Noyob qo‘lyozmalar yangidan dunyo yuzini ko‘radi
MUNOSABAT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori milliy-ma’naviy merosimizni tiklash va xalqaro miqyosda targ‘ib etish, buyuk alloma va mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan bitilgan minglab noyob asarlarni to‘plash, o‘rganish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ular tadqiq etishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Keyingi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani va izchil faoliyat yuritayotgani tahsinga sazovor. Mamlakatimizdagi bunday xayrli tadbirlar xalqaro jamoatchilikning ham e’tirofini qozonmoqda. Yangi qaror bilan esa bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayadigan bo‘ldi.
Qarorda ko‘zda tutilganidek, qadimiy yozma manbalarning davlat reestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzey, kutubxona va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinishi ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu paytgacha yurtimizdagi har bir ilmiy-tadqiqot muassasasi muayyan ma’noda mustaqil ish yuritib kelayotgan edi. Tadqiqotlar markazlashtirilgan tarzda yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, parallel, takroriy ishlarga o‘rin qolmaydi, hamkorlik va tajriba almashuvi faollashadi, turli muassasalar bir-birining yordami bilan o‘z qo‘lyozma fondlarini boyitadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish bo‘yicha zamonaviy laboratoriya ana shu xayrli maqsadga xizmat qiladi, albatta. U qadimiy yozma manbalar kimyoviy, biologik va boshqa omillar ta’sirida zararlanishining oldini olish, preventiv va stabillashtiruvchi konservatsiya va restavratsiya qilish, jildlarni sahhoflik va muqovasozlik an’analari asosida tiklash va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.
Mamlakatimizdagi boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari bu yerda malaka oshirishi, tajriba almashishi mumkin. Ayrim tashkilotlar, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan vatandoshlarimiz qo‘lida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni to‘plash borasida ham faol ishlar qilmoqda.
Tabiiyki, bu nodir manbalarning hammasi ham yaxshi holatda bo‘lmaydi. Ba’zilari shoshilinch professional restavratsiyaga, keyinchalik ishonchli konservatsiyaga juda muhtoj bo‘ladi. Mana shunday manbalarni tom ma’noda qutqarishda, kelajak avlodlar uchun saqlab qolishda mazkur laboratoriya bilan hamkorlik g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Qarorda mana shu mulohazalarning o‘ta zarur mantiqiy davomi o‘zining yorqin ifodasini topgan. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” yo‘nalishida (bakalavriat) kadrlar tayyorlanadigan bo‘ldi. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan laboratoriyaga beriladigan qo‘lyozmalar juda ko‘p bo‘lib, u kuchli bilim va kasb malakasiga ega kadrlar bilan doimiy ravishda ta’minlanishi lozim.
Yana bir jihat O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” hamda “Filologiya va tillarni o‘qitish (mumtoz tillar)” bo‘yicha bakalavriat hamda magistratura bosqichlari talabalarining o‘quv jarayoni, amaliyoti, diplom ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari Sharqshunoslik instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi, Davlat adabiyot muzeyi va boshqa qo‘lyozma fondlarida soha olimlari ishtirokida o‘tkazilishidir. Zero, matnshunoslik va manbashunoslik bevosita yozma manbalar bilan bog‘liq bo‘lib, har qanday qo‘lyozmani tadqiq etish uchun arab, fors tillaridan, qadimiy xat turlaridan muayyan darajada boxabar bo‘lishni taqozo qiladi. Yangi kadrlarning o‘quv va ilmiy ishini himoya qilish jarayoniga mutaxassis olimlar jalb etilishi ularning kasbiy tayyorlik darajasini oshirish imkonini beradi. Bitiruvchilar sohada faoliyat boshlashidan avval o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ko‘nikma va tajriba to‘plab boradi. Aniqrog‘i qog‘oz turi va sifati, ularga yondashuv, yozuv va siyoh turlari bo‘yicha muayyan tajribaga ega bo‘lib, ishga professional yondashadi. Shu sababli O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mazkur yo‘nalish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi.
Mazkur akademiya bitiruvchilari kelajakda o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishishi kerak. Chunki bundan buyon qo‘lyozmalarning taqdiri — restavratsiyasi, saqlanishi yoki konservatsiyasi, tadqiq qilinishi va targ‘ib etilishi ko‘p jihatdan shu kadrlarning qanday faoliyat yuritishiga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, qarorda qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy xodim va restavratorlar uchun har yili nufuzli xorijiy muzey, laboratoriya va arxiv fondlarida stajirovkalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Mohiyatan qaraganda, bu kasb egalari turli tarkibiy va sifat jihatlariga ega bo‘lgan, turli davrlarga mansub qog‘oz, bo‘yoq va muqovalar bilan ishlaydi. Ularning ayrimlari Markaziy Osiyoda keng tarqalgan bo‘lsa, ayrimlari bu mintaqa uchun noyob hisoblanadi.
Demak, har bir qo‘lyozmani restavratsiya qilish, saqlash, konservatsiyalash, tadqiq etishga alohida yondashuv zarur bo‘ladi. Milliy kadrlarimizning bu boradagi bilim, tajriba va ko‘nikmalarini oshirish uchun ularni xorijiy ilmiy muassasalarga yuborish ayni muddaodir.
Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali yurtimiz allomalari va mutafakkirlari ijodiga doir qadimiy yozma manbalar kataloglari va elektron nusxalarini aniqlab, ularni tarjima qilish va ilmiy muomalaga kiritish choralari ko‘riladi. Qarorning bu bandi milliy fondlarimizni har tomonlama boyitishga xizmat qiladi. Albatta, hozirgi kunda xorijiy mamlakatlardan ayrim qo‘lyozmalarning katalog va elektron nusxalari keltirilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Misr, Buyuk Britaniya, Turkiya kabi davlatlardagi fondlardan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarimizning asarlariga doir qo‘lyozmalarning katalog va elektron nusxalari olib kelingan. Endilikda yurtimizdagi barcha ilmiy-tadqiqot muassasalarining bu boradagi faoliyat ko‘lami yanada kengayadi.
Hujjatda ta’kidlanganidek, UNESCO, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, madaniyati va san’atini tadqiq etish markazi (IRCICA) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va ilmiytadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda qadimiy yozma manbalarni muhofaza qilish va tadqiq etishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi. Bu orqali O‘zbekiston fondlarida mavjud bo‘lmagan, lekin xorijdagi kutubxonalar xazinalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalardan nusxa olish va milliy fondimizni boyitish, tegishli me’yorlar asosida saqlanmagan qimmatli qo‘lyozmalarni chet ellik tadqiqotchi va restavratorlar bilan birgalikda tiklash, tadqiq qilish va keng jamoatchilikka taqdim etish, umuman, qo‘lyozmalar bilan ishlashda xalqaro tajribani o‘rganish va o‘zlashtirish mumkin bo‘ladi.
Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida qo‘shni davlatlar bilan qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham g‘oyat dolzarbdir. Zero, mintaqamiz mamlakatlari xalqlari o‘z shaxsiy, oilaviy, sulolaviy fondlarida ko‘plab qo‘lyozmalarni saqlab keladi. Ularni aniqlash, nusxa olish, o‘rganish butun Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy hamkorlikni faollashtiribgina qolmay, har bir mamlakatda ilm odamlari safini ham kengaytiradi. Shubha yo‘qki, qo‘shnimizda mavjud bo‘lmagan manba bizda, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagani qo‘shnimizda mavjud bo‘lishi ehtimoli juda katta. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, mintaqaviy hamkorlik o‘zaro bilim va tajriba almashishda, birgalikda ko‘nikmalarimizni mustahkamlashda juda muhim o‘rin tutadi.
Hujjatga binoan, internetda yurtimiz alloma va mutafakkirlarining hayoti, ilmiy-ma’naviy merosi haqidagi ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Bu orqali yuzlab, minglab olimlarimizning tadqiqotlarini keng jamoatchilikka yetkazish osonlashadi, ilm-fanga qiziquvchi hamyurtlarimiz va chet ellik ilm ixlosmandlari uchun ko‘plab qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatlari yaratiladi.
Prezidentimizning mazkur qarori asrlar davomida turli siyosiy va ijtimoiy omillar sababli xalqimiz foydalana olmay kelayotgan manbalarni yana hamyurtlarimiz va xorijlik ilm shaydolari e’tiboriga havola etish imkoniyatini yaratmoqda. Ushbu hujjat tufayli endilikda minglab noyob qo‘lyozmalar yangidan dunyo yuzini ko‘rishiga shubha yo‘q.
Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 11-fevral, 31-son
Izoh qoldirish