Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt
30-IYUL – XALQLAR DO‘STLIGI KUNI
Jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.
Konstitutsiyamiz ham yurtimiz fuqarolari millati, dini, irqidan qatʼi nazar, yagona Oʻzbekiston xalqini tashkil etishini, shu zaminda yashovchi barcha millat va elatlar tili, urf-odat va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishini kafolatlaydi.
Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoniga muvofiq tasdiqlangan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da ham aynan jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bagʻrikenglik qon-qoniga singib ketgan xalqimiz azaldan barcha millat vakillari bilan ogʻa-ini, doʻst-birodar boʻlib yashab keladi. Shoʻrolar zamonida qatagʻon-u quvgʻinga uchragan, Ikkinchi jahon urushida evakuatsiya qilingan turli millat vakillariga oʻz uyidan boshpana berdi, ogʻir damlarda bir burda nonini ular bilan baham koʻrdi. Bu oʻzbekona fazilatlardan bahramand boʻlgan koreys, nemis, turk, polyak, grek, qrim-tatar va boshqa millatlarga mansub kishilarning koʻpchiligi shu elda doimiy qoʻnim topdi, xalqimizga xos doʻstona munosabatlar bois, qaddini tikladi. Ularning zurriyodlari ham shu zaminda taʼlim-tarbiya olib voyaga yetdi, oilali boʻldi, obroʻ-eʼtibor qozondi.
Millatlararo totuvlik istiqlol yillarida yanada mustahkamlandi. Xalqimizning ming yillik anʼanalari, azaliy qadriyatlari qatorida millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik xislatlari yanada yaqqolroq namoyon boʻldi.
Yurtimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham 30 dan ziyod turli millat va elat vakillari oʻzaro tinch-totuv yashab, el-yurt ravnaqi, mamlakat farovonligiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Asosan, Qarshi shahri hamda Mirishkor, Dehqonobod, Kitob, Shahrisabz, Nishon tumanlarida istiqomat qiluvchi bu vatandoshlarimiz nufusi 247 ming 299 nafar boʻlib, viloyat aholisining 7,1 foizini tashkil etadi. Ularning taʼlim olishi, oʻz qiziqish va layoqati boʻyicha kasb-hunar egallashi, madaniyat, urf-odat, anʼanalarini saqlashi hamda rivojlantirishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan.
Ular davlat boshqaruvi, iqtisodiy-ijtimoiy hamda madaniy jarayonlarda keng va erkin ishtirok etib kelmoqda. Xususan, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida munosib hissa qoʻshgani uchun turli millatga mansub 62 nafar yurtdoshimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, xalq xoʻjaligining koʻplab sohalarida turli millat vakillari boʻlgan 100 dan ziyod kishi rahbarlik lavozimlarida ishlab keladi.
Ayni paytda viloyatda rus, tatar, boshqird, turkman, tojik, arab milliy madaniy markazlari hamda tojik markazining Dehqonobod tumani boʻlimi faoliyat koʻrsatadi.
Ushbu markazlar faoliyati samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida viloyat markazida barcha shart-sharoitga ega boʻlgan “Doʻstlik uyi” qad rostladi, turli millatlar urf-odati, anʼanalari, madaniyatini oʻzida aks ettirgan muzey tashkil qilindi. Shu bilan birga, milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Mamlakatimizda keng nishonlanadigan Navroʻz, Mustaqillik umumxalq bayramlari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun kabi muhim sanalarga bagʻishlangan ommaviy tadbirlarda “Sudarushka”, “Al-Arabiya”, “Quyosh” kabi milliy-madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan milliy-etnografik guruhlar faol ishtirok etmoqda. Ularning chiqishlarida ham yurtimizdagi millatlararo totuvlik, hamjihatlik oʻz aksini topadi.
Har bir millatning tili uning uchun tengsiz xazina. Shu bois, viloyatda millat va elatlarning oʻz tillarini asrashi, oʻrganishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, hozirgi kunda viloyat boʻyicha 29 ta maktabda dars mashgʻulotlari tojik tilida, 2 ta maktabda esa rus tilida olib borilyapti. Shuningdek, 55 ta maktabda 2500 dan ortiq malakali oʻqituvchi aralash tillarda mashgʻulotlar oʻtayotgani, oʻquvchilar dasliklardan tashqari boshqa tillardagi adabiyotlar bilan taʼminlangani ham bu boradagi faoliyatning samarasidir. Viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari oʻzbek tilida erkin soʻzlasha oladi, ularning milliy urf-odatlari ham qadrlanadi, hurmat qilinadi.
Ayniqsa, milliy-madaniy markazlar tomonidan oʻquv yurtlarida, mahallalarda oʻtkazilayotgan uchrashuvlar, suhbatlar va turli tadbirlar millatlararo hamjihatlikni taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda. Xususan, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda” kabi shiorlar ostida tashkil etilayotgan festivallar koʻp millatli voha aholisining chinakam doʻstlik bayramiga aylanib ulgurgan.
Albatta, yurtimiz yer yuzidagi turfa xil madaniyatlar gullab-yashnayotgan mamlakatlardan biri ekani har bir oʻzbekistonlikka gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Zero, koʻpmillatlilik va koʻpmadaniyatlilik – bizning milliy boyligimiz. Oʻzbekistonni oʻz Vatani deb bilib, uning taraqqiyoti yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz buni teran his qiladi, anglaydi.
Davron SHODMONOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 29-iyul, 150-son
Izoh qoldirish