428

Jonidan o‘zga vafodor topmagan shoh va shoir

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDINING 540 YILLIGIGA

Bu yil mamlakatimizda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buyuk mutafakkirning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hayotda har bir sulola vakillari ulug‘ shaxslar, buyuk insonlarni yetishtirib berganliklari bilan faxrlanadilar. Temuriylar ham tarixda yuzlab buyuk arboblar, allomalar, shoirlar, adiblar, muarrixlar, ulug‘ shaxslarni yetkazib bergan sulola hisoblanadi. Ular dunyo tamadduniga nihoyatda katta hissa qo‘shganlar. Shuning uchun dunyo qadimshunoslari temuriylar davrini “Sharqning ikkinchi Renessansi – Uyg‘onish davri” deb e’tirof etadilar. Ana shu sulolaning buyuk vakillaridan biri, shubhasiz, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburdir.

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir.

Manbalarda shahzodalarning bolalik davri o‘qish, yozish, ilm olish va harbiy sohani o‘zlashtirish bilan kechganligi haqida so‘z yuritiladi. Buning amaliy ifodasi shahzodalar aks ettirilgan miniatyuralarda ham namoyon bo‘ladi. Bobur 12 yoshida taxtga o‘tiradi va umrining oxirigacha hayoti toj-taxt uchun kurashlarda o‘tadi, davlatni boshqaradi. Demak, u bolalik davridan harb ilmini, davlatni boshqarish san’atini yaxshi egallagan. 

Aks holda u bunchalik muvaffaqiyatlarga erisha olmasdi. Yoxud uning keyinchalik harb ilmi, tarix, adabiyot, tilshunoslik, tabiat, jug‘rofiya va boshqa fanlarda eng yaxshi asarlar yaratishiga ham bolalik davrida mustahkam ta’lim olganligi asos bo‘lgan. Uning she’riyatdagi yuksak idroki otasidan meros o‘tgan. Bu xususda u “Boburnoma”da otasi haqida “Ta’bi nazmi bor edi, vale she’rg‘a parvo qilmas edi”, deb yozadi. Bobur esa qalbidagi ta’bi nazmni yuksaltirib, ulug‘ shoirga aylandi. Demak, uning bolalik davri ilm-ma’rifatni egallash bilan o‘tgan, shu tariqa o‘zini kelgusi og‘ir hayot, sinovlar uchun toblagan.

Zahiriddin Muhammad Bobur 34 yoshga kirganda “Boburnoma”da “O‘n bir yoshimdan buyon to hanuz ikki ramazon iydini payopay bir yerda qilg‘on emasmen”, deb yozadi. Aslida bu gap uning butun umriga taalluqli edi. Haqiqatan, uning 1494-yildan keyingi 36 yillik hayoti paydarpay yurishlarda, kurashlarda kechadi. Dastlab Andijon, Axsi qo‘rg‘onlarini, keyin otasidan hukmdorlik borasida meros qolgan Farg‘ona ulusini qo‘lda saqlab qolish uchun muxoliflariga aylangan yaqinlariga qarshi kurashadi. Bu kurashlarda goh mag‘lub, goh g‘olib bo‘ladi. Taqdirning og‘ir sinovlarini boshdan kechiradi. Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida otasi haqida “Sohibqiron hazratlari zamonidan to Firdavs makon hazratlari zamonigacha o‘tgan sultonlardan hech qaysisi bu kishi singari notinch bo‘lmagan”, deb yozganida haq edi.

Boburning hukmdorlik faoliyati notinchlik bilan kechgan bo‘lsa ham u boshqargan mamlakati hududlarida ajdodlari singari bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Muarrixlar “U hukmdorlik davrida yigirmadan ortiq yirik inshootlar barpo ettirdi. Shuning aksariyat qismi Afg‘oniston va Hindistonda qad rostladi”, deb yozadilar. Uning nomi bilan bog‘liq imoratlardan biri O‘sh shahri yaqinida Sulaymon tog‘i tepaligi ustida barpo etiladi. Ikki-uch xonali va ayvonli inshoot keyinchalik Kobul shahri yaqinida tog‘ tepaligi ustida ham quriladi. Unga chiqib tushadigan zinapoyali yo‘l ham tiklanadi. Shu uyga yaqin nuqtada ariq ta’mirlanadi. 

Bu xususda u “Boburnoma”da “Bir tegirmon suvi hamisha joriydur, burun bu ariq egri-bugri va besiyoq edi. Men buyurdim, bu ariqni reja va siyoq birla qildilar. Bisyor yaxshi yer bo‘ldi”, deb ma’lumot beradi. Shuningdek, u Kobulda “Bog‘i vafo” maskanini, unga tutash yerda saroy, ark va boshqa inshootlarni qurdiradi. Hindistonning Fotehpur Sekri, Do‘lpur shaharlarida bog‘lar barpo ettiradi. Agrada “Zarafshon”, “Orom” bog‘larini yaratadi, Marvarid masjidi, Jasmin minorasini, Tilsim, Mo‘jiza nomli saroylarni, Davlat uyi, Saodat uyi, Mador uyi kabi qasrlarni tiklatadi. Panipat, Ayodxya, Dehli shaharlarida, Sambxol viloyatida masjidlar va jamoatchilik binolarini qurdiradi. Ulardan ba’zilari bugungi kunda ham tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib qolgan. 

Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida otasi haqida “Do‘lpurda bir butun xarsang toshni o‘ydirib mo‘’jaz bir hovuz yasatgan edi, hovuz qachon tayyor bo‘lsa, uni sharob bilan to‘ldiraman, der edilar. Sharob ichishdan tavba qilganliklari uchun hovuzni nuqul limon sharbati bilan to‘ldirardilar”, deb eslaydi. Ana shunday yaratuvchiliklari uchun ham Bobur Hindistonda hamon bunyodkor podshoh sifatida e’zozlanadi.

Bobur yirik davlat arbobi, sarkarda bo‘lish bilan birga Sharq madaniyati, adabiyoti, tilshunosligida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, alloma sifatida shuhrat qozondi. Uning adabiy, ilmiy merosidan g‘azallari, ruboiylarini o‘z ichiga olgan to‘liq bo‘lmagan devoni, o‘g‘li Humoyunga bag‘ishlangan, islom dini asoslari xususida yozilgan “Mubayyin” asari, Xoja Ahrorning “Volidiya” asarining nazmiy tarjimasi, arabiy yangi alifboga bag‘ishlangan “Xatti Boburiy” risolasi, “Harb ishi”, “Boburnoma” asarlari bizning davrimizgacha yetib kelgan. 

Bulardan tashqari, uning aruz vazni qoidalariga bag‘ishlangan “Mufassal” deb nomlangan asar yozganligi, turli mavzularda risolalar yaratganligi haqida ma’lumotlar ham mavjud. Bu asarlar Boburning Sharq madaniyati, adabiyoti, ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganligini ko‘rsatadi. Shuning uchun muarrix Mirzo Haydar “Tarixiy Rashidiy” asarida “Bobur juda ko‘p fazilatlarni fayziyob etgan bo‘lib, asarlari bilan Sharqning ulug‘ mutafakkiriga aylangan edi”, deb baho beradi. 

Bobur hayotda murakkab, qiyin, qarama-qarshiliklarga to‘la umr yo‘llarini bosib o‘tdi. Yurtini jondan sevgan, dunyoda yaxshilikni, do‘stlikni ulug‘lagan inson taqdir taqozosiga ko‘ra o‘zga ellarga qilich ko‘tarib borishga majbur bo‘ldi. Birovlarga ozor berishni istamagan, insoniylik va mehr-muhabbatni kuylagan shoir ko‘plab xalqlar ustidan jahongir hukmdorga aylandi. Uning she’riyatida ana shunday murakkabliklar, ziddiyatlar ifodasini topgan.

Vatandan ayro tushgan qalblarda yurt sog‘inchi kuchli bo‘ladi. Shoir qalbida esa bu sog‘inch yanada tug‘yonli kechadi. Shuning uchun yurtdan ayro tushgan Bobur she’riyatida Vatan va yurtga muhabbat mavzusi yetakchi o‘rin tutadi.

Yoki shoir “Yaxshilig‘” radifli g‘azalida boshqa bir mavzuga murojaat qiladi. U bu dunyoda birovga yaxshilik qiladigan kimsa ham, do‘st ham, yor ham qolmadi, hatto ahli jahon va zamondan yaxshilik kutmoq befoyda, deydi. Ammo ana shunday holatda ham shoir insonni yaxshilik qilishga undaydi:

Bori elg‘a yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.

Bu ulug‘ shoirning o‘z-o‘ziga va bashariyatga nisbatan qalb tubidan chiqqan nidosi edi. Umuman, Bobur nazmiy asarlari mavzusining rang-barangligi, falsafiyligi, samimiyati, soddaligi bilan nafaqat Sharq she’riyatida, balki dunyo adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur jisman Vatandan uzoqda bo‘lsa ham qalban unga qattiq bog‘langan edi. U Afg‘oniston va Hindistonda hukmdorlik qilgan davrda saroyida Abu Fazl, Nizomiddin Ahmad, Javhar Oftobachi, Xondamir, Mirza Haydar kabi ko‘plab allomalar, ijodkorlar, muarrixlar faoliyat yuritganlar. Bulardan tashqari, Hirot, Samarqand, Buxorodan borgan ko‘plab xattotlar, musavvirlar ham uning davlati bag‘ridan panoh topganlar. 

Natijada keyinchalik Hindistonda asosini o‘rta osiyoliklar tashkil etgan xattotlik, miniatyura maktablari shakllandi. Yuzlab ijodkorlar, allomalar yetishib chiqdi. Shu bilan birga, Movarounnahr va Xurosondan ko‘plab allomalar Bobur bilan ham ilmiy, ham ijodiy hamkorliklarini davom qildirganlar. Ali Qushchining nevarasi, alloma Hofiz Ko‘hakiy Toshkentdan Bobur huzuriga bir necha marta borganligi, u yerda nihoyatda ehtirom bilan kutib olinganligi haqida ma’lumot berar ekan, “Podshoh saroyida Movarounnahr va xurosonlik ko‘plab ilm ahlini ko‘rganligi xususida” yozib qoldirgan. 

Boburning yurtimizdagi allomalar bilan hamkorliklari ham izchil davom etgan. Naqshbandiya ta’limotining ulug‘ namoyandalaridan biri, alloma Mahdumi A’zamni tariqat peshvosi sifatida ulug‘lagan. Unga hind elidan sovg‘a-salomlar bilan Xoja Ahror Valining “Risolai volidiya” asarini o‘zbek tiliga she’riy yo‘lda tarjima qilib, o‘zi tartib bergan “Devoni Bobur”ga qo‘shib yuboradi. Bu devondagi ruboiylardan birini Mahdumi A’zamga bag‘ishlaydi:

Nafs havasi yo‘lida bu umrni zoye etdik,

Ahli dillar oldida yuzni qora etdik,

Shikasta qalblarga nazar qil, biz Xojadan

Ayro tushdik, lek unga dilni nisor etdik.

Bu ehtiromga javoban Mahdumi A’zam “Boburiya” risolasini yaratib, uni Hindistonga jo‘natgan. Ulug‘ shoir va adibning bunday do‘stona, ilmiy, ijodiy hamkorliklari boshqa allomalar bilan ham davom etgan. Bularning bari Boburning o‘z Vataniga, xalqiga, salaflariga bo‘lgan yuksak ehtiromi ifodasi edi.

Boburning hayoti va ijodida muhim o‘rin tutgan, uni dunyoga tanitgan mashhur asarlaridan biri “Boburnoma” hisoblanadi. Bu asarni yozishga adib 1494 yildan keyin kirishgan va umrining oxirigacha uning ustida ishlagan. Lekin, afsuski, “Boburnoma”da uning 21 yillik ijod mahsuli o‘rin olgan. 

1508-1519-yillar, 1520-, 1525-, 1529-1530-yillar voqealari yozilmay, yozilgan bo‘lsa ham kirmay qolgan. Shunga qaramay, asar jahon adabiyoti, tarixning durdonalaridan biriga aylandi. Unda qalamga olingan voqealarni shartli ravishda uch qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismida – XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda ro‘y bergan voqealar qalamga olingan bo‘lsa, ikkinchi qismida – XVI asrning boshlarida Kobul ulusi, Afg‘oniston hududlari bilan bog‘liq tarix yoritilgan. Uchinchi qismi esa XVI asrning birinchi choragida shimoliy Hindistonda kechgan voqealarga bag‘ishlangan. Boshqacha aytganda, asarda Sharqning markaziy qismini egallagan xalqlar, o‘lkalar, davlatlarning 100 yildan oshiq tarixi o‘z aksini topgan. 

“Boburnoma”da hayotning barcha jabhalari qamrab olingan. Unda Bobur, avvalo, yetuk muarrix sifatida namoyon bo‘ladi. U har bir mamlakat, o‘lka, xalq tarixi haqida, shaharlar, kentlar, qal’alar to‘g‘risida mufassal ma’lumotlar beradi. Ikkinchidan, geograf va tabiatshunos alloma sifatida har bir o‘lkaning dunyo xaritasida joylashgan o‘rni, jug‘rofik kengligi, tabiati, o‘simlik va hayvonot olami, tuprog‘i, iqlimi, dehqonchilik madaniyati borasida mukammal ma’lumotlar keltiradi. 

Uchinchidan, etnograf adib sifatida Sharq xalqlarining turli xil odatlari, an’analari, har xil millatlar, qabilalar, elatlarning o‘ziga xos xususiyatlari, marosimlari, rasm-rusumlarini, yashash sharoitlarini to‘la yoritadi. To‘rtinchidan, asarida ko‘plab davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, savdo munosabatlarini, hukmdorlarning davlatlarni boshqarish yo‘llarini yoritar ekan, buyuk siyosatshunos alloma sifatida namoyon bo‘ladi. 

Beshinchidan, adib asarida o‘zidan oldin o‘tgan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abdurahmon Jomiy, Xoja Ahror Vali, Alisher Navoiy, Behzod, Mirxond kabi yuzlab ulug‘ shaxslar, allomalar, muarrixlar, musavvirlar, ijodkorlar to‘g‘risida boshqalar tilga olmagan nodir ma’lumotlarni beradiki, bular tariximizni boyitishga xizmat qiladi. 

Umuman, “Boburnoma” dunyo adabiyotida ham tarixiy, ham ilmiy, ham adabiy asar sifatida ulug‘lanadi. Shu bois dunyo olimlari asarga yuksak baho berganlar. Agar gollandiyalik olim Vitsen “Boburnoma” Osiyoning haqqoniy tarixini aks ettiruvchi bebaho asar” deb yozsa, ingliz adibi, “Boburnoma” tarjimoni Beverij xonim “Bu asar butun dunyo tarixida yaratilgan yozma yodgorliklarning eng yaxshisi”, deb e’tirof etadi. Bular asarga berilgan haqqoniy baholar edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyati, ilmiy va badiiy asarlari bilan nafaqat sharq madaniyati, balki g‘arb ma’naviyati rivojiga va umuman, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan ulug‘ shaxslardan biri hisoblanadi. Shuning uchun uning shaxsi, merosi barcha davrlarda ulug‘langan. Atoqli jamoat arbobi Javoharla’l Neru u haqda “Bobur Hindistonga kelgandan keyin bu yerda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi, hayotga, san’atga, me’morchilikka toza havo baxsh etdi”, deb yozgan edi.

Boburning noyob qo‘lyozma asarlari bugungi kunda jahonning ko‘plab kutubxonalari, muzeylarida saqlanmoqda. Asarlari ingliz, nemis, fransuz, rus, ispan, italyan, golland, hind, turk, fors va boshqa tillarga bir necha bor tarjima qilingan. U haqda turli tillarda maqolalar, monografiya va kitoblar nashr qilingan. Shoir ilmiy merosi, hayoti va faoliyati mamlakatimizda ham keng miqyosda o‘rganilmoqda. Uning nomi abadiylashtirilib Andijonda haykali o‘rnatilgan. Nomi bilan bog‘liq muzey faoliyat yuritmoqda. 

Kitoblari ko‘plab nusxalarda chop etilmoqda. Shuningdek, respublikamizda Bobur nomi bilan bog‘liq xalqaro jamoat fondi ham tashkil qilingan. Bu jamoat fondi tomonidan ulug‘ shoir hayoti va ijodiy merosini keng tadqiq qilish maqsadida xalqaro doirada ilmiy ekspeditsiyalar, anjumanlar uyushtirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, buyuk shoir nomi ham, merosi ham yurtimizda va dunyo miqyosida ulug‘lanmoqda.

Ozoda AKBAROVA,

O‘zDJTSU O‘zbek tili va adabiyoti 

kafedrasi mas’ul xodimi

Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

Izoh qoldirish