Dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash yo‘lida muhim qadam

Dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash yo‘lida muhim qadam

O‘zbekiston qadimdan turli millat, elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, diniy ibodat va milliy urfodatlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda.

Yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlash har doim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Shu bois, O‘zbekistonda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilib, qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi qonunda vijdon erkinligi me’yorlari aniq belgilangan va fuqarolarning diniy e’tiqodi mustaqilligini ta’minlaydi. Shuningdek, har qanday dinga zo‘ravonlik bilan kiritishni taqiqlaydi.

Demokratik davlatlar qatorida, qonun ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib O‘zbekistonda ham dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda aniq ko‘rsatildi.

Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etish lozim.

Bu yangiliklar ayniqsa quyidagi masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Birinchidan, qonun asosida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etilmoqda.

Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalar ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar — 50 nafarga kamaytirildi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.

Qonun bilan belgilab qo‘yilayotgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalar singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, O‘zbekiston — ko‘p konfessiyali mamlakat. Unda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Ularning o‘zaro tinch, totuv va hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatishi Vatanimiz ravnaqi, tinchligimizni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonunda fuqarolarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda tinch-totuvlikni ta’minlash, fuqarolarning munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishga davlatning kafil ekani qayd etildi.

Shu ma’noda, qonun diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga, dinning asl mohiyatini anglashga, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilishga, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

Umuman olganda, yangi tahrirda qabul qilingan qonun inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari, bevosita O‘zbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.

Mitropolit Vikentiy Morar,

Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 7-iyul, №137 

 

 


Print   Email