Mahalladagi yutuq — jamiyat yuksalishiga poydevor

Mahalladagi yutuq — jamiyat yuksalishiga poydevor

 Akademiya professor-o‘qituvchilari mahallalarga ko‘makdosh

Joriy yilning 20-aprelida Prezidentimiz tomonidan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolangan edi.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va umumta’lim maktablari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mahallalarda istiqomat qiladigan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko‘makdosh bo‘lib kelmoqda.

Akademiya professor-o‘qituvchilari poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Jangoh”, “Ko‘kcha-darvoza”, “O‘rda”, “Gulbozor”, “Kox-ota” Mahalla fuqarolar yig‘ini tashkilotlari bilan hamkorlikda hududlardagi ma’naviy-ijtimoiy muhit barqarorligi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ular bo‘sh vaqtini mazmunli-maqsadli tashkil etishda uzviy hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga biznes faoliyatini yuritishi uchun yetkachi mutaxassislar ishtirokida terneng mashg‘ulotlar tashkil etish, yoshlarning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalla hududida IT to‘garagini tashkil etish kabi bir qator masalalarda amaliy beg‘araz hamkorlik qilinmoqda.

Bundan tashqari, yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga da’vat etish, mahallalar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida “Jangoh” mahallasi yoshlar jamoasi va “O‘rda” mahallasining jamoasi o‘rtasida futbol musobaqasi tashkil etildi.

O‘rganishlar davomida “Milliy qadriyatlarimiz va ulug‘ allomalar ma’naviy merosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilmoqda. Unda yosh avlodning ijtimoiy tarmoqdan foydalanish madaniyati, milliy qadriyatlarimizni hurmat qilish va “ommaviy madaniyat tahdidlari” mavzularida yetakchi olimlar ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilib, zarur tavsiyalar berilmoqda.

“Til bilgan – el biladi”, deydi xalqimiz. Ayniqsa, bugungi tezkor axborot zamonida yoshlarning o‘z ona tilini qadrlagan hoda bir nechta xorijiy tillarni bilishi muhim sanaladi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 6 may kuni Prezidentimiz raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani ham bejiz emas. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda “Xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi”, deya ta’kidladilar.

Shunga ko‘ra, hozirda Shayxontohur tumanidagi “Gulbozor” mahallasida Akademiyaning “Chet tillari” kafedrasi tomonidan ingliz tili fani bo‘yicha to‘garak darslari tizimli tashkil etilmoqda.

– Prezidentimizning 20-apreldagi farmoni Akademiya mutasaddilari tomonidan qizg‘in kutib olindi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Chet tillari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Kamola Aripova. – Akademiyaga biriktirilgan mahallalar bilan doimiy ishlash tartibi yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy metodlar orqali yoshlarni ingliz tiliga qiziqtirish, ularda til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish o‘quv-mashg‘ulotlarining ustuvor maqsadi hisoblanadi.

Darhaqiqat, mahalladagi mavjud muammolar va aholining kundalik masalalarini hal etish birgina mahalla tizimi xodimlari tomonidan bartaraf etish imkonsiz. Shu sababli bu jarayonda har bir soha mas’ullarining ishtiroki va hamkorligi muhim sanaladi. Joylarda olib borilayotgan mazkur mexanizm tub mohiyatida barcha soha vakillarining hamjihat bo‘lib, hududlardagi masalalarni yechishga kompleks yondashuvi turibdi. Ta’kidlash kerakki, “Gulbozor” mahallasi mutasaddilari ham mazkur hamkorlikdan mamnun.

– “Gulbozor” mahallasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasidagi hamkorligimizdan xursandmiz, – deydi “Gulbozor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari, “Ayollar maslahat kengashi” raisi Marg‘uba Tojiyeva. – Hamkorlik davomida mahallamiz yoshlariga Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan psixologik treninglar, fan to‘garaklari, qiziqarli dars mashg‘ulotlari bepul o‘tkazilmoqda. O‘z navbatida bu kabi darslar yoshlarning yozgi ta’til paytida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ham ayni muddao bo‘lmoqda.

– Til o‘rganishga juda qiziqaman, – deydi Shayxontohur tumanidagi 59-umumta’lim maktabi 3-sinf o‘quvchisi Samira Abdurazzoqova. – Maktabda xitoy-koreys tillarini o‘rganyapman. Bu yerdagi ingliz tili to‘garaklari orqali xorijiy tillarni puxta o‘zlartirishga harakat qilyapman. Ustozlarimiz qiziqarli dars o‘tishyapti. O‘rtoqlarim bilan to‘garakda qatnashayotganimdan xursandman.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda mahallalar o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda.

Bahodir JOVLIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot kotibi


Print   Email