221

History of the Academy

Akademiyaning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati tarixi

Qarorlar

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismiga aylangan islom dini, musulmonlarga erkinliklar yaratib berildi. Ammo, ushbu erkinlik va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana bilmagan, islom dinining asl mohiyatini anglab yetmagan ba’zi odamlar dinni niqob qilib olgan ektremistik guruhlar ta’siriga tushib qolib, o‘z Vataniga qarshi jinoyatlarni amalga oshirishdi. Shu kabi voqealar islom dinining asl mohiyatini, butun dunyo sivilizasiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish, ularning zamonaviy tahlilini amalga oshirish va bugungi kunning muammolarini hal etishda ulardan foydalanish, mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini qondirish hamda diniy sohani zamonaviy mutaxassis kadrlar bilan ta’minlashni dolzarb vazifaga aylantirdi. 1999-yil 7-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Toshkent islom universitetini tashkil etishdan ham aynan ushbu vazifalarni  amalga oshirish ko‘zlangan edi.

2018-yil 16-aprelgacha bo‘lgan davrda ushbu maskan nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro hamjamiyatda ham obro‘ qozonib, bu yerdan o‘z sohasining yetuk kadrlari yetishib chiqdi. Universitet jamoasi Respublikamizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, fuqarolarning diniy savodxonligini oshirish yuzasidan o‘z hissalarini qo‘shdi. Universitetni tamomlagan kadrlar Respublikamizning turli davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlab, diniy-ma’rifiy soha rivoji uchun mehnat qildilar.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yanada jadallashdi. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekish orqali ushbu sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi belgilandi.

20 yillik faoliyat davomida Toshkent islom universitetida ma’naviy-ma’rifiy hamda iqtidorli yoshlar bilan ishlash yuzasidan samarali faoliyat olib borildi.

Mazkur davr mobaynida professor-o‘qituvchilarning yetuk malakalari va salohiyatidan universitet, Toshkent shahri hamda Respublikamiz miqyosida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarida unumli foydalanildi.

Professor-o‘qituvchilar

Akademiya professor-o‘qituvchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida doimiy faoliyat olib boruvchi 4 ta (futbol, voleybol, stol tennisi, trenajer) sport to‘garaklari tashkil qilingan bo‘lib, ularda 43 ta qatnashchilar mavjud. Shu bilan birga, Respublika miqyosida nishonlanadigan bayramlar oldidan Akademiyaning barcha professor-o‘qituvchilarini qamrab oladigan futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnomalar bilan taqdirlanishmoqda.

Xotin qizlar

Akademiya hayotida xotin-qizlarning roli beqiyos bo‘lib, ular turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelishmoqda. Jumladan, 9 nafar xotin-qizlar kafedra mudiri va bo‘lim boshliqlari lavozimlarida ishlab, Akademiyaning nufuzini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va boshqa qator vazifalarni bajarishda ko‘makdosh bo‘lishmoqda. Hozirgi kunda Xotin-qizlar bo‘limi tomonidan talaba-qizlarning iqtidorlarini aniqlash, ularning o‘z imkoniyatlarini namoyish etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, har yili ushbu bo‘lim tashabbusi bilan mart oyida Akademiyada Respublika miqyosidagi xotin-qizlar ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilib, to‘plamlar nashr ettirilmoqda. Talaba-qizlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi rolini oshirish, yoshlarning madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodini yuksaltirish yo‘lidagi faoliyatini ta’minlash maqsadida samarali ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq, birgina 2018-yilda “Zulfiyaxonim qizlari” ko‘rik tanlovining Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosqichida talaba qizlar D.Shokirova hamda N.Botirovalar ishtirok etishib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Akademiya xotin-qizlari va boshqa xodimlariga o‘rnak sifatida Xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i R.Matibayeva 2016-yil Xotin-qizlar tizimida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik tanlovi Respublika g‘olibi, 2017-yil Xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik tanlovi Toshkent shahar bosqichi g‘olibi bo‘ldi.

Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti

Akademiyada faoliyat olib boruvchi Yoshlar ittifoqi Akademiya boshlang‘ich tashkiloti tomonidan talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish yuzasidan “Tafakkur sinovlari” intellektual musobaqasi, “Munozara” debat klubi, Talabalar teatr studiyasi, “Yosh akademiklar” QVZ guruhi faoliyati doimiy tashkil etib borilmoqda. Shu bilan birgalikda, o‘tkazilayotgan hasharlar, bayramoldi xayriya tadbirlarida ishtirok etishib, qariyalar, nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarning holidan xabar olishib, ularning uy ishlariga qarashishmoqda.

“Ziyo” media markazi

Mamlakatimizda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, tabarruk qadamjolarini obod etish, muqaddas dinimiz musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, ularni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib etish maqsadida 2000-yilda tashkil etilgan “Ziyo” studiyasi tomonidan O‘zMTRK “O‘zbekiston” telekanalining juma dasturlarida “E’tiqod mustahkamligi yo‘lida” va “Imom Buxoriy saboqlari” ruknlari, “Oriat dono” hamda “Navro‘z” radiokanali orqali “Ziyo chashmasi”  dasturlari orqali 1000 dan ortiq ko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlanib, efirga uzatilgan. Ularda 2000 dan ortiq professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etishgan.

Iqtidorli yoshlar

Akademiya iqtidorli talabalarining imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni yanada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tizimli faoliyat tashkil etilgan bo‘lib, turli sohalarda ilmiy-ijodiy salohiyatga ega bo‘lgan talaba-yoshlarni aniqlash va ularga ko‘mak berish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, talaba-yoshlar ichidan yaxshi va a’lo baholarga o‘quvchilarini aniqlash va ularga tajribali professor-o‘qituvchilarni “ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra biriktirish va ularning ilmiy faoliyat olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida o‘tgan vaqt mobaynida Respublika iqtidorli talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan Dinshunoslik olimpiadasining Respublika bosqichida akademiya (universitet)ning 15 nafar talabalari birinchi o‘rinlarni olishdi. O‘zbekiston Respublikasi talabalari uchun ta’sis etilgan Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasining g‘oliblari yetishib chiqishdi. 2002-2018-yillar davomida Akademiya (Toshkent islom universiteti)ning 43 nafar talabasi Imom al-Buxoriy nomidagi, 1 nafar talabasi Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari bo‘lishdi. Akademiyaning birinchi qaldirg‘ochlaridan, hozirda jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedrasining  katta o‘qituvchisi S.Saidjalolov 2015-yil “Yilning eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik tanlovi Toshkent shahar bosqichi, 2016-yil  Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2018-yilda “O‘zbekiston yoshlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi”  respublika ijodiy ishlar tanlovida “Dinshunoslik” mutaxassisligi 2-bosqich magistranti B.Botirov mazkur musobaqaning Respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Xudoyqulova Sabina 2018-yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan “Respublika yosh olimlarining innovasion grant tanlovi”da 10 mln so‘mlik grant sohibiga aylandi.

Talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning fan va ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Akademiyada mutaxassislik fanlari, chet tillari hamda sport turlari bo‘yicha 42 ta to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 400 ga yaqin talaba-yoshlarning doimiy ishtiroki ta’minlangan. Shu bilan birga, 2019-yildan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorlikda amaliy cholg‘uchilik (dutorchilik, rubobchilik) bo‘yicha badiiy to‘garaklar qayta tashkil etilib, talabalarning qiziqishlarini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

Sport-sog‘lomlashtirish ishlari

Akademiya talabalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yuzasidan Talabalar kuniga bag‘ishlangan sport musobaqalari (darts, stol tennisi, futbol koptogi, shaxmat va shashka, armresling, tosh ko‘tarish), shaxmat bo‘yicha Akademiya birinchiligi musobaqalari, talaba-qizlar kuniga bag‘ishlangan sport musobaqalari, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan sport musobaqalari, “Spartakiada” musobaqa (stol tennisi, shaxmat, shashka, voleybol, darst, armrestling, arqon tortish)larida Akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari (350 nafar) faol ishtirok etib borishmoqda. O‘tgan yillar davomida, Toshkent shahar OTMlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Shaxmat”, “Voleybol”, “Kurash”, “Basketbol”, “Mini-futbol”, “Armrestling”, “Dzyu-do” sport turlaridagi musobaqalarda Akademiya talabalari faol ishtirok etib kelishmoqda.

Akademiya talabalarining bu borada erishgan yutuqlari ham bajarilgan ishlar samaradorligi natijasi haqida ma’lumot bermoqda. Jumladan, “Dinshunoslik” yo‘nalishi rus guruhi 2-bosqich talabasi D.Shokirova quyidagi yutuqlarga erishdi: 2017-yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston chempionati”ning kattalar o‘rtasidagi bahslarda 1-o‘rin; 2017-yil Samarqand shahridagi “O‘zbekiston Respublikasi” kubogining kattalar o‘rtasidagi bahslarda 1-o‘rin; 2017-yil Xalqaro toifadagi “Qora Belbog‘” musobaqasida 1-daraja; 2018-yil Qozog‘istonning Astana shahrida o‘tkazilgan “MDX davlatlar Kubogi”da O‘zbekistondan hakam bo‘ldi va ikkita 3-o‘rin sohibi hamda 2018-yildan boshlab sportning Taekvondo (ITF) turi hamda Badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiy sifatida o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Akademik guruhlarga biriktirilgan 43 nafar professor-o‘qituvchilari talabalarning mafkuraviy immunitetini shakllantirish, ularning yurtimiz va xorijda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar to‘g‘risida xolis va ishonchli ma’lumot olishlari, bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlari, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarini oldini olish yuzasidan bir qator ishlari amalga oshirib kelishmoqda. Jumladan, har haftada bir marotaba o‘tkaziladigan murabbiylik va axborot soatlari davomida talabalarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularning turli muammolarini hal etish yuzasidan maslahatlarini berib borishmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ishchi guruhi hamda Akademiya mutaxassislari tomonidan tayyorlangan materiallar asosida axborot soatlari o‘tkazilib, talabalar siyosiy savodxonligi oshirib borilmoqda.

Akademiya talabalari orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda targ‘ibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.

Talabalar turar joyi

Akademiya TTJsida istiqomat qiluvchi talabalarning vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish, ularning madaniy xordiq chiqarishlarini ta’minlash yuzasidan 450 dan ortiq badiiy adabiyot, 800 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 30 dan ortiq vaqtli matbuot nashrlari bilan ta’minlangan Akademiya ARMining filiali hamda Ma’naviyat-ma’rifat xonalari tashkil etilgan bo‘lib, u yerda talabalar fan va badiiy adabiyotlarni o‘qishib, turli ma’naviy musobaqalar, viloyatlarning urf-odat va an’analarini namoyish etuvchi “Viloyat haftaliklari” o‘tkazishadi. Shu bilan birga, TTJga Respublikamizning taniqli olimlari sharqshunos olimlari (professor Ubaydulla Uvatov, professor Ahadjon Hasanov), dindorlar (Shayx Abdulaziz Mansur, Anvar qori Tursunov, Rahmatullo qori Sayfuddinov va boshq.), adabiyotshunoslar (Tohir Malik va boshqalar), shoirlar (Bobur Bobomurod, Iqbol Mirzo va boshq.), kino aktyorlari (Jumadulla Rametov, Dilnoza Kubayeva va boshqalar) bilan davra suhbatlari uyushtirilib boriladi.

Shu bilan birga, Akademiya professor-o‘qituvchilarining TTJda navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda istiqomat qiluvchi talaba-yoshlar bilan ham muntazam ravishda suhbatlar uyushtirilgan bo‘lib, ularda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ustozlar o‘zlarining hayot tajribalaridan kelib chiqqan holda tavsiyalar berib kelishmoqda.

Toshkent shahri miqyosida

Akademiyaning professor-o‘qituvchi, tadqiqotchi va magistrantlari Toshkent shahridagi davlat va nodavlat tashkilotlari, harbiy qismlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar takliflari asosida ushbu tashkilotlarning rahbar xodimlari, harbiy xizmatchilari, OTMlar murojaatlariga asosan ularning professor-o‘qituvchi va  talaba-yoshlari, Uchtepa, Olmazor va Shayxontohur tumani “Ayollar maslahat markazi”lari bilan hamkorlik rejasiga binoan uyushmagan ayollarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularning turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etib kelishmoqda. Jumladan, birgina 2018 yil yakunlariga ko‘ra, tashkil etilgan 400 dan ortiq targ‘ibot tadbirlarida 20000 dan ortiq tinglovchilarga islom dining asl mohiyatini, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmuni va ahamiyatini, yot oqim va guruhlar faoliyatining yo‘nalishlari, ularning maqsad-muddaolarini ochib beruvchi ma’ruzalarda Akademiyaning 100 dan ortiq professor-o‘qituvchi va xodimlari ma’ruza qilishgan.

Respublika miqyosida

Akademiya professor-o‘qituvchi va xodimlari tomonidan nafaqat Toshkent shahri, balki Respublika miqyosida tashkil etilgan tadbirlarida faol ishtirok etib kelishmoqda. Jumladan, 2017-yil davomida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash doirasida Andijon viloyati va Toshkent shahridagi barcha tumanlarda diniy-ekstremistik oqimlar  ta’siriga tushib qolgan hamda moyil oilalarni maxsus ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha suhbatlarda qatnashildi. Toshkent shahri tumanlarida maxsus hisobda turuvchi shaxslar bilan ishlash bo‘yicha tuzilgan 25 ta ishchi guruh tarkibida universitetning 18 nafar professor-o‘qituvchisi faoliyat olib bordi, sog‘lom turmush tarziga qaytganlarni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha takliflar berildi. Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilari tomonidan “Diniy ekstremik oqimga moyil fuqarolar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari” nomli uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi.

Shuningdek, 2018-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi aholining ijtimoiy-ma’naviy muhitini yaxshilash bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhda Akademiyaning 50 dan ortiq professor-o‘qituvchi va xodimlari hamda doktorantlari ishtirok etishdi.

Respublikamizning turli chekkalarida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari samaradorligini ta’minlash maqsadida “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Haqiqat sinmaydi”, “Avf”, “Hadis ilmi maktabi” kabi maxsus film va videoroliklar markaziy telekanallar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarida namoyish etildi. “O’zbekiston”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma’rifat”, “MY5” va boshqa markaziy kanallar hamda Ziyonet va www.youtube.com mediaportaliga joylandi.

Hozirgi kunga kelib, O‘zbekistonda ijtimoiy-ma’rifiy va diniy sohalarda amalga oshirilayotgan kengko‘lamli islohotlarning natijadorligi va samaradorligini tubdan ko‘tarishda Akademiya jamoasi yetarli ilmiy, intellektual va ijodiy salohiyatga ega holda, mamlakatimizning mintaqa va jahon miqyosida obro‘yini ko‘tarish kabi ezgu faoliyatda bevosita ishtirok eta oladi.

Editors’ Picks

Feb
07
Academy
Contact
21:38
Feb
07
Academy
About the academy
21:29

New comment