O’zbekiston manbashunosligining yangi bosqichi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Movarounnahr ulamolarining ilmiy merosi islom sivilizatsiyasining asosini tashkil qiladi. Bugungi kunda dunyo kutubxonalarida ularning tafsir, hadis, kalom, fiqh va boshqa ilmlarga oid ko‘plab asarlari saqlanmoqda. Afsuski, ushbu ilmiy-ma’naviy meros hanuz qo‘lyozmalar fondi tokchalarida qolib ketmoqda.
Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, islom ilmlari bilan shug‘ullanib, ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar mazkur merosning uchdan bir qisminigina qamrab olgan, xolos. Shu ma’noda islom sivilizatsiyasi ilmiy-ma’naviy merosining uchdan ikki qismi hali o‘rganilmagan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Soha mutaxassislari, olimlar bunga e’tibor qaratishlari, qo‘lyozmalarning hali tadqiq etilmagan qismini xazinalardan chiqarib, xalqqa yetkazish yo‘lida sa’y-harakat qilishlari lozimdir.
Sir emaski, Sharqda shakllangan ilmlar bashariyatning ravnaqiga katta hissa qo‘shgan. Biz islom sivilizatsiyasi rivojiga turtki bo‘lgan ilmlar deganda, faqat diniy fanlarni nazarda tutmaymiz.
Zotan, qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanayotgan asarlarning katta qismi dunyoviy bilimlarga oid bo‘lib, bugungi G’arb dunyosi o‘z rivojlanishida ulardan unumli foydalangan.
Hozirgi vaqtda dunyoda mavjud madaniy yodgorliklarning deyarli yarmini qo‘lyozma manbalar tashkil etadi. Ushbu manbalar qatoridan O’zbekiston diyorida tavallud topib, shu tabarruk zaminda ilmiy faoliyat olib borgan imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abdulhamid Keshiy, Abu Muin Nasafiy, Abu Barokat Nasafiy kabi buyuk mutafakkirlarning yozma merosi ham o‘rin olgan. Ushbu ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish dolzarb vazifadir.
Shu nuqtai nazardan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining qo‘lyozmalarni saqlash va o‘rganishga oid qarori bu borada juda muhim hujjat hisoblanadi. Men ushbu qarorning qabul qilingani haqida eshitganimda bag‘oyat hursand bo‘ldim. Umid qilamanki, ushbu hujjat nafaqat Movarounnahr, balki butun Sharq allomalari ilmiy merosini qayta jonlantirish hamda tadqiq etish borasida amalga oshiriladigan ishlar uchun muhim dastur bo‘ladi.
Soha mutaxassislari ushbu qarorga alohida e’tibor qaratishlari hamda unda belgilangan vazifalarni o‘zaro kamarbasta bo‘lgan holda bajarishlari lozim. O’zbekiston diyori azaldan ulamolar Vatani hisoblanadi. Shu sababli, mutaxassislar jahonning yirik ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan holda allomalar ilmiy merosini yuzaga chikarish yo‘lida g‘ayrat ko‘rsatishlari talab qilinadi.
Ishonchimiz komilki, ushbu qarorning qabul qilinishidan ko‘zlangan bosh maqsad O’zbekistondan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini saqlash, tadqiq etish, qayta tiklash hamda raqamlashtirishdan iborat. Ushbu diyorda so‘nggi yillarda allomalar ilmiy merosini o‘rganish maqsadida O’zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi qator muassasalarning tashkil qilinishi tahsinga sazovordir. Ayni vaqtda ushbu markazlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmokda. O’ylaymanki, ushbu markazlar ham mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarishda alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda O’zbekistonda Sharqshunoslik instituti kabi qo‘lyozma manbalar saqlanadigan bir qator dargohlar faoliyat olib bormoqda. Ushbu kutubxonalarda saqlanayotgan ayrim qo‘lyozmalar dunyoda yagona hisoblanadi. Qadimiy yozma manbalarini o‘rganish ko‘plab ilmiy natijalarga erishish imkoniyatini yaratadi. Buning uchun esa qo‘lyozmalar ustida ishlash malakasiga ega mutaxassis-kadrlarga ulkan ehtiyoj mavjud. Menga eng manzur bo‘lgan jihati, karor bilan ta’lim muassasalarida qo‘lyozma manbalarni saqlash va ta’mirlash xamda matnshunoslik va adabiy manbashunoslik mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr va magistr mutaxassislarni tayerlash vazifasi belgilanganidir.
Shuni ta’kidlash kerakki, hozirda men faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadiqot markazi tomonidan Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosini qo‘lyozma manbalar asosida o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, allomaning "Ta’vilot al-Quron" asarining o‘zbek tilidagi tarjimasini tayyorlashda uning zamonaviy nashrlari bilan bir qatorga, dunyo qo‘lyozma fondalarida saqlanayotgan nodir nusxalaridan ham foydalanilmoqda. Shuningdek, Imom Moturidiy “Kitob at-tavhid" asarining Kembrij universitetida saqlanayotgan yagona nusxasi asosida zamonaviy nashrini tayyorlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Alohida qayd etish kerakki, bugungi kunda O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar xorijiy olim va mutaxassislarning e’tiborini o‘ziga tortmokda. Men birinchi va ikkinchi Renessans davrida bo‘lganidek, O’zbekiston yana jahon sivilizatsiyasining markazi bo‘lishiga ishonaman.
Ahmad DAMANHURIY,
Misrdagi Al-Azhar universiteti doktori,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022-yil 12-fevral, 33-son
Izoh qoldirish