637

Buyuk davlat arbobi va sarkarda

14-FEVRAL – ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUD TOPGAN KUN

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkardadir. U keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixidan muhim o‘rin oladi. 

Uning “Boburnoma” memuar asari, “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, aruz haqidagi risolalari, nafis g‘azal va ruboiylari turkiy adabiyotning eng nodir durdonalari bo‘lib, islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi, tarix fanlari rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Zahiriddin Muhammad Boburning Samarqand orzusida qilgan yurishlari samara bermagach, 1504-yilning bahorida Amudaryo tomon yuzlanadi. Shu yillarda taqdir hukmi uni ming bir sinovlardan o‘tkazadi. U metin irodasi va qat’iyligi, kam sonli qo‘shini hamda safdoshlarining jasorati va sadoqati tufayli afg‘on yerlarida qo‘nim topadi, Qobulni egallaydi.  

Bobur Chingizxon va Amir Temur qo‘shinlari taktikasidan foydalansa-da, jang harakatlari va qurollanishga yangiliklar kiritadi. Raqibga alohida qismlar bilan hujum qilish, qanotdan aylanib o‘tib qurshovga olish, orqadan zarba berish, soxta harakatlar kabi usullar unga muhim g‘alabalarni taqdim etardi.

“Boburnoma”da yozilganidek, o‘z davri uchun eng yaxshi sanalgan artilleriya va bir-biriga zanjir bilan bog‘langan aravalar piyodalar uchun muhofaza to‘sig‘i bo‘lsa, g‘animlar uchun jiddiy g‘ov edi. 

Bobur mavqeyini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519-1525-yillar davomida Hindistonni qo‘lga kiritish uchun bir necha bor jang qildi. Boburning Hindistondagi yutuqlarida ko‘p jihatdan xorazmlik to‘p quyuvchi usta Aliqulining ham o‘rni bor. Mohir mergan, yevropaliklarning “farangi” to‘pidan o‘t ochish hadisini olgan Aliquli keyinchalik o‘zi to‘p (qozon) quyib, ulardan ulkan hajmdagi toshlarni otadigan bo‘lgan. Bunday to‘pni quyish jarayonini Bobur shaxsan o‘zi kuzatgan va bu haqda “Boburnoma” asarida bayon qilgan. Qozonlar qal’alarni qamal qilishda qo‘llanilgan va undan kuniga 8 tadan 16 tagacha snaryad-tosh otish mumkin bo‘lgan. Qozonlar qal’a, minoralar, darvozalarni buzishda qo‘llanilgan.

1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘di bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo‘lgan janglarda Boburning qo‘li baland keldi. Tarixiy ma’lumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi bo‘lgan Panjob hokimlari ham Boburni qo‘llagan va Sikri jangidagi bu g‘alaba Boburga Hindistonda o‘z hukmronligini uzil-kesil o‘rnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovro‘po tarixchiligida “Buyuk mo‘g‘ullar” nomi bilan mashhur bo‘lgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.

Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, hind yerlari birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bog‘-rog‘lar yaratish ishlariga homiylik qildi. Uning bu kabi ishlari o‘g‘illari va avlodlari davrida keng miqyosga yoyildi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida o‘sha davrning ilg‘or va zehni o‘tkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir ma’naviy-ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javaharlal Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa birbirlariga tutashib ketdi”.

Uzoq yillar davomida G‘arb va Sharqning mashhur sharqshunos olimlari “Boburnoma” mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida katta faoliyat ko‘rsatdilar. Masalan, gollandiyalik olim Vitsen, angliyalik olimlar J.Leyden, V.Erskin, R.Koldekot, A.Beverej, T.Albot, germaniyalik Y.Klaynrat va A.Keyzer, fransiyalik Pave de Kurteyl, hindistonlik Mirzo Nasriddin Haydar Rizvi, turkiyalik R.R.Art va N.I.Bayur va bizning davrimizdagi fransiyalik olim Bakke Gromon, afg‘onistonlik olim Abulhay Habibiy, pokistonlik olimlar Rashid Axtar, Nadvi va Shoh Olam Mavliyot shular jumlasidandir.

“Boburnoma”ni o‘rganish sohasida jahonning mashhur sharqshunoslari qatoridan yaponiyalik olimlar ham joy olmoqdalar. Bobur she’riyatida Vatan tuyg‘usi, Vatan sog‘inchi, unga qaytish umidi ko‘zga yaqqol tashlanadi:

Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har ishnikim ayladim – xatolig‘ bo‘ldi,

O‘z yerin qo‘yib Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.

Shu bilan birga Bobur lirikasida she’riyatning asosiy mazmuni bo‘lgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning go‘zalligi, unga cheksiz muhabbat, hijron azobi, ayrilig‘ alamlari va visol quvonchlari nihoyat go‘zal va mohirona ifoda etilgan:

Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,

Ko‘rub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrayi zardim.

Sen ey gul, qo‘ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,

Ayog‘ingg‘a tushub bargi xazondek muncha yolbordim.

Bobur o‘z lirik she’rlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuyg‘ularni qadrlashga chaqirdi:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.

Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz,

Har kimki yamon bo‘lsa, jazo topqusidur.

Narimon RAHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari 

davlat muzeyi direktori o‘rinbosari

Manba: “Vatanparvar” gazetasi 2022-yil 11-fevral, 6-son

Izoh qoldirish