Milliy va diniy qadriyatlarimiz uyg‘unligi

Milliy va diniy qadriyatlarimiz uyg‘unligi

Jannatmonand yurtimiz va dono xalqimizning buyuk tarixi, betakror qadriyatlari borki, ular milliy va diniy an’analarni asrlar davomida o‘zida ifoda etib keladi. Mazkur qadriyatlarni hech qanday kuch, tashviqot va taqiqlar o‘zgartirolmaydi, chunki bu millatimizning ajralmas qadr-qimmatiga aylanib ketgan. Bu yurtimizda doim keng nishonlanib kelayotgan diniy bayramlar — ikki iyd bayramidir. Ushbu kunlarda muhtojlarga yanada ko‘proq mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat. Bu go‘zal odat o‘zida umuminsoniy qadriyatlar va barcha ilohiy ta’limotlar mazmun-mohiyatini mujassam qilgan.

Aynan shu kunlarda keksalarga hurmat ko‘rsatiladi, yoshlar izzat qilinib, yetimlar, kam ta’minlangan va ehtiyojmandlar holidan xabar olinadi. Shariatimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra, garchi o‘ziga to‘q bo‘lsa ham, yaqin qo‘shnilar holidan xabar olish, ularning haqqiga rioya qilish chin mo‘min-musulmonning insoniylik shioridir.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Islom dini — avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”. Haqiqatda, islom — go‘zal amallar dini. Muborak hadislarda keltirilganidek, “Mo‘minlar qalbiga xursandchilik kiritish, ularni taomlantirish, ehtiyoji bo‘lsa, kiyintirish va muhtojlarining hojatini chiqarish” eng go‘zal amallardir.

Bu esa har kimning insoniylik burchi bo‘lib, yaqin qarindoshlardan xabar olish, o‘zgalar qalbiga xursandchilik kiritish, taom ulashish kabi ulug‘ fazilatlarda namoyon bo‘ladi.

Joriy yil vatandoshlarimiz Qurbon hayiti munosabati bilan uzuluksiz 3 kun dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dam olish va bayram kunlarini dunyo ahlini hamon xavotirga solib turgan pandemiya tufayli joriy qilingan karantin talablariga amal qilgan holda o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Bu ham xalqimiz tinchligi va salomatligini o‘ylab qabul qilingan tadbir bo‘lib, vaziyat taqozosi ekanini har bir yurtdoshimiz yaxshi anglaydi.

Bu yilgi hayit mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida, shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi asnosida nishonlangani ham uning bayramona shukuhini yanada oshirdi.

Ijtimoiy turmush va diniy qadriyatlar mushtarak — ularni aslo ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mana shunday ijobiy holatning ezgu natijasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Aytish mumkinki, bu yurtimizda diniy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, diniy-ma’rifiy munosabatlarni fuqarolar orasida mustahkamlash hamda vijdon erkinligini ta’minlashdagi muhim qadam bo‘ldi. Har bir fuqaro istagan diniga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqi kafolatini hamda vatanimizda istiqomat qilayotgan turfa millat va elat vakillarining vijdon erkinligini ta’minlashda muhim asosiy omil sifatida xizmat qiladi.

O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida tanilgan. Hozir yurtimiz aholisining soni 35 millionga yaqin. Ular 130 dan ziyod millat va elatga mansub bo‘lib, aksari musulmonlardir. Demak, asosiy mas’uliyat ham ular zimmasiga tushadi. Ahli islom boshqa din vakillariga qanchalik bag‘rikenglik namoyon qilsa, yurt shunchalik tinch bo‘ladi.

VIII asrda Buxoroda dastlabki sinagoga qurilgani va boshqa din vakillari bilan bir qatorda o‘z diniga erkin e’tiqod qilish uchun sharoit yaratib berilganidan ta’sirlangan yahudiylar jamoasi vakili R.Beneman shunday degan edi: “O‘rta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvg‘in qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”.

XV asr boshlarida Amir Temur saroyida bo‘lgan Kastiliya elchisi “Sohibqiron Temur Samarqandda turli din vakillarini yig‘adi, ularga iltifot ko‘rsatadi hamda nasroniylikka e’tiqod qiluvchi mehmonlarning turli ehtiyojlarini bajarish uchun alohida mas’ul shaxs tayinlaydi. Ular bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga ko‘rsatma beradi”, deb yozgan edi.

Xalqimizga xos bo‘lgan bunday olijanob qadriyat vijdon va diniy erkinliklar to‘g‘risidagi qonunda ham aksini topdi: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Bu masalada, ayniqsa, islom dinida boshqa din vakillariga munosabat va bag‘rikenglik asoslariga katta e’tibor qaratilgan. Ulug‘ ajdodlarimizdan Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Majduddin Ustrushoniy kabi allomalarning asarlarida musulmonlar boshqa din vakillari bilan qanday muomala qilishlari batafsil bayon etib berilgan.

Ular o‘z qarashlarida, birinchi navbatda, Allohning Kalomiga tayanganlar. Qur’oni karimda keltirilishicha, “din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”. Oyatda adolat haqida so‘z bormoqda. U esa insonlararo munosabatlarni bog‘lab turuvchi o‘zak — asldir.

Buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy “Bahr ul-ulum” nomli kitobida bu haqda shunday yozadi: “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abu Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyatlarni “o‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling” deb sharhlaydi.

Muborak hadislarda esa “kimki g‘ayridinni haqorat qilsa, qiyomat kuni o‘tdan yasalgan qamchi bilan uriladi”, deb ta’kidlangan.

Demak, bag‘rikenglik va adolat yurt taqdiriga daxldor hayot-mamot masalasi, imon mezoni bo‘lib, “imonning afzali sabr va bag‘rikenglikdir”.

Bu yilgi Qurbon hayitining yana bir fazilati O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 15-16-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro forumda namoyon bo‘ldi. Zero, uning maqsadi mintaqada tinchlikni ta’minlash, yaxshi va oqibatli qo‘shnichilik, tarixan yaqin va do‘stona aloqalar, ishonchni mustahkamlashdir. Bu esa hayit maqsad-muddaosiga g‘oyat hamohang.

Forumda qo‘shni davlatlarni yaxshilik va bunyodkorlik ishlarida birlashishga da’vat qilindi. Alloh taoloning “yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlik qiling va dushmanchilik va gunoh ishlarda yordam bermang”, degan da’vatiga hamohang bunyodkorlik tashabbuslarining ijobiy natijalaridan ko‘plab xalqlar bahramand bo‘lishi shubhasiz.

Shukurillo UMAROV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 30-iyul, 153-son


Print   Email