Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – demokratik jamiyatning asosiy tamoyili

Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – demokratik jamiyatning asosiy tamoyili

30-IYUL – XALQLAR DO‘STLIGI KUNI


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish masalasi ham ustuvor vazifa etib belgilangan. Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari Konstitutsiya hamda qonunlarimizda qayd etilgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan, madaniyat, ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib kelyapti. Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Konstitutsiyamizda O‘zbekiston o‘zining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlangan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Mazkur qo‘mita o‘z faoliyati doirasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini izchil hamda samarali amalga oshirib, 150 ta milliy madaniy markaz bilan hamkorlik qilmoqda.

Millatlararo munosabatlar sohasida davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini yanada oshirish maqsadida 2019-yilning 15-noyabrida davlatimiz rahbarining “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu sohada davlat siyosati amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish maqsadida parlament va jamoat nazorati mexanizmi ham yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, qo‘mita huzurida millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-dekabrdagi qaroriga muvofiq jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Shuni ham qayd etish lozimki, yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, fuqarolik mas’uliyati, shuningdek, turli tillardagi kitobxonlar o‘rtasida, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Yana bir gap. O‘zbekistonda barcha millatlarning o‘z ona tilida ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash darajasini oshirish maqsadida ta’lim qardosh tillarda olib borilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi holat o‘rganib chiqildi. Natijada tayyorlangan ta’lim 7 ta qardosh tilda olib borilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarini badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash va kitobxonlikni targ‘ib qilish to‘g‘risidagi takliflar asosida hamijrochilar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari, konsullik muassasalari va o‘zbek milliy madaniy markazlarini hamda ta’lim qardosh tillarda olib borilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarini badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash va kitobxonlikni targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasi ishlab chiqildi. Shu tufayli respublikamizda faoliyat yuritayotgan 38 ta do‘stlik jamiyati “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va o‘zaro foydali munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni va madaniy-ma’rifiy aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Millatlararo munosabatlar sohasida tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijtimoiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi jarayonlar rivojining monitoringi olib borilyapti.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan millatlararo munosabatlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash maqsadida sohaga oid qator kitob va ilmiy maqolalar nashr qilinganligi ham tahsinga sazovor.

2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsep siyasini ishlab chiqish belgilangan edi.

Shu munosabat bilan 2020-yil 29-oktabrda Prezidentimizning, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur farmon iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Qo‘mitaning taklifi asosida yurtimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatning antropologiya va etnologiya ta’lim yo‘nalishi va tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 2020-2021-o‘quv yilida 80 nafarga yaqin talaba, magistr va tayanch doktoranturada tahsil olmoqda.

Jamiyat taraqqiyotini ilm-fan rivojisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki ilm-fan ishlab chiqarish, uning moddiy asosini yaratish, texnologik rivojlantirish va, eng asosiysi, kadrlar bilan ta’minlash vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. 2020-yil may oyida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida “Amaliy etnologiya” laboratoriyasi hamda joriy yilda esa universitetning tarix fakultetida “Antropologiya va etnologiya” kafedrasi tashkil etildi.

Bu harakatlar samarasi o‘laroq, mamlakatimizdagi millatlararo munosabatlar masalalarini tahlil qilish, etnik nizolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga erishish vazifalarini bajarishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun qator masalalar ko‘zda tutilgan.

Qo‘mita millatlararo munosabatlar sohasidagi muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda xorijiy tajribani tahlil qilish hamda O‘zbekiston sharoitida ana shu tajribadan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar hamda mutaxassislar ishtirokida sohada ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, ma’ruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ham jonbozlik ko‘rsatyapti.

Ayni paytda ko‘plab xorijdagi vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijtimoiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga, o‘zlarining tarixiy Vatani — O‘zbekistonning obro‘sini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun bilan O‘zbekistonda 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilandi. Mamlakatda millatlararo totuvlik va yagona katta oila muhiti tuyg‘usini mustahkamlash, O‘zbekistonning millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasidagi obro‘sini keng targ‘ib qilish va dunyo hamjamiyati oldidagi ijobiy imijini oshirish maqsadida yurtimizda ushbu sanaga bag‘ishlab “Do‘stlik” haftaligi va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini tashkil etish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirishning muhim asosidir.

Bu borada ham qo‘mita o‘zining sa’y-harakatlari bilan jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur qarorga ko‘ra, ushbu ko‘krak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yekt lari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, hududlarda madaniyat, san’at, ta’lim yo‘nalishlarini takomillashtirishga oid ko‘plab hujjatlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Bugun bu jamg‘arma faoliyatidan barcha mamnun.

Yaqinda mazkur jamg‘arma tomonidan chop etilgan “Do‘stlik xamsasi” kitobi — Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz va tojik xalqlarining buyuk mutafakkirlari — Alisher Navoiy, Abay Qo‘nonboyev, Chingiz Aytmatov, Abdurahmon Jomiy, Maxtumqulining tarjimai holi va ijod yo‘li haqida ma’lumotlar, xalq maqollari, hikmatli so‘zlar birinchi marta ikki tilda — asliyatda va o‘zbek tilida nashr etildi.

Ushbu majmuaning “Do‘stlik xamsasi” deb nomlanishida chuqur ma’no bor. U Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ildizga ega xamsachilik an’analarining davomiyligi namunasi. Hozirgi davrda xalqlar, millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Markaziy Osiyoda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”.

Ishonchimiz komilki, mana shunday g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan ushbu kitob Markaziy Osiyo xalqlarining azaliy va abadiy do‘stligi, ma’naviy-ruhiy yaqinligi va mushtarakligining ramzi sifatida mintaqada ahillik va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.        

Mamlakatdagi yoshlarni aniq fanlar, raqamli texnologiyalar hamda robototexnika sohasidagi intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan tadbirlar tashkil etish innovasion va ilmiy faoliyatni shakllantirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlatni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish ham eng zarur yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamligi ham xalqlarni yanada yaqinlashtirishini ta’kidlash joiz.

Hozirgi kunda mamlakatda turli millatga mansub fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning milliy o‘zligini anglashi hamda etnik qadriyatlarini saqlab qolishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, eng avvalo, boy tarixiy-ma’naviy meros, milliy qadriyat, urf-odat va an’analar asosida milliy o‘zligini anglagan, milliy g‘urur-iftixori yuksalgan, umuminsoniy qadriyatlar, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari asosida dunyoqarashi shakllangan barkamol avlodni tarbiyalashni ko‘zda tutadi.

Jamiyatda millatlararo totuvlikni kuchaytirish bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash garovi ekanligini yana bir karra isbotlaydi. O‘zbekistonda keyingi yillarda millatlararo munosabatlar masalasiga katta e’tibor qaratilayotganligini alohida e’tirof etish joiz. Qolaversa, bugungi kunda xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kuchli davlat tizimi shakllanganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqda.

Oqil SALIMOV,

Respublika iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash

“Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, texnika fanlari doktori, akademik

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 30-iyul, 153-son


Print   Email