Tabiiy resurslar inson uchun berilgan omonat, uni asrash va himoyalashga har birimiz mas’ulmiz
Munosabat
Ko‘chat ekish, atrof-muhitni tozalash, umuman, tabiatdan oqilona foydalanish, unga ijobiy munosabatda bo‘lish o‘zbek xalqiga xosdir. Ushbu an’analarning ildizi bevosita zardushtiylik ta’limotining borliq haqidagi falsafiy-diniy g‘oyalariga borib taqaladi. Xalqning milliy xususiyatlariga singib ketgan “Avesto” kitobidagi g‘oyalarda tabiatga muqaddas bir borliq sifatida qaralib, ilohiylik nuqtai nazardan munosabatda bo‘linadi.
Chunonchi, tabiatning asosini tashkil etgan to‘rt unsur – suv, olov, tuproq va havo bebaho borliq ne’mati sifatida qadrlangan. Ushbu falsafiy yondashuv keyinchalik islom dinining asosini tashkil etib, hamisha bunyodkorlikka chorlab kelgan. Zero, muqaddas manbalardagi suvga axlat tashlamaslik, havoni bulg‘amaslik, tuproqni ifloslantirmaslik kabi ezgu g‘oyalar necha asrlar o‘tsa hamki, o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan emas.
Bu xususda joriy yilning 2-fevralida Prezidentimiz raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Unda Prezidentimiz “Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan...” deb ta’kidlagan edilar. Davlat rahbari tomonidan tabiatni asrash borasida ilgari surilgan ezgu g‘oya zamirida yashil makon bo‘lgan tabiatni sof holda saqlash, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga go‘zal holda yetkazishga qaratilgan chorlov yotadi.
Darhaqiqat, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish insonni yuksaltiradi, uning manfaatli natijasi esa, egasiga cheksiz yaxshiliklar keltiradi. Shu jihatdan bog‘ yaratish, umuman, yaratuvchanlik bilan yashash qon-qonimizga singib ketgan azaliy qadriyat.
Shu o‘rinda hayotiy bir misolni keltirib o‘tmoqchiman. Mahallamizda Hamro bobo (Alloh rahmat qilsin) degan bir mehnatsevar inson bo‘lar edi. Biz, yoshlar boboning zahmatli mehnatini ko‘rib ulg‘ayganmiz. Ular hamisha mehnat qilib, ona yer taftidan nafas olib, umri dalada o‘tgan bag‘rikeng, mehnatsevar inson edi. Ammo hech qachon o‘sha insonni norozi qiyofada ko‘rmaganmiz. Hamisha o‘z ishiga sidqidildan yondashardi. To‘g‘rirog‘i, qilayotgan ishi Hamro boboga zavq bag‘ishlar edi.
Yoshligimda ko‘chat ekish va uning savobidan umidvorlik bilan bog‘liq bir hikoyani eshitganman. Unda keksa bir otaxonning zavq bilan bog‘ yaratayotgani va yo‘ldan o‘tayotgan podshohning bog‘bon harakatidan hayratlanib, yaratgan bog‘i qachon hosil berishi-yu, qari holida uning hosilidan bahramand bo‘lolmasligini aytishi keltirilgan. O‘sha rivoyatda keksa otaxonning “men bahramand bo‘lolmasam-da, ammo inson va yer yuzida qimirlagan har bir jon borki, shu bog‘ hosilini totsa, bog‘bon haqiga duo bo‘lib boradi”, deb aytgan ibratli so‘zlari Hamro boboni yodimga solgandi.
O‘shanda hikoya qahramoni go‘yo Hamro bobo qiyofasida gavdalangan edi. Mehnatsevar Hamro bobo turli mevali daraxtlarga ega katta bir bog‘, atirgulning turli navlari ekilgan gulzor qoldirdi. Bugun shu bog‘ qanchadan-qancha insonlarga manfaat keltiryapti, qimirlagan jon borki, uning hosilidan bahramand bo‘lyapti. Hamro bobodek mehnatsevar insonlar oramizda bor. Ular hayotidan bugungi avlod ibrat olgan holda faoliyat yuritishi lozim.
Tabiat muhofazasi, atrof-muhit tozaligiga e’tiborning go‘zal namunasi sifatida hasharni aytish mumkin. Bejiz, ota-bobolarimiz hashar marosimi bilan bog‘liq ezgu an’anani mavsumiy tarzda o‘tkazib kelishmagan.
Bu orqali insonlarning atrof-muhitga, tabiatga nisbatan ijobiy munosabati yanada mustahkamlanishi barobarida o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat kabi yuksak fazilatlar ham shakllangan. Afsuski, bugun biroz tabiatdan uzoqlashgandekmiz, nazarimda. Chunki texnika rivojlangan asrda tabiatdan chekinyapmiz. Xalq orasida azal-azaldan bajarib kelingan tabiat muhofazasi bilan bog‘liq milliy an’analarimiz yo‘qolib bormoqda.
Bu borada davlatimiz rahbari “Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi...”, deb afsus bilan ta’kidlab o‘tdilar.
Darhaqiqat, bugun keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgan ekan, bor kuch-g‘ayratimizni “yashil makon” bo‘lgan tabiatni yanada yashnatishga, imkon qadar yaratuvchanlikka sarf qilishimiz lozim. Zero, undagi tabiiy resurslar inson uchun berilgan omonatdir. Bu omonatni asrash va himoyalash har bir insonning burchidir.
Lola AZIMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
tayanch doktoranti.
O‘zA
Izoh qoldirish