Yangi qonun – diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda yana bir muhim huquqiy asos

Yangi qonun – diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda yana bir muhim huquqiy asos

Diniy e’tiqod, bu – fuqarolarning nozik tuyg‘ulari bo‘lib, uning o‘ziga xos hassos jihatlari mavjud. Shu bois yurtimiz fuqarolarining barcha huquqlari qatori vijdon erkinligining huquqiy kafolatlari hamda uning amaliyotda to‘la-to‘kis ta’minlanishi e’tiborga olinmoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.

Yangi qonun avvalgilaridan ancha takomillashgan, eng muhimi, vijdon erkinligi borasidagi inson manfaatlari va huquqiy kafolatlari qamrab olingan. Chunonchi, yangi qonun bilan diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi, diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish talabi bekor bo‘ldi.

Shuningdek, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham yengillashtirildi, ya’ni:

– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirildi;

– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlandi;

– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqardi;

– ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etildi;

– diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi;

– ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilandi.

Yangi qonunda fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligiga oid cheklov bekor qilindi.

Ta’kidlab joiz, mamlakatimiz aholisining mutlaq ko‘pchiligi islom diniga e’tiqod qiladi. Vijdon erkinligi borasida boshqa dinlar va diniy tashkilotlar faoliyati ham qonun asosida bir xil belgilandi va voqelikda shunday ijro qilinadi.

Vijdon erkinligi, bu – fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Islom dini biror insonni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohishiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!” (Yunus surasi, 99-oyat).

Bosh Qomusimizning 31-moddasida: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Bu Qur’oni karimning Baqara surasi 256-oyati mazmuni bilan hamohangdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”, deyilgan.

Oyati karimaning nozil bo‘lishiga ushbu voqea sabab bo‘lgan: “Madinalik Abul Husayn deb ataluvchi bir musulmon kishi nasroniy dinidagi ikki o‘g‘lini islom dinini qabul qilishga majbur etgan. Lekin ular ko‘nishmagan. Shunda ota va o‘g‘illar bu muammoni hal qilib berish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga murojaat qilishgan. U zot o‘g‘illarini Islomga majburan kiritishdan otani qaytarganlar” (“Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil”).

Barcha zamon va makonlarda turli din va millatlarga mansub aholi orasida o‘zaro totuvlikning mavjudligi barqaror rivojlanish omili va kafolatlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda hayotiy muhim bo‘lgan huquqlarning, xususan, diniy erkinliklarning ta’minlanganligiga va milliy o‘ziga xos madaniyatlarning himoyalanganligiga asoslangan.

Xulosa qilib aytganda, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonunda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa, 130 dan ziyod millat va elat yashayotgan O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Jasurbek RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Manba: O'zA


Print   Email