Qonun zamon talablari asosida yangilandi

Qonun zamon talablari asosida yangilandi

Din qadimiy va murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, insoniyat ma’naviy hayotining ajralmas tarkibiy qismidir. Din va jamiyat hayotidagi dialektik aloqadorlikni belgilab beruvchi tamoyillardan biri – din sohasida kechayotgan o‘zgarishlarni xolis va ilmiy o‘rganish, bashorat qilish va shundan kelib chiqib, ijobiy jarayonlar rivojiga yanada kengroq imkoniyat yaratish, salbiy holatlar oldini olish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik, barcha dinlarga bir xilda munosabat, jamiyat taraqqiyotida din bilan hamkorlik qilish xususiyatlari ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladi. Chunki konstitutsiyaviy dunyoviy-ma’rifiy davlatda vijdon erkinligi huquqi barcha fuqarolarning diniy e’tiqod va dunyoqarashidan qat’i nazar o‘z siyosiy xohishlarini bildirishda teng ishtirokini ifoda etadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni 1991-yilda qabul qilingan bo‘lib, 1993-yilda kiritilgan ba’zi qo‘shimcha va o‘zgarishlar bilan 1998-yilga qadar amal qilib keldi. Davr talablari asosida qonunni tubdan o‘zgartirish zarurati tug‘ildi va 1998-yil 1-may kuni yangi tahrirda qabul qilindi.

O‘tgan davr mobaynida diniy-ma’rifiy sohada respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning diniy e’tiqodini ro‘yobga chiqarishda duch kelinayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolarning oldini olish maqsadida mazkur qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi. Uning loyihasi 2020-yilning birinchi yarmida tayyorlangan va jamoatchilik muhokamasiga taqdim qilingan. Jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar asosida takomillashtirilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida taxminan bir yil davomida o‘rganilib, 2021-yil may oyida yuqori palata Senatga chiqarildi. Senatning joriy yil navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan endilikda mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 50 nafar tashabbuskor yetarli hisoblanadi. Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillari yengillashtirilgani, davlat xizmatlari to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi, ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilangani yangi tahrirdagi qonunga kiritilgan asosiy yangiliklardandir. Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlandi. Vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida izohlar keltirilgan. Informatsion texnologiyalarning uzviy taraqqiyoti sharoitida diniy mazmundagi materiallarni tarqatuvchi vositalarga aniqlik kiritilgan.

Qonunning yangi tahriri fuqarolarning vijdon erkinligiga oid o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Odil ERNAZAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manba: “Yoshlar ovozi” gazetasi

2021-yil 14-iyul, №24


Print   Email