Yana bir ilmiy himoya munosib o‘tkazildi

Yana bir ilmiy himoya munosib o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash majlisida Akademiya o‘qituvchisi Raziya Matibayevaning 24.00.01 – Islom tarixi manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DsC) darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.

“IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom qadriyatlarining milliy urf-odatlar bilan uyg‘unlashuvi (Abu Hanifaga oid “Manoqib” va “Musnad” asarlar asosida)” mavzusidagi tadqiqot ishi bahs-munozaralarga boy o‘tdi. Ilm anjumanida so‘zga chiqqanlar dissertatsiyaning dolzarbligi, muammoning o‘rganilganlik darajasi, ilmiy yangiligi haqida fikr bildirishdi. Raziya Matibayeva tadqiqot ishining ustuvor vazifasi sifatida so‘z yuritarkan, Markaziy Osiyoda islom dinining yoyilishi va uning sinkretik xususiyatlarini yoritib berish, islom qadriyatlari insonlar, barcha millat va xalqlarni hamisha mehr-oqibatga, insoniylik va o‘zaro do‘stlikka da’vat etishi hamda manoqib va musnad janrlarining IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom mintaqaviy shakllarining umumiy islom masalalari va xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha qimmatli manbaligini ochib berish ekanligini ta’kidladi.

Tadqiqot ishining “Markaziy Osiyoda islom qadriyatlari shakllanishining xususiyatlari” deb nomlangan birinchi bobida islom dinining umumiy tartibga solinishi tizim sifatida arab-islom madaniyatining asosini tashkil etishi, asosiy tamoyillari, uning umuminsoniy xarakteri ochib beriladi. “Mintaqada islom dini tarqalishining mazmun-mohiyati va shartlari” nomli ikkinchi bobida esa Markaziy Osiya mintaqasi xalqlari, ularning madaniyati va ma’naviy tajribasi nafaqat Sharq tamaddunini, balki Yevropa sivilizatsiyasini shakllantirish va rivojlantirishdagi roli ko‘rsatilgan. “Movarounnahrda hanafiylik asoslari va an’analari” nomli uchinchi bobda hanafiy mazhabining xususiyatlari haqida va uning asoschisi Abu Hanifa kunyasi, Imomi A’zam laqabi bilan shuhrat qozongan Nu’mon ibn Sobitga bag‘ishlangan manoqiblar keltiriladi.

Muhokamalar davomida dissertatsiya atroflicha tahlil etilgani, ilmiylik darajasi yuqori ekanligini qayd etildi. Mavzu yuzasidan tadqiqotchiga savollar berildi. Yakunda kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan mazkur ilmiy ish “Islom tarixi manbashunosligi” ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DsC) darajasini olish uchun yozilgan deb e’tirof etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email