388

Ramazon – ma’naviy taraqqiyot oyi

SABR VA SAXOVAT

Ramazon oyida butun musulmon olami, jumladan, yurtimiz ramazonning fayz-u barakasidan bahra oladi. Bu oyda yuraklar yumshab, gʻuborlari ketadi, go‘zallashadi, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitiladi.

Ayni damlarda Uchinchi Renessans sari, milliy yuksalish sari intilayotgan yangi O‘zbekistonda muborak Ramazon shukuhi kezmoqda. Masjidlarimizda Qur’oni karim xatm qilinmoqda. Qalbimiz quvvat, ruhimiz safo olib, dillarimiz ravshan bo‘lmoqda. Bu oyda nafsimiz jilovlanib, tarbiyalanadi, zehnimiz o‘tkirlashadi, fikrimiz tiniqlashadi. Jahl va g‘azabdan, g‘iybat va hasad, adovat va nafrat kabi salbiy ishlardan ma’naviy olamimizni poklash va saqlash uchun ro‘za juda qulay fursatdir.

Ramazon ro‘zasining fazilatlari bisyor. Ulardan muhimi, ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishdir. Inson ma’naviyati uning ichki olamini ifoda etuvchi tushuncha. Odamning ichki dunyosi qalb pokligi, ruh osoyishtaligi, dil musaffoligi, vijdon uyg‘oqligi kabi ulug‘ fazilatlar bilan butunlik kasb etadi. Inson ruhiyatini o‘rgangan mutaxassislar e’tiroficha, ruhiy baquvvatlik hayotning turli mashaqqatlarini yengib o‘tishda, hatto og‘ir kasalliklarga davo topishda yuksak ahamiyat kasb etar ekan. Ruhiy barkamollikka erishishda Ramazon oyi benazir ahamiyatga ega.

Ro‘zaning asosiy shartlari ma’lum: sahardan shomgacha taom yeyish, ichimlik ichish va shahvatdan tiyilish. Mazkur shartlar bajarilsa, ro‘za tutilgan bo‘ladi. Ulamolar ro‘za tutishda uning faqat asosiy shartlari bilan qanoatlanib qolishi ro‘zadan kutilgan maqsad-muddaoni hosil qilmasligini ta’kidlagan va bu ma’noga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomning quyidagi mazmundagi hadislarini dalil qilib keltiradilar: “Shunday ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zadan oladigan nasibasi faqat ochlik va tashnalikdi”. Ro‘za nafaqat yeyish va ichishdan, balki dil va tilda sodir bo‘ladigan illatlardan, xatti-harakatlarda gunoh va ma’siyatlardan tiyilishdir. Dilozorlik, tilozorlik, g‘iybat, ig‘vo, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton, makr-hiyla, firib, kibr, g‘azab, hasad, fitna kabi illatlardan tiyilish ro‘za barkamolligiga olib boradi. Aksincha bo‘lsa, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, ochlik va tashnalikdan boshqa natija hosil bo‘lmaydi. 

Xalqimizda “To‘qlikka sho‘xlik”, degan ibora bor. Bu bejiz emas. Sababi, hikmat olimlari ko‘plab xatolar, yanglishish va nuqsonlar, hatto gunoh va ma’siyatlar to‘qlik paytida sodir bo‘lishini ta’kidlagan. Ochlik va tashnalik ojizlik, kamtarlik, bandalik xususiyatlaridandir. Inson och va tashna holida o‘zining Yaratganga muhtojligini his qila boshlaydi. Ochlik va tashnalikka tez-tez uchraydigan kambag‘al va bechora hollarning holatini qalban sezadi. Yuragida ularga nisbatan mehr tovlana boshlaydi. Bu mehr ulg‘ayib, nafaqat muhtojlarni, balki insoniyatni, nafaqat insoniyatni, balki hayvonot, nabotot-o‘simliklarni, jamodot-jonsiz jismlarni ham qamrab oladi. Bu holatda inson qalbida hikmat bulog‘i qaynaydi. Hayotning asl mohiyatini anglaydi. Qalbi ma’nolar dunyosiga, zavq va shavq olamiga g‘arq bo‘ladi. Insonni ezgulikka boshlaydigan barcha kitoblarning asosiy qismi sahar vaqtida yozilgani ham shundan. 

Sahar vaqtida tana bedor, vujudga non-choy kirmagan, ruh osoyishtaligi ta’minlangan onlar aynan ijod mahalidir. Bu ko‘plab olimlar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar tomonidan e’tirof etilgan haqiqat. Muqaddas Qur’oni karimning aynan Ramazonda, ham dillar erib, vujud poklanib, qalblar ma’rifatga tashna bo‘ladigan onlarda nozil qilinishi bejiz emas.

Ramazon – tarbiya oyi. Aynan ro‘za inson kamolotiga to‘siq bo‘ladigan turli illatlardan qutulish imkonidir. Insonning o‘z ixtiyori ila yuzaga kelgan ochlik va tashnalik tananing ruhga qaram bo‘lgan g‘animat mahalidir. Ruhiy ustunlikni his qilgan onlarda ma’naviy barkamollik haqida tafakkur qilishimiz osonlashadi, ilm-ma’rifatga bo‘lgan e’tiborimiz oshadi, qalblarimiz hikmat oshig‘iga aylanadi. Buyuk vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniy nafaqat fiqh-islom huquqi, balki dunyo huquqshunoslik xazinasining nodir gavhari bo‘lgan – “Al-Hidoya”, ya’ni “To‘g‘ri yo‘l” asarini 13 yil davomida muttasil ro‘za tutib yozganlari mashhurdir. “Hidoya” asari so‘zlarining ozligi va sozligi, ya’ni oz so‘zlar orqali ko‘p ma’nolarni qamrab olgani bilan asrlar davomida olim-u ulamolar, fozil-u fuzalolarning nazarida bo‘lgan. Turli tillarga tarjima qilingan. Nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ayni paytda ham darslik sifatida o‘rganiladi. Sodda ifoda etganda, “Hidoya” asari ro‘za hikmatini o‘zida namoyon qilgan noyob asardir. Inson qalbi vujud ochligi va tashnaligida hikmat bulog‘i bilan to‘lib-toshishining yorqin ifodasidir. 

Ro‘zaning inson jismiga foydasi ilm-fan namoyandalari tomonidan asoslab berilgan. 2016-yil yapon olimi Yosinori Osumi (1945-yilda tug‘ilgan) Fiziologiya va meditsina bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot olimga uning autofagiya mexanizmi borasidagi tadqiqotlari va kashfiyoti uchun berildi. Autofagiya – grek tilidan olingan bo‘lib, o‘zini o‘zi yeyish ma’nosini anglatadi. Inson och qolganda uning organizmi zararli to‘qimalardan ozod bo‘ladi. Shuning uchun yapon olimi: “Autofagiya organizmning ochlikka, hujayralar esa stressli vaziyatlarga moslashishining ajralmas qismidir”, deya ta’kidlagan. Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan professor ixtiyoriy va tizimli och qolishning inson salomatligiga foydasini ilmiy tarzda isbotlab berdi. Ro‘za aynan ixtiyoriy va tizimli och qolishning islom ta’limotida ulug‘ ibodat hisoblangan shaklidir.

Amerikalik noan’anaviy tibbiyot mutaxassisi Pol Breggning ochlikning inson jismiga foydasi haqida tadqiqot olib borishiga sabab bo‘lgan voqea yapon kurash ustasining unga maslahati bo‘lgan. O‘tgan asrning 20-yillarida Pol yapon dzyudo ustasidan mahorat sirlarini o‘rganadi. Shunda ustozi unga jangdan oldin 24 soat och qolish, inson organizmidagi quvvatning uch barobar ortishiga sabab bo‘lishini uqtiradi. Bregg buni amalda sinab ko‘rib, navbatdagi bellashuvda o‘zi yashagan shtatning eng kuchli kurashchisini yengadi. Shundan so‘ng ochlikning inson organizmiga foydalari bilan qiziqib, mashhur “Ochlik sehri” kitobini yozadi.

Ramazon ro‘zasining asl mazmuni, hikmati va ma’nosi ma’naviy illatlardan, ma’naviy kasalliklardan qutulish uchun bebaho fursat ekanidir. Ramazon so‘zining mazmuni ham arab tilidan tarjima qilinganida “qattiq issiq”, “kuydiruvchi issiq” ma’nolarini beradi, bu oy insonning gunoh va nuqsonlari kuyib ketishini anglatishini olimlar qayd etganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom bu borada: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va ichimligini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deya marhamat qildilar. Hadisdagi nozik nuqta shundaki, aslida Alloh taolo behojat zotdir. Moturidiya aqidasi bo‘yicha Allohning hech narsaga ehtiyoji yo‘q. Balki barcha narsa unga muhtojdir. Ro‘zaning ma’naviy jihati muhimligiga sabab Payg‘ambar alayhis-salom yolg‘onni tark qilishni Allohning ehtiyoji demoqda. Ya’ni Allohning rizosi, amri yolg‘onni va unga amal qilishni tark qilishdadir. Bundan Ramazon ro‘zasini tutishda turli ma’naviy illatlardan, ayniqsa, yolg‘onchilikdan tiyilish naqadar muhimligi kelib chiqadi.

Ro‘zadan maqsad yolg‘onchilik va undan kelib chiqadigan xiyonat, makr, hiyla, ikkiyuzlamachilik, munofiqlik, kazzoblik kabi jamiyat barqarorligiga rahna soladigan, insonlar orasini buzadigan, savdo-sotiqni, kasb-u kor, tijorat va ziroat mahsulini haromga aylantiradigan, yer yuzida fasod va buzg‘unchilik yoyilishiga sabab bo‘ladigan illatlardan xoli bo‘lishdir.

Ro‘zadan maqsad insonni ikki dunyo saodatiga yetaklaydigan, insonlar orasini isloh etadigan, hayotga, ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydigan, qalblarga orom, ruhiy osoyishtalikni ta’minlaydigan rostgo‘ylik, sadoqat, vafodorlik, omonatdorlik, halollik kabi fazilatlarni kamolga yetkazishdir. Agar yolg‘on va uning turli ko‘rinishlari, yolg‘ondan kelib chiqadigan illatlar tark qilinmas ekan, ochlik va tashnalikdan foyda yo‘qdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Menga zaif, bechoralarni topishga yordam beringlar. Sizlarning rizqingiz va yutuqlaringiz asosan zaif va bechoralarga yordam berishingiz sababidan ziyoda bo‘ladi”, – deb ta’kidlaganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Jobir ibn Abdullohdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan bir qayg‘usini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Bir banda bir bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam ko‘rsatadi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Ramazon saxovat va muruvvat oyidir. Bu oyda amalga oshirilgan har bir yaxshilikning ajr-u savobi orttirib beriladi. Ramazon haqiqatan ezguliklar, yaxshiliklar mavsumidir. Inson bu oy kirganda nafsining tuban xulqlaridan, baxilliklardan o‘zini yuqori tutib, olijanoblik libosini kiyishi maqsadga muvofiqdir. Mo‘minning qalbiga xursandchilik olib kirish bu oyga naqadar yarashimlik ishdir. Nabiy alayhissalom aslida hammadan saxiyroq, muruvvatliroq edilar, lekin aynan Ramazon kirganda Ul zotning saxiyliklari jo‘shib ketardi. “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhis-salom Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda – ayniqsa, cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Saxiylikda Ul zoti sharifning siyratlari mana shunday tasvirlangan edi. Binobarin, har bir musulmon ham oliyjanoblik va saxovatpeshalikda mana shunday bo‘lishga intilmog‘i lozim. 

Ramazon – mehr-muruvvat oyi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytdilar: “Bandalar tong ottiradigan biron-bir kun yo‘qki, agar ikki farishta osmondan yerga tushmasa. Ulardan birisi: Allohim, infoqgo‘y bandangning sarflagan moliga evaz ber, deydi. Ikkinchisi esa: Allohim, qurumsoq bandangning moliga ofat yubor, deydi” (Muttafaqun alayh).

Ramazon ro‘zasi bizga inson faqat o‘z foydasini emas, boshqalarning ham foydasini ko‘zlab yashashi kerakligidan saboq beradi. Zero, xalqlarning, insonlarning bir-birlariga hurmati, mehr-muhabbati, kechirimliligi tufayli dunyo tinch, osoyishta bo‘ladi.

Ramazon – inson ma’naviy yuksalishga erishishi uchun yilda bir keladigan g‘animat fursatdir. Undagi ma’no gavharlari qalblarimizni munavvar etishiga, xonadonlarimizni ziyoga to‘ldirishiga tilakdoshmiz. Ma’naviy yuksalish yurtimizning yuksalishiga hamohang bo‘lib, Vatanimizdagi tinchlik va osoyishtalik barqaror, xalqimiz farovonligi bundan-da taraqqiy topgusidir.

Saidafzal SAIDJALOLOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Manba: “O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 2022-yil 6-aprel, 14-son

Izoh qoldirish