“O‘tkan kunlar”ga qaytib...
10-aprel – Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun
Otamizning Asomiddin qori degan tog‘asi bo‘lardi. U kishi shifokor edi, Qur’onni xatm qilgan. Tog‘amiz qo‘li ochiq inson bo‘lib, umrlari oxirigacha oilamizdan yordamini ayamadi. Shu kishi bir voqeani aytib bergandi: “1926-yilmikan, Abdulla Qodiriy pochchamiz biznikiga mehmon bo‘lib keldi. Suhbat chog‘ida u kishi mendan: “O‘tkan kunlar”ni o‘qidingizmi, mulla Asomiddin?”, deb so‘radi. “Ha, o‘qidim”, dedim g‘ururlanib. “Necha marta o‘qidingiz?”, so‘radi kulimsirab. “Bir marta”, dedim. “Hmm, bu kitobni kamida besh marta o‘qish kerak. Shunda siz turmushni, odobni, tilni, tarixni va siyosatni o‘rganasiz”, degan edi”.
Qo‘yliq yonidagi Xonobodda yashovchi Rixsivoy Nazarov degan bir adabiyotga ixlosi baland akaxonim bor. Qachon ko‘rishib qolsak, suhbatimiz mavzusi o‘z-o‘zidan “O‘tkan kunlar”ga burilardi. Olmazor tumani ichki ishlar bo‘limida ishlab nafaqaga chiqqan bo‘lsa ham, kitoblarni shunday tahlil qilardiki, qoyil qolganman. Qachon Rixsivoy aka bilan suhbatlashsam, Asomiddin qori tog‘amizning so‘zlari xayolimga kelaveradi. “O‘tkan kunlar”ni yana qo‘limga olib, o‘qiyman, xayolga cho‘maman. O‘ylay-o‘ylay undan yangidan-yangi ma’nolar topishga harakat qilaman. Qisqasi, Rixsivoy aka bilan kechgan suhbatlar va u kishining “O‘tkan kunlar” haqidagi mulohazalari ushbu maqolani yozishga undadi.
Demak, “O‘tkan kunlar”ni o‘qishda davom etamiz: “Rahmat Otabekni mehmonga taklif etib: – ...shuni ham sizdan so‘rayin: o‘ltirishka begona kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmaysizmi? – deydi”. Bu savol o‘zbek xalqini mehmon kutish borasidagi odobining go‘zal namunasi. Ilk mehmondorchilik Ziyo shohichinikida bo‘ladi. Otabek mehmon uyida ota qadrdonlaridan Mirzakarim qutidor va andijonlik savdogar Akram hoji bilan tanishadi. Endi “qutidor” atamasiga e’tibor qaratsak. Qarshi davlat universiteti professori To‘ra Nafasovning ma’lumotiga ko‘ra, XIX asrda Qo‘qon xonligi davrida xalqdan, bozordan va boshqa tadbirlardan yig‘ib olinadigan soliq pullarni qutisida saqlab, so‘ng xon xazinasiga topshiradigan saroy amaldorini qutidor, deb atagan ekanlar. Bu lavozimda, albatta, Xudodan qo‘rqqan, halol shaxs ishlagan bo‘lsa kerak. Balki asardagi Mirzakarim qutidor tarixiy shaxs yoki nomi o‘zgartirilib, shu lavozimda ishlagan biror kishi bo‘lishi ham mumkin. Uning haqiqatda saroy amaldori bo‘lganini asar qahramoni Hasanalining: “Amakingiz siz(Otabek)ni saroylarga ham olib tushar edilar”, degan so‘zidan ham bilib olsak bo‘ladi.
Otabek “Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachalaridan edi...”. Tarixda Toshkent muzofotining dongdor madrasalaridan biri Beklarbegi madrasasi joylashgan ekan. Otamiz Habibullo Qodiriyning aytishicha, 1924-yili sovet hukumati rahbarlaridan biri M.I.Kalinin Moskvadan Turkistonga tashrif buyurib, o‘sha yerda o‘zbek xalqiga “otashin” nutq so‘zlaydi. Shunday “shaxs”ning qadamjosini muqaddaslashtirish maqsadida asrlar bo‘yi ilm maskani bo‘lib, millatimizga Otabekdek yigitlarni yetishtirib bergan Beglarbegi madrasasi buzib tashlanib, o‘rnida Kalinin haykali qad ko‘targan ekan.
Kitobda qutidor mehmon kutish borasida xotiniga bir necha farmoyishlar beradi va: “– ...varaqi pishirib qo‘yingiz”, deydi. O‘quvchida: “Nega aynan varaqi?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Qo‘qonga borganimda, u yerda shu haqda gap bo‘ldi. Aytishlaricha, ilgari Marg‘ilonda hurmatli mehmonga, albatta, varaqi pishirib dasturxonga tortilar ekan. Hozir uni “qo‘qon somsa”, deyishar ekan. Bundan shuni anglash mumkinki, bobomiz bir joy haqida yozganda o‘sha yerning urf-odatlarini ham juda sinchikovlik bilan o‘rgangan. Buni u kishining: “Men materialni o‘rganish mahalida eng mayda narsalar(detallar)ga ham ahamiyat beraman”, degan ta’kidlaridan ham anglash mumkin.
Mehmondorchilikda Oftob oyim cho‘risi To‘ybekadan mehmon kimligini so‘raydi. U esa Otabekning ta’rifini keltirib: “– Nax bizga kuyav bo‘ladirg‘an yigit ekan”, deydi. Shunda Oftob oyim: “– Ana, Kumush, eshitdingmi opangning so‘zini...”, deydi. Yana bir o‘rinda: “– Tashqaridan xabar olingiz-chi, opa”, deydi. Kumush ham To‘ybekaga “opa”, deb murojaat etadi. Bizningcha, o‘z cho‘risiga qilingan bunday muomala bu oilaning naqadar go‘zal odob egalari ekaniga dalolat qiladi.
Asarda Hasanali ota Ziyo shohichi bilan Mirzakarim qutidornikiga sovchilikka boradi. Shu yerda bir savol tug‘iladi: “Nega sovchilikka ayollar bormaydi? Ziyo aka bilan Rahmatning ayoli ham borishi mumkin edi-ku. Gap shundaki, shariatda erkaklar sovchilikka borishlari kerak ekan. Qutidor ularga shunday javob qiladi:
“– Otabek kabi bir yigitni o‘g‘il qilish sharafiga noil bo‘la olsam o‘zimni eng baxtli otalardan sanar edim... ammo bu to‘g‘ridagi hamma ixtiyor o‘z qo‘limda bo‘lmay, orada ko‘krak suti berib o‘sdirgan xotin ham bor...”.
Qutidorning bu gaplari Payg‘ambarimiz alayhissalomning turmushda otaning bir o‘rinda, u ham bo‘lsa, faqat qizni turmushga berayotganda ona bilan maslahatlashishga izn bergani haqidagi hadisiga ishoradir.
“Kumushdan vakolat olish ham juda qiyin bo‘ldi. Domlaning: “Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi nafsingizni toshkandlik musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lig‘a bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muhammadrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi?”, degan so‘rog‘i olti yo yetti qaytarilg‘andan keyin, shunda ham yangalar qistog‘i ostida arang uning rizolig‘i olindi”. Demak, avvallari qizlarga shu xonadonga yaqinroq bir er kishi tanlanib, ya’ni vakil ota vositasidan uning roziligi olingan. So‘ng o‘sha vakil ota bilan kuyov o‘rtasida nikoh o‘qilgan. Hozirgi, kuyov-kelinlarga o‘xshab yonma-yon o‘tqizib nikoh o‘qilmagan...
Romanni o‘qishni davom etamiz: “...Oxiri u(Homid)ning yuzida istehzolik bir iljayish ko‘rildi-da, bir narsaga qaror qilgandek bir harakat yasadi va o‘rnidan sakrab turib qoziqdag‘i kirlab ketgan sallasini qo‘lig‘a oldi va havliga chiqdi. Tashqarida besh do‘konlab ish to‘qib turg‘an xalfa shogirdlariga ba’zi ta’limotlarni bergach, bir ulug‘ darboza orqalik ko‘chaga yurdi...”. Bu yerda Otabek bilan Kumushning to‘ylaridan keyin Homidning harakatlari to‘g‘risida so‘z bormoqda. Biz bundagi: “kirlab ketgan salla”, “besh do‘konlab”, “ulug‘ darboza” kabi ta’kidlarga e’tiborni qaratmoqchimiz. Bu kir salla tagidagi kallaga ne-ne “kir” fikrlar kelmagan? Qancha insonlar yostig‘i qurimagan? Sodiq bilan Homidning suhbatini eslaylik:
“– Inim Sodiqboy, sizga ham yana katta bir xizmat bor, basharti...
– Odam o‘ldirishmi?
– Basharti odam o‘ldirish bo‘lsa-chi?..”.
Kitobdagi “besh do‘konlab” iborasi esa Homidning beshta do‘kon egasi ekaninini va qo‘l ostida bir qancha to‘quvchilar ishlayotganini bildiradi. Asarda Homidga shunday ta’rif beriladi: “...Bu yigit yaxshig‘ina davlatmand bo‘lsa ham, lekin shuhrati nima uchundir boylig‘i bilan bo‘lmay, “Homid xotinboz” deb shuhratlangan...”.
“...Hasanalini bolaliq vaqtida Erondan kishi o‘g‘irlab kelguchi bir turkman qo‘lidan Otabekning bobosi (Musabek) o‘n besh tillo barobariga sotib olg‘an edi”, deyiladi. Bundan Musabekning himmatli inson ekanini bilib olamiz. Aksincha, pastkash Homid Otabek bilan qutidorning “xun baholari”ni yigirma oltin bilan (har boshga o‘n tilladan) belgilab qo‘rboshiga pora beradi...
Otabekning Marg‘ilondan uylanishini Yusufbek hoji to‘g‘ri qabul qiladi, ammo eriga “o‘tkirligi” bilan mashhur bo‘lgan O‘zbek oyim chiday olmaydi. Bu xabarni eshitgach:
“Endi menga bundog‘ o‘g‘ul kerak emas... Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim...”, deydi.
Bu holatni bugungi kunga bir qiyoslab ko‘raylik. Ya’ni o‘g‘limiz yo qizimiz bizdan beruxsat oila qursin. Bizningcha, hozirgi ota-onalar: “Seni oq qildim”, desa kerak. Lekin O‘zbek oyim unday demaydi. Alamzada ona: “Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim“, deydi. Bizningcha, bechora ona: “Sutimni ko‘kka, ya’ni osmonga sochdim”, demoqchi bo‘lgan.
Bir bobda O‘zbek oyim marg‘ilonlik kelinini: “Andi... o‘zi xitoymi...”, deb kamsitadi. Nega O‘zbek oyim bunday deydi?
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon xoni Muhammadalixon melodning 1862-yili Qashqar yurtini bosib olib, yetmish ming uyg‘ur millatiga mansub musulmonlarni Andijonga ko‘chirib olib kelgan ekan. O‘zbek oyimning keliniga qo‘llagan bu ta’rifida balki shu tarixiy voqelikka ishora bordir? Keyin turkey xalqlarda “andi” deya kamsitilgan bir urug‘ bo‘lib, ularga mahalliy xalq past nazar bilan qaragan ekan.
Otabek “ota-ona orzusi”ga yon berib, Kumushdan izn olgani Marg‘ilonga yo‘l oladi. U yerda Mirzakarim qutidor qistovi bilan uylanishga yana bir marta rozi bo‘ladi. Lekin Kumushbibi uchun “haqorat”, deb sanalgan bu xabarni unga bildirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Oqila Kumush esa: “Men rozi, men ko‘ndim“, deydi. O‘quvchida Kumush Otabekning yana uylanishiga nega ko‘ndi, rozilik berdi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Shu o‘rinda bir voqeani eslash ayni mavrididir.
Duradgor ustozimiz Abdug‘ofur aka shunday hikoya qilgandi: “Bir ilmiy yig‘inda Tohir Malik Muhamad Yusuf Muhammad Sodiq hazratlariga shunday savol bergan edi: “Taqsir, ikkinchi marta uylanayotgan yigit birinchi xotinidan rozilik so‘rashi kerakmi?”. “Shart emas”, deb javob bergandi u kishi. “U holda nega, Otabek Kumushdan rozilik olgani Marg‘ilonga boradi”, dedi Tohir aka hayron bo‘lib.
Shunda hazrat kulib: “Birinchidan, bizga Otabek shariat hisoblanmaydi. Keyin qiz nikoh o‘qilayotganida yigitga: “Ustimga xotin olmaysiz”, deb shart qo‘ygan bo‘lsa, rozilik olinadi. Lekin muslima ayol hech qachon kuyovga bunday shart qo‘yolmaydi”, deb javob bergan edi...
“O‘tgan kunlar”da tasvirlangan Kumush esa muslima ayol bo‘lib, Qur’onni xatm qilgan. Buni biz Kumushning onasiga yozgan xatidagi: “...Bu kun beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohiga atab Qur’on boshladim, xatm qilib bag‘ishlayman”, degan tasvirlardan anglashimiz mumkin. Keyin xatdagi Kumush qo‘llagan: “Ba’da” so‘zini diniy ulamolarimiz faqat islomiy ilm egalarigina qo‘llashlari mumkin deb ta’kidlashgan.
Asarda yana shunday jumlalar bor: “...Ul bu maktubni (Homid yozgan soxta taloq xat – Sh.Q.) so‘ngi tomchi kuchi bilan o‘qub tamom qildi-da, jonso‘z (azob beruvchi) bir tovush ila “Uyatsiz!” deb qichqirdi va yerga yiqilib o‘zidan ketdi...”.
Ilgari o‘zgadan eshitilgan, ayniqsa, er kishiga qarshi qo‘llangan “uyatsiz” so‘zi, “g‘ururi” va “oriyati” yo‘q, degan ma’nolarni bildirgan. Hozir turk millatida esa “uyatsiz” so‘zi o‘rniga “sharafsiz” degan so‘z qo‘llanadi. Inson sharafini uning g‘ururi belgilaydi. Afsuski, bugunga kelib “uyat” so‘zi tobora iste’moldan chiqib ketmoqda. Hozir ba’zilarga “uyatsiz” desangiz, parvo ham qilmaydi, demak, bu qanday so‘z ekanini anglamaydiganlar topiladi. Kumush esa hozirgi ba’zi yoshlarga o‘xshab erini qarg‘amadi, sochini yulmadi, aqlini yo‘qotib o‘z joniga qasd qilishga urinmadi... Faqatgina “uyatsiz” dedi-yu hushidan ketdi. Ha, yozuvchi yozgan (orzu qilgan) Kumushgina shunday deyishi mumkin edi. Endi bu holatni hozirgi kunimizga bir qiyoslab ko‘raylik. Ayniqsa, qo‘ydi-chiqdi mahalida er-xotinning og‘izlaridan chiqayotgan gaplarni aytib ham, yozib ham bo‘lmaydi...
Bir kuni ota qadrdonlardan biri Abdushukur otlig‘ akaxonimiz qo‘ng‘iroq qilib: “Sherkon, hozir bir otaxon siz bilan gaplashadi. U kishining sizdan so‘raydigan savollari bor ekan”, deb qoldi. Qo‘ldan kelganicha, marhamat, dedim. Otaxon esa salom-alikdan keyin: “Otabek Mirzakarim qutidorning uyidan hay-dalgach, usta Alim bilan tanishadi. Usta Alim boshidan o‘tgan voqealarni aytib, hikoyasini xotini Saodatning o‘limi bilan yakunlaydi. Shunda Otabek: “...Saodat... balki erining bir gunohi sababidan yosh umrini xazon qilgan...”, ya’ni o‘lgan, deb ichida o‘ylaydi. Keyin Kumushning ko‘zi yoriydi. Otabek ertasiga uni oldiga kiradi-da: “Qiynalibsiz, deb eshitdim”, deydi. Kumush esa: “Sizning gunohingizga...”, deb javob beradi. Men bir narsaga hayronman: ikki yosh nikoh o‘qitib turmush qurgach, so‘ng farzandlik bo‘lsa, qanday gunohi bor? Shu savollarimga javob topishda yordam bering”, dedi otaxon. Men uzoq izlanib bu savollarga javob topa olmay ko‘pchilikka murojaat etdim. Axiyri, umidli olimlarimizdan bir Bahriddin Umrzoqov bilan tanishganimda unga haligi savollarni berdim. Bahriddin aka: “Menga biror hafta muhlat bering”, dedi. Oradan biroz o‘tgach, u kishi bilan uchrashdik. U: “Men bir qancha kitoblarni ko‘rib chiqdim. Oxiri savolga javob topganday bo‘ldim. Qozi Bayzoviyning yozishicha, agar dastlabki nikoh kechasida kelin-kuyov betahorat bo‘lsa... kelin tug‘ayotganda qiynalar ekan. Keyin kuyovning biror gunohi uchun ham kelin qiynalishi mumkin ekan”, dedi. Men: “Otabekda qanday gunoh bo‘lishi mumkin”, dedim o‘smoqchilab. Bahriddin aka kulib: “Otabek Kumushni ilk bor ko‘rgan kuni asr namozini qazo qildi. Ichkilik ichishga berildi. Marg‘ilonda uchta odamni so‘yib o‘ldirdi. Demak, banda bu dunyoda gunohdan xoli emas. Otabek ham Xudoning bir bandasi”, deb suhbatga yakun yasadi. Men esa usta Alimning qanday gunohi bor ekan, deb kitobni varaqlashga tushdim. Uni qayta-qayta o‘qigach, o‘zimcha topgandek ham bo‘ldim. Meningcha, usta Alimning gunohi mahramsiz xonadonga bemalol kirib-chiqib yurishida bo‘lsa kerak...
Kitobdagi Yusufbek hoji obrazi haqida alohida to‘xtalish lozimdir. Chunki u asardagi sharq otasining ajoyib timsolidir. Kitobda tasvirlangan Yusufbek hoji Buxoro madrasasida ta’lim olgan bo‘lsa kerak. Chunki uning egnidagi Buxoroning olabayroq choponi shunga dalolat qiladi. Asarda u doim “Daloyir”ni o‘qiydi. Ulamolarning aytishlaricha, bu kitob Qur’ondan keyingi o‘qiladigan kitob bo‘lib, o‘quvchining ilmiy darajasi yuqoriligiga dalolat qiladi. Yusufbek hoji kelinlariga “...oyim...”, deb murojaat qiladi. Bu degani “oyi”, ya’ni ona emas, balki “Oy” – tunni yorituvchi mohitob degan ma’noni ham beradi. Keyin ikkita kundosh bir-biri bilan urishganda, ularni o‘z huzuriga chorlab, nasihat qilib, yarashtirib, bir-birlariga salom berdirishi alohida e’tiborga molik.
Endi e’tiborimizni kitobdagi “Qipchoqqa qirg‘in” bo‘limidagi otaning bolasiga qilgan tarbiyaviy muomalasiga qarataylik: “...Nihoyat, o‘g‘liga yengillik berish niyatida hoji tilga kirdi:
– Xafa bo‘lma, o‘g‘lim.
– Sizlarga o‘xshab, – dedi istehzolanib, – quvonaymi?
– ...Yanglishasan, o‘g‘lim”.
Otabek bu birodarkushlikda “Otamning ham aybi bor”, deb o‘ylab ters javob beradi. Otaning jahli chiqsa ham, o‘g‘liga qo‘pollik qilmay: “– ...manim ustimga mundog‘ tuhmat ortishdan uyal, bola!”, deydi. Ya’ni ota bolasidan xafaligini bildirish uchun unga: “o‘g‘lim” demay, “bola”, deb murojaat etadi. Ana shu o‘rinda otaning bolaga muomalasida naqadar komilligini anglash mumkin. Otabek bilan bo‘lib o‘tgan keskin suhbat davomida Yusufbek hoji: “...Ammo otangni ham shu “jonivorlar” orasig‘a qo‘shib o‘ltirishing qisqalig‘ingdir,” deydi. Qarang, hoji uch-to‘rtta “kallabuzar“larni “hayvonlar” desa ham bo‘lardi. Yo‘q, ularni “jonivorlar”, deydi. Bu bilan ularning xunrezliklariga salbiy munosabatni bildirmoqchi bo‘ladi.
Endi O‘zbek oyim ta’kidlagandek, “tegu taxtlik, aslzoda” xonadon farzandi bo‘lgan Zaynab to‘g‘risida biroz to‘xtalsak. Kitobda o‘qiymiz: “...Mohirabonudan ikki o‘g‘il va ikki qiz dunyoga kelib, to‘ng‘uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro‘y (yoshlig‘ida Xushro‘y o‘rnig‘a Xushra der edilar), uchunchisi Karimbek va to‘rtinchisi bizning Zaynab edi...”.
Bu oilaning boshlig‘i Olim ponsadboshi ismli kishi bo‘lib, u Toshkand hokimi Azizbek saroyida askarlar boshqaruvi lavozimida ishlagan. Farzandlari Azimbek: ojizalarga nisbatan “qo‘li yugirtak”, Xushro‘y: “shaddod”, Zaynab esa “pismiq” sifatlari bilan ifodalanadi. Demoqchimizki, ota ko‘proq davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalar tarbiyasiga deyarli e’tiborli bo‘lmagan ko‘rinadi. Asarda ularni na namoz va na biror kitob o‘qigan joyini uchratamiz. Aksincha, Yusufbek hoji, Otabek va Kumushlar bo‘sh qolsa, har doim kitob tahsili bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Shu o‘rinda Zaynabni Kumush o‘rniga qo‘yib ko‘raylik-chi. Ya’ni “Kumush Zaynabga zahar berishi mumkinmi?”. Aslo! Kumush hech qachon birovning o‘limi evaziga erishilgan baxtni qabul qilmasdi. Zaynab esa shu yo‘lni tanladi, ba’zilar o‘ylagandek: “O‘z baxti uchun kurashdi...”. Bunga sabab, uning Xudoni tanimasligi bo‘lsa kerak. Chunki Xudodan qo‘rqqan har bir inson birovga yomonlikni sog‘inmaydi. Bobomiz esa Zaynabga rahmlari kelibmi, olijanoblik qilibmi, salbiy qahramonlaridan birini jinnilik holatiga kirg‘izadi. Qiyomatda esa bunday insonlardan qalam ko‘tarilishi, ya’ni ularning savol-javobga turmasliklari barchaga ayon bo‘lsa kerak.
Keling, endi kitobdagi ayrim qahramonlar haqida biroz to‘xtalsak. Avvalo Kumushning “...latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilgan qora xoli...”ga munosabatimizni bildirib o‘tmoqchimiz. Alloh tomonidan berilgan xol g‘arbda bir nuqson, sharq xalqlarida esa husn alomati sanaladi. Kumushning boshiga kulfatlar keltirgan ham aslida uning ana shu xoli edi. Chunki uning xoli chiroyini yanada ochib, o‘zgalar hasadiga sabab bo‘ldi. Rivoyat qilishlaricha, jannatdagi hurlar hazrat Bilolning tanasidan o‘zlariga qora xol olish uchun navbatda turishar ekan.
Endi Kumush qabri ustiga yangi g‘ishtdan ko‘tarilgan sag‘anaga o‘yilgan lavhani o‘qiylik: “La ilaha illa Ollohu Muhammadur Rosulluloh...”. Buni o‘qigan har qanday inson, Allohga imon keltirib musulmonchilikni qabul qilgan hisoblanadi. Ya’ni bu Islom dinining birinchi farzidir. Bizda oradan ma’lum vaqt o‘tgach, qabr ustiga yodgorlik qo‘yilishi mumkin. Bunga sabab qabr o‘rni vaqt o‘tishi bilan cho‘kadi. Unda: “Nega Kumush qabriga tezlik bilan sag‘ana qurilib, lavha o‘rnatildi ekan?”, degan fikrga borish mumkin. Otamizning Jo‘ra qori ismli do‘sti Karachi shahrida “O‘tkan kunlar”ni nashr ettirgan ekan. Bu haqda Jo‘ra qori aka shularni ham aytib bergandi: “Kitob nashrdan chiqqanida yana bir muammo paydo bo‘ldi. Ya’ni uni vatandoshlarga tarqatish masalasi. U yerdagi ba’zi vatandoshlar: “Bu kitobni o‘qib bo‘lmaydi. Chunki u “Bissmiloh”, deb boshlanmagan”, deb qolsa bo‘ladimi. Shunda men: “Bu kitobning “Bismillo”si ichida bor. Sizlar yozuvchining kitob yozgan davriga e’tibor beringlar. Axir, kitob dahriylik jamiyatida yozilgan-ku, dedim”. Bu gaplarni chuqur o‘ylab, qabrdagi lavhaga e’tibor qaratib, haqiqatan ham bobomiz o‘sha paytda ustalik bilan insonlarni dinga da’vat qilgan ekan, deb o‘yladim.
Asarni e’tibor bilan o‘qisak, undagi to‘rtta birodarkushlik holatiga guvoh bo‘lamiz. Bular: Azizbekning Toshkent xalqiga suyanib Xudoyorxonga qarshi chiqishi, Toshkent xalqining Azizbekka qarshi qo‘zg‘oloni, Musulmonqulning quvib chiqarilishi va Xudoyorxonning qipchoq xalqiga qilgan qirg‘ini. Bu to‘rtala urushda qirg‘inboshilarning o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari bor, albatta.
Birinchi qirg‘inga to‘xtalsak. Azizbekning bu urushdan asosiy niyatini bobomiz quyidagicha tasvirlaydi: “Azizbek, mundane keyingi Toshkandning mustaqil hukmdori Azizbek! ...ul endi Toshkand va atrofining xoni, hoqoni! Endi duxoba va atlaslar ustidagina o‘lturmoqqa qanoatlanmay, o‘z sha’niga, o‘z qudratiga muvofiq tojlar, taxtlar yasatmoqchi. O‘zining eski mahramiga ko‘ngli to‘lmay, boshqa bir o‘yinchi, ashulachi, husndor bir mahram topmoqchi va o‘zining bu mashhur mahrami bilan yer yuziga (Turkiston va Buxoroga) dong‘, shuhrat chiqarmoqchi!”.
Ikkinchi urush birinchisi bilan bog‘liq. Azizbek qo‘qonliklar ustidan g‘alabaga erishgach, bo‘shab qolgan xazinani to‘ldirish maqsadida Yusufbek hojiga xalqdan o‘ttiz ikki tangadan soliq yig‘ishni buyuradi. Ammo o‘z “orzu”lariga yetolmaydi. Toshkent xalqi Yusufbek hoji boshchiligida o‘z haqini deb kurashga otlanadi. O‘quvchida Azizbek: “Nega o‘ttiz ikki tangadan soliq soldi?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Insonda o‘ttiz ikkita tish bo‘lib, Azizbek xalqning bor budini, ya’ni “o‘ttiz ikkita tishini” ham sug‘urib olib, ularni och-nahor qoldirib qirmoqchi bo‘lgan, shekilli. Biz xalqning ana shu kurashini ijobiy baholashimiz mumkin.
Uchinchi birodarkushlik urushi esa Musulmonqulni o‘rtadan ko‘tarish uchun bo‘lib, buni Xudoyorxonning taxtga egalik qilish va yakka hokimlik istagi, deb aytish mumkin.
Nihoyat, to‘rtinchi – qipchoq qirg‘iniga to‘xtalsak. Bu qirg‘inning kelib chiqish sababini bobomiz quydagicha tasvirlaydi: “...Maqsadlari juda ochiq, – dedi hoji, – bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammadning o‘rniga minmakchi, uchinchisiyana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovati sabab qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi...”. Biz bu qirg‘inni ham qoralaymiz. Chunki bunday harakatlarning barini Qiyomatda bo‘ladigan savol-javoblarga daxli yo‘q. Kitobni o‘qib yorqinroq fikrlasak, yozuvchining “oliy maqsad”ini tushunish mumkin. Adib toshkandlik kelishgan, barcha ayollarning orzusidagi bir yigitni nega marg‘ilonlik “andi”ga uylantirdi ekan?
To‘g‘ri, bu “taqdir“ asardagi voqealarni bir-biriga bog‘lash uchun kerak edi. Ammo bu yerda yana bir ma’no yashiringandek tuyuladi. Maqsad, hozirgi kunda ham mamlakat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan mahalliychilik illatiga chek qo‘yish bo‘lsa kerak.
“O‘tkan kunlar” haqidagi ushbu mulohazalarni kaminaning shaxsiy fikrlari, deb qabul qilgaysiz.
Sherkon QODIRIY.
Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi
2022-yil 8-aprel, 12-son.
Izoh qoldirish