Amallar maqbul, duolar ijobat bo‘ladigan kunlar muborak!
MAQOLA
Zulhijja oyi hijriy sananing so‘nggi oyi hisoblanib, bir qancha fazilatlarga egadir. Jumladan, bu oy urush harom qilingan oylardan, mo‘minlar haj amalini ado etadigan oydir. Butun islom ahli muborak Qurbon hayiti bayramini nishonlaydi, qurbonliklar qilinadi.
Alloh taolo Qur’oni karimning Fajr surasida marhamat qilib: “Tongga qasam. (Zulhijja oyining avvalgi) o‘n kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, degan.
Oyatdagi “juft” dan murod, zulhijja oyining o‘ninchi kuni, “toq” dan murod esa to‘qqizinchi kunidir. Mufassirlar Alloh taolo Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni bilan qasam ichgani uchun ham fazilatli, deydilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zulhijja oyining o‘n kunidagi amaldan ko‘ra afzalroq amal yo‘qdir”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati). Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo nazdida biror kun va u kunlarda qilingan amal ushbu o‘n kundagi amaldan afzal bo‘lmas. Bas, bu kunlarda tahlil va takbirni ko‘paytiringlar. Chunki, bu tahlil, takbir va Allohning zikr qilish kunlaridir. Bu kunlarda bir kunlik ro‘za bir yilgi ro‘zaga barobar bo‘ladi. Bu kunlarda qilingan bir amalga yetti yuz barobar (ajr) ko‘paytirib beriladi”, dedilar (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Arafa kuni haj amallarini ado qilayotgan (bo‘lajak) hojilar Arafot maydonida toat-u ibodat, duoyu iltijolar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafa kuni tutilgan ro‘za haqida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi o‘zidan avvalgi bir yil va o‘zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Zulhijjaning o‘ninchi kuni – Iyd al-Adho, ya’ni Qurbon hayiti kuni! Hayit xursandchilik bayrami. Unda ota-ona va ahli oila, farzandlar shirin so‘z va hadyalar bilan quvontirish, shuningdek, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilib holidan xabar olish, sovg‘alar ulashish kabi qalblarga surur bag‘ishlash dinimizda maqtalgan amallardan.
Qurbon hayiti – musulmonlarning shodu-hurramlik, ko‘ngil olish, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-biri bilan diydorlashuv bayramidir. Uni shariat talablariga muvofiq, hush kayfiyatda o‘tkazish maqtalgan amallardan.
Hayit bayrami kunida biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar ham bir-biriga quchoq ochsa, o‘zaro uzr so‘rasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki kechirimli va mehr-shafqatli bo‘lish har bir musulmon uchun ham qarz, ham farzdir.
Qurbon hayitining yana bir fazilatidan biri nisobga ega musulmonlarga qurbonlik qilishlaridir. Qurbonlik so‘zining o‘zagi “qurbon”, arabchadan tarjima qilinganda “yaqinlashish” degan ma’noni bildiradi. Demak, har bir qurbonlik qiluvchi musulmon kishi, albatta, Allohga yaqin kishilardandir.
Qurbonlik qilish – “Alloh taologa yaqin bo‘lish niyatida maxsus vaqtda, xos bir hayvonni so‘yish”dir. Qurbonlik qilinadigan “maxsus vaqt” degani – Zulhijja oyining o‘ninchi (ya’ni qurbon hayiti kuni), o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlaridir. Uning oxirgi vaqti Zulhijjaning o‘n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan nihoyasiga yetadi.
Barchamizga kirib kelayotgan muqaddas Qurbon hayiti bayrami muborak bo‘lsin! Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi
Manba: O‘zA
Izoh qoldirish