlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Yorugʻ orzular va ulugʻ maqsadlar bilan maktablarni bitirgan yoshlarning qariyb 90 foizidagi ezgu umidlar bir baxyada soʻnishiga koʻp yillar koʻnikib yashaganimiz ham, afsuski, achchiq haqiqat. Bunday vaziyat ortidan mamlakatda ilm-fan, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat va maʼrifat tanazzuli keskinlashib, jamiyatda iqtisodiy-ijtimoiy muammolar urchishi tabiiy edi...

Ming shukrki, bugun ushbu ogʻir vaziyat ham toʻgʻri va adolatli qarorlar asosida oʻnglanmoqda. Jumladan, hozirda yoshlarimizning oliy taʼlimga qamrovi 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030-yilga qadar har bir bolaning bogʻchaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki oʻquvchining biri oliygohda oʻqishi uchun imkoniyat yaratilishi borasidagi mujdalar har bir yurtdoshimiz qatorida mening qalbimni ham faxrga toʻldiradi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya koʻprigiga aylanib, unga qiziqish va eʼtibor tobora ortib bormoqda. Davlatimizning yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish yoʻlidagi siyosati katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa uzoq-yaqin qoʻshni va birodar davlat hamda xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlab, savdo va iqtisodiy barqarorligimizni taʼminlashga xizmat qilmoqda. 

Albatta, davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh minbaridan oʻzbek tilida yangragan nutqida dunyodagi global muammolar qatorida ularning oqilona yechimlariga doir qator takliflar ham ilgari surildi. Shubhasiz, unda ham, eng avvalo, yosh avlodning ilm-maʼrifatga intilishini qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarni eʼzozlash hamda sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishining oldini olish boʻyicha mushtarak maqsadlarni birlashtirishdek ezgu fikrlar mujassam boʻldi. Ayniqsa, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish borasida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgani taʼkidlangan holda, bu saʼy-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhimligi ham aytib oʻtildi.

Shuningdek, ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikda kurashish borasida yurtimiz tajribasi oʻrtoqlashilib, yanada samarali faoliyat yuritishda hamkor, hamfikrlikning dolzarbligi koʻrsatib oʻtildi. Ayniqsa, soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmasligi oliy minbardan yana bir bor dadil qayd etildi. Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklifi esa barchaning eʼtiborini tortgani shubhasiz.

Zotan, maʼruzada taʼkidlanganidek, “...Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz”.

Albatta, ushbu tashabbuslarda ham ilm-maʼrifat va tinchlik-totuvlik bir oʻzakda ifodalangani yurtimizda, tom maʼnoda, Uchinchi Renessans poydevori mustahkamlanayotganini dunyoga yana bir bor ovoza qildi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining bu dadil qadamlari ayni davr tarixini yaratayotgan maʼrifat binosiga qoʻyilayotgan ezgulik gʻishtlaridir, desak adashmagan boʻlamiz. 

Bahodir JOVLIYEV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023-yil 10-oktabr, 209-son

Izoh qoldirish