“To hirs-u havas xirmani barbod o‘lmas...”
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN
Navoiy ijodiga murojaat etar ekanmiz, bu noyob xazinada inson hayotining barcha jabhalariga taalluqli go‘zal fikrlar, noyob xulosalar, kishi ruhiga malham bo‘luvchi hikmat saboqlarining jamuljamligiga iqror bo‘lamiz.
Ular besh asr avval ham, bugun ham komil inson tarbiyasi, ko‘ngil pokligi, iymon butligi uchun shu qadar zarur. Biz bu ulug‘ zotning shoh satrlarini qanchalar ko‘p va xo‘b o‘qisak, ma’nolarini idrok etsak, shunchalar yaxshi. Ustoz Abdulla Oripov yozganidek, “Buyuk bobomiz ijodi ulkan bir ummondir yoxud dunyoning eng rang-barang va benazir xazinasidir. Kimki nimani axtarsa, ushbu xazinadan, albatta, topg‘usidir. Navoiyning muborak nazari tushmagan biror soha yo‘q”.
Taniqli adabiyotshunos olim Najmiddin Komilovning Alisher Navoiy g‘azallari ma’nolarini izohlab yozgan sharhlaridan ma’lum bo‘ladiki, ustoz qalamiga mansub g‘azallar, ruboiylar va dostonlarda shu choqqacha tadqiq etilmagan ko‘p zarur va foydali jihatlar mavjud. Chunonchi, “Gʻazaldagi ma’nolarni tushunish bilan birga uni o‘z vazniohangi bilan o‘qish, talaffuz etish ham muhim. Aslini olganda, g‘azalni tushunmay, undagi satrlarni to‘g‘ri o‘qish amri mahol”. Tadqiqotchi olim Alisher Navoiyning sermazmun va serqirra hayoti, insoniy fazilatlari, iqtidor va kamoloti zamondoshlari uchun ibrat va namuna bo‘lganidek, bugungi avlod, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun ham ibrat maktabi bo‘la olishini, bu maktabdan saboq olish g‘oyat muhimligini alohida ta’kidlaydi.
Tarixdan ma’lumki, Navoiy juda ko‘p yosh ijodkorlarga rahnamolik qilgan. Ko‘plab iste’dod sohiblari bu ulug‘ zotning ustozlik himmati va marhamati bilan voyaga yetganlar. Navoiy ijodkordagi hamma narsa – tabiiy qobiliyat, bilim va mehnat, tahsil va idrok, talabchanlik, axloqiy fazilatlar o‘zaro uyg‘un bo‘lishi lozimligini alohida uqtiradi. Shoir qalbida yashayotgan ishqmuhabbat, vafosadoqat kabi munavvar tuyg‘ular o‘quvchi qalbiga ko‘chishi, ularni ezgu orzuniyatlarga da’vat etishi, ezgu ishlarga ilhomlantirishi lozim. Mutafakkir shoirning ta’kidlashicha, adolat, imon, e’tiqod kabi fazilatlar inson uchun bag‘oyat zarur, bularsiz komil insonni, komil jamiyatni tasavvur qilish qiyin. Har qanday adolatsizlik, haqsizlik jamiyat rivojiga, tinchtotuv hayotga, ahilinoqlik yo‘liga to‘siq bo‘ladi, binobarin, adolat chirog‘i yonib, choratrofga shu’la taratib turmagan joyda ulg‘ayish bo‘lmaydi, elulusning peshonasi oqarmaydi, aksincha, turfa xil ziddiyatlar, qaramaqarshiliklar paydo bo‘ladi. Navoiy ta’limotining mag‘zi ham shunda.
Navoiyshunos olima Suyima Gʻaniyeva shunday yozadi: “Adabiy asarning qiymati, o‘qishli yoki o‘qishli emasligi, birinchi navbatda, uning qanday uslub bilan yozilishiga bog‘liq. Alisher Navoiy asarlari besh asrdan buyon xalqimiz tomonidan sevib o‘qib kelinayotgan ekan, demak, bu asarlar yaxshi uslub bilan, insonga farah bag‘ishlaydigan shakl va ohanglarda yaratilgan”.
Ustoz Erkin Vohidov Navoiyning “Vahki umrim barcha zoye bo‘ldi el komi bilan”, deb boshlanuvchi g‘azalini g‘oyat go‘zal sharhlagan: “She’r boshdan oyoq ozodlik tuyg‘usi haqida. Gʻazalning ilk satriyoq kishini cheksiz xayollarga g‘arq qiladi:
Vahki umrim barcha zoye bo‘ldi el komi bila,
Bodai nob o‘rnida xunoba oshomi bila.
Naqadar buyuk iztirob bor bu misralarda. Birgina shoirning emas, butun insoniyatning, hamma zamon va makonlarning dard-u alami bor. Kom – istak, xohish demak. Komronlik o‘z istagiga ko‘ra yashamoq, ya’ni ozod bo‘lmoqdir. Shoir bu o‘rinda taassuf bilan, men o‘z istagimga ko‘ra yashamadim, boshqalarning ra’yiga qarab, odamlar nima derkin, deya andisha qilib yashadim, ixtiyorim hech qachon o‘zimda bo‘lmadi, demoqda. Shu bois ichganim boda emas, qonli yoshlarim bo‘ldi, hayotim zoye ketdi, deydi u.
Bu faqat o‘n beshinchi asrning emas, balki hamma davrlarning ham iztirobidir. Buyuk shaxsiyati, keng bilim va dunyoqarashi bilan o‘z zamonasining tor qoliplariga sig‘magan Navoiy faryod qiladi:
Kimsa yuz yil komronlig‘ qilsa, bilkim, arzimas,
Dahr aro bir lahza bo‘lmoqqa birov komi bila.
Erksizlik shunday alamli holatki, bir lahza ixtiyorsizlikning og‘ir yuki yuz yil o‘z erking bilan baxtli yashaganingni ham bosib ketadi. Erksizlikning bir daqiqasi ham og‘ir ko‘rgilik ekan. Umrga tatigulik zahmat ekan. Birov komi nima? Bu o‘zganing istagi, xohishi, irodasi, izmi, ruxsati, ra’yi demakdir. Komronlik o‘z erki o‘zida bo‘lmoq, ixtiyor egasi bo‘lmoq, demakki, niyatga yetmoq. Buning aksi nokomlik, ya’ni erksizlikdir. Navoiy uchun erksizlikda ichilgan obi hayotdan ko‘ra o‘z xohishi bilan ichilgan zahar yaxshiroqdir.
Zahrni o‘z komi birla ichsa ondin yaxshikim,
Ichsa hayvon sharbatin nokomlig‘ jomi bila.
Birov zo‘rlab ichirgan qadah nokomlik jomidir. Baytning ma’nosini lo‘nda qilib aytsa, erksiz yashagandan ko‘ra o‘lgan yaxshi, demakdir”.
Navoiy ijodini tadqiq etish, tushunish va anglash bugunning, ertaning, undan keyingi yorug‘, fasohatli kunlarimizning ham muhim vazifasidir. Bu ish – yuksak badiiyat va san’at maqomiga munosib so‘z yuritmoq, ustoz Botirxon Akramov yozib ketganidek, “Bosharaf va mas’uliyatli vazifa bo‘lish bilan birga, shunchalar huzurbaxsh, ruhni poklantiruvchi bir mashg‘ulotdir... Navoiy dahosining sirsinoati, asl mohiyatini anglar ekanmiz, ulug‘ shoir yaratgan timsollarning ruhiy teranliklari, moʻjizaviy alomatlari, g‘ayb olami va nihoyat, mutlaq ruhiyat – Allohning cheksiz va muqaddas mulkiga sayr-u sayohat qila boshlaymiz”.
Botirxon domla shunday “sayohat”lardan birida “Layli va Majnun” dostonida So‘zga berilgan quyidagi ta’rifni “milliy tafakkurimizga xos, fasohat olami uchun ramziy debocha”, deya baholaydi:
Ey So‘z, ne balo, ajab guharsen,
Guhar neki, bahri mavjvarsen...
Aytib sovumas tarona – sensen,
Olib qurumas xizona – sensen...
Taniqli olim Shuhrat Sirojiddinov Navoiy aqidalari xususida quyidagilarni ta’kidlaydi: “Uning doston va g‘azallarida aks etgan ilmiybadiiy, diniyfalsafiy tafakkur shu qadar kengki, ba’zi baytlar sharhi o‘quvchidan nihoyatda keng bilimga ega bo‘lishni taqozo etadi. Shu ma’noda Navoiy “Xamsa”si so‘ngida noma’lum kotib tomonidan yozib qoldirilgan quyidagi misralar diqqatga sazovordir:
Navoiyki, ul jomei sirr-u jahr,
Aning har so‘zidur muammo misol,
Ango yetmagandin xirad nutqi lol.
Jahon ganji har baytidadur nihon,
Ki har ganjidadur nihon bir jahon...”.
Ne baxtki, bugun ma’naviy hayotimizda Navoiyga qaytish boshlandi. Bu qaytish uchinchi uyg‘onish faslining daragi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Ustoz Izzat Sultonning “Navoiyning qalb daftari” qayta nashr etildi. Abduqodir Hayitmetovning “Navoiy lirikasi” kitobining yangi nashridan bahramand bo‘ldik Akademik Abdulla A’zamov Alisher Navoiy haqida “Abrorlar hayrati” nomli falsafiy esse yozdi, “Navoiy ijodida hazilmutoyiba” tadqiqoti ikki marta chop etildi. Iste’dodli nosir Isajon Sultonning “Navoiy” romani kitobxonlar qo‘liga borib yetdi. Adabiyotshunos Ibrohim Haqqulning telesuhbatlari, tadqiqot maqolalari yoshlarda Navoiy ijodiga qiziqish uyg‘otmoqda. Nusratullo Jumaxo‘ja olim va shoirlarimizning Navoiy asarlariga yozgan sara sharhlarini to‘plab, “Navoiy g‘azaliyoti talqinlari” nomida chop ettirdi. Sherxon Qorayevning “Navoiy adabiy majlislari” risolasidan o‘quvchi o‘zi uchun ko‘p muhim ma’lumot olishi aniq. Tadqiqotchi Akrom Malik “Hayrat ulabror”ning ikki jildlik tabdilini tayyorladi.
Zuhriddin Isomiddinov o‘zining “Shavqi navo” kitobida o‘quvchi e’tiborini ulug‘ mutafakkir g‘azallari matla’sining sirli ma’nolariga ega ekanligiga qaratadi: “Navoiy ko‘zda tutgan, ammo biz hali anglab yetmagan bir talay ma’nolar ko‘zimiz oldiga keltiriladi, shu bir bayt talqinidayoq biz qay darajada buyuk mutasavvif shoir ijodi olamiga kirib borayotganimizni his etamiz”. Soddaroq o‘quvchi muallifga g‘oyibona: “Qani o‘sha, siz aytayotgan – ko‘plar hanuz anglab yetmagan (yeta olmayotgan) ma’nolar”, degan savol bilan murojaat qiladi. Javob tayyor. Zuhriddin “Yor aksin mayda ko‘r, deb jomdin chiqti sado” misrasida yangi bir ma’noni ko‘rganday bo‘ladi: “May to‘la jom uzra engashgan odam (mayxo‘r – oshiq) , shubhasiz, may sirtida o‘zining aksini ko‘radi. Ya’ni yor – uning o‘zi bo‘lib chiqadi. Chunki oshiqning butun fikrizikri kecha-yu kunduz faqat yor hayoli bilan yashashdan iborat bo‘lsa, o‘zligi yo‘qoladi, uning o‘zi yorga, yorning birqismiga, tajallisiga aylanadi...”.
Olimjon Davlatovning Navoiy g‘azallariga yozgan sharhlari ravon va tiniqligi bilan ajralib turadi. “Gʻaroyib ussig‘ar” devonining “Ey, hamd o‘lub mahol fasohat bilan sanga”, deb boshlanuvchi 4g‘azaliga sharhdan: “Inson o‘ziga nisbatan qanday fikrda bo‘lishidan qat’i nazar, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lmaguncha tiyraro‘zgor, ya’ni baxtiqarodir. Ko‘hna tarix sahifalarini varaqlab, bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Misr ahli Xudo deb e’tirof etgan Fir’avn ham, butun olam xazinalarining sohibi Qorun ham, yer yuzida hukmdor bo‘lgan Namrud ham, sirtdan qaraganda, omadli va qudratli ko‘ringani bilan, aslida, hayotlari ayanchli yakun topgan... Alisher Navoiy osiylik qilganini ko‘p bor e’tirof etib, ming xijolat bilan Haq taolodan gunohlarini kechirishini so‘raydi. Shunday farishtasifat inson o‘zini “isyoni ko‘p” deb bilarkan, bizning holimiz ne kecharkin?!.
Isyoni ko‘p Navoiyningu yo‘q uyotikim,
Istar yetishsa muncha xijolat bilan sanga”.
Iste’dodli adib Bahodir Qobul o‘zining ohorli xalqona tilli asarlari bilan o‘quvchiga allaqachon tanilib bo‘lgan, ijodda o‘z yo‘li va uslubiga ega adiblarimizdan biri. Samarqand universitetida tahsil olganida Alisher Navoiy asarlariga jiddiy qiziqishi, “Mahbub ulqulub”, “Muhokamat ullug‘atayn”ni qaytaqayta mutolaa qilishi bilan ustoz Boturxon Valixonovning e’tiboriga tushgan. Yillar o‘tib, bu qiziqishning hosilasi o‘laroq “Mahbub ulqulub” va “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning bugungi so‘zlashuvimizga mos o‘girmalari yuzaga keldi, o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
Hayot charxi tinimsiz aylanadi. Zamonlar, davrlar o‘zgaradi, sulolalar yangilanadi, ammo kecha kunduzga, kunduz kechaga ulanganidek, yorug‘ kunlar ketidan bugungidek tashvishli – dunyoni ayovsiz qamragan pandemiya holatlari ham yuzaga kelib, insonning aqlzakovati, sabrqanoati, til-u dilining pokligi, uyg‘oqligini sinovdan o‘tkazadi. Alisher Navoiy bobomiz bunday holatda qanday yo‘l tutish lozimligini aytib ketganlar:
To hirs-u havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafs-u havo qasri baraftod o‘lmas,
To zulm-u sitam joniga bedod o‘lmas –
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Har bir xalqning madaniyma’rifiy qiyofasini belgilaydigan, jahon tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalari, buyuk donishmandlari bo‘ladi. Yillar, asrlar o‘tadi, ammo bunday zotlarning xotirasi avlodlar qalbida mangu yashab qoladi, kelajak nasllar ularning ma’naviy merosidan yanada ko‘proq bahramand bo‘ladi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Manba: “Ishonch” gazetasi 2022-yil 3-fevral, 15-son
Izoh qoldirish