Vijdon erkinligining o‘ziga xos xususiyatlari

Vijdon erkinligining o‘ziga xos xususiyatlari

Vijdon va din erkinligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi olib borayotgan siyosatning ustuvor vazifalaridan sanaladi. Shu bois so‘nggi yillarda respublikamizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar olib borilmoqda. Bu borada vijdon erkinligining huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonunchilikni inson huquqlariga oid xalqaro andazalar asosida takomillashtirish ham respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng dolzarb vazifalaridan deb qaralmoqda. Xususan, 2021-yil 5-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis tomonidan taqdim etilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Mazkur qonun AQSh, Yevropa Ittifoqi va jahonning ilg‘or davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha markazlari hamda xalqaro tashkilotlari mutaxassislarining taklif va tavsiyalarini o‘rgangan holda ishlab chiqildi. Yangi qonunning oldingi qonundan asosiy farqli jihatlari shundaki, bu hujjatda fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlari kuchaytirildi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etildi, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosati takomillashtirildi.

Bundan tashqari, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berildi. Bu orqali oldingi qonunda mavjud bo‘lgan mavhum tushunchalardan voz kechildi. Shuningdek, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ular ta’minlanishining kafolatlari, shu jumladan, yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi mustahkamlab qo‘yildi. Bu esa diniy tashkilot va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlar shaffofligiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, diniy tashkilotlarga nisbatan kuzatilishi mumkin bo‘lgan turli noqonuniy xatti-harakatlarning oldini oladi.

Ilgari diniy tashkilot rahbarligiga nomzod xorijiy davlat fuqarosi bo‘lsa, bu shaxsning rahbar bo‘lish imkoniyati cheklanardi. Ya’ni oldingi qonunning 8-moddasida “Diniy tashkilotlar rahbarligiga O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishib olinadi” degan jumla asosida muayyan cheklovlar o‘rnatilgandi. Bu esa ba’zi diniy tashkilot vakillariga muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Yangi qonunda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida diniy tashkilot rahbarligiga ko‘rilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishish hamda bu shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi to‘g‘risidagi talablar bekor qilindi.

Diniy tashkilotlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ma’muriy buyruqbozlik holatlarining oldini olish hamda fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida diniy tashkilotni tuzish va ro‘yxatga olishning elektron tizimiga o‘tkazish tartibi o‘rnatildi. O‘z navbatida, bu amaliyot diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining tezlashuviga xizmat qiladi. Ilgari ro‘yxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati uch oy deb belgilangan edi. Yangi qonunda bu muddat 3 barobar qisqartirildi va bir oylik muddatda diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlar ko‘rib chiqilishi mustahkamlandi. Shu bilan birga, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslarining to‘liq ro‘yxati ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq amaliyotning shaffofligi yanada ortishiga sabab bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 409-sonli qaror talablarida diniy tashkilotlarni tuzish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan rozilik xati ham zaruriy talab sifatida belgilangan edi. Bu esa diniy tashkilot tuzish bilan bog‘liq jarayonlarning murakkablashuviga sabab bo‘lardi. Yangi qonunchilikda diniy tashkilotlarni tuzishni soddalashtirish maqsadida ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi.

Shuningdek, 1998-yilda qabul qilingan qonunda diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskor shaxslar soni eng kamida 100 nafar bo‘lishi qoida tariqasida o‘rnatilgandi. Endilikda, mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 nafardan 50 nafargacha qisqartirildi. Bu holat ham qonunning liberalligi yanada ortishiga xizmat qilgan.

Umuman olganda, qabul qilingan qonun inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklarni qamrab olgan holda yurtimiz aholisining mentaliteti, o‘ziga xos jihatlari va din erkinligi bilan bog‘liq orzu-istaklarini o‘zida mujassam etgan.

Shukrulloh JO‘RAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi bosh ilmiy xodimi
Manba: "Vatanparvar" gazetasi 2021-yil 23-iyul, 29-soni


Print   Email