Diniy tashkilotlar faoliyatiga ko‘maklashish masalasida muhim va fundamental yengilliklar

Diniy tashkilotlar faoliyatiga ko‘maklashish masalasida muhim va fundamental yengilliklar

Tarixdan ma’lumki, millatning tafakkuri, dunyoqarashi, turmush-tarzi, ma’naviy qadriyatlari o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Milliy qadriyatlarni asrash va xalqning haqiqiy ma’naviy qiyofasini aks ettiruvchi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o‘zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharm-hayo kabi eng oliy insoniy tuyg‘ularni ko‘z qorachig‘idek e’zozlashda din va diniy tashkilotlarning o‘rni beqiyosdir.

Mamlakatimizda har bir shaxsning diniy hissiyotlari kamsitilmay, uning vijdon erkinligi, diniy tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, diniy ta’lim muassasalarining faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

2021-yil 5-iyulda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra “birgalikda dinga e’tiqod qilish, ibodat qilish, diniy rasm-rusmlar va marosimlarni bajarish maqsadida tuzilgan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan ko‘ngilli birlashma diniy tashkilot” hisoblanadi.

Ushbu qonun davlat bilan din, diniy tashkilotlar bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini ham belgilab berdi.

Qonunda diniy tashkilotlarga oid quyidagi yangiliklar kiritildi:

Birinchidan, diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskorlar soni 100 nafardan 50 nafargacha tushirildi, ya’ni mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirildi; qonunning 17-moddasiga ko‘ra mahalliy diniy tashkilotni o‘z tashabbusiga ko‘ra tuzayotgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ellik nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari imzolari talab etiladi.

Ikkinchidan, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Uchinchidan, diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi yengillashtirildi; Qonunning 15-moddasiga muvofiq, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali ko‘rsatiladi. Elektron tizimga kirish elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikasiyalash imkonini beruvchi boshqa usullari orqali amalga oshiriladi. Murojaat qiluvchi elektron tizimga kirganidan keyin o‘zining shaxsiy kabinetidagi tegishli murojaat turini tanlaydi, ma’lumotlarni bosqichma-bosqich kiritadi va hujjatlarni elektron tizim orqali yuboradi.

To‘rtinchidan, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilib, ularni notarial va boshqa ko‘rinishlarda tasdiqlashga oid talablar bekor qilindi, shuningdek, diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish tartibi ham bekor qilindi.

Beshinchidan, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilandi; Qonunning 22-moddasiga asosan, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni ichida elektron murojaatni yuboruvchining elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga rad etish asoslari ko‘rsatilgan holda xabarnoma yuboriladi. Qonunning 23-moddasida diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar belgilab berilgan.

Oltinchidan, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 3 oydan 1 oyga tushirildi; Qonunning 21-moddasiga binoan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun-murojaat olingan kundan e’tiboran bir oylik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Hamida TO‘YCHIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri,

yuridik fanlari nomzodi, dotsent

“Yoshlar ovozi” gazetasi 2021-yil 20-iyul, 25-son


Print   Email