Diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu tashabbuslar va ulkan islohotlarning mustahkam poydevori

Diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu tashabbuslar va ulkan islohotlarning mustahkam poydevori

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida yurtimizda din va e’tiqod erkinligi borasida juda ko‘p ishlar qilindi. So‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy jabhada ham keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda. Buni barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Respublikamizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish borasidagi ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilayotgani mazkur yo‘nalishdagi siyosatimiz to‘g‘ri o‘zanda ekanidan dalolatdir.

Joriy yil 5-iyul kuni davlatimiz rahbari diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu tashabbuslar va ulkan islohotlarning mustahkam poydevori bo‘lmish yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat bilan vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquqlari, imtiyozlari va majburiyatlari doirasi aniq belgilab berildi.

Jumladan, qonun bilan diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi, diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish kabi talablar bekor bo‘ldi.

Shuningdek, unda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari tubdan yengillashtirildi. Xususan, diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirildi. Diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlandi va taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqardi. Shu bilan birga, endilikda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi va diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi.

Qadimdan zaminimizda millat va elatlar bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashab kelgan. Shuning uchun xursandlikda ham, to‘y-u ma’rakada ham ko‘p millatli xalqimiz bir-biri bilan hamkor-u hamjihat bo‘lgan. Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini o‘tkazishi va mamlakat hayotida faol ishtiroki uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Yangi tahrirdagi qonun bu borada ham mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qonunni tayyorlashda tegishli xalqaro me’yor va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta o‘rganilib, ulardagi asosiy qoida va tamoyillar inobatga olindi.

Yurtimizda tarixan shakllangan an’ana, urf-odat va qadriyatlarni hisobga olgan holda, qonunda hamkorlarimiz — Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar o‘z aksini topdi.

Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishiga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishiga alohida e’tibor qaratilganini qayd etish lozim.

Darhaqiqat, islom dini avval boshdan boshqa din vakillariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatgan. Islom o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish bilan cheklanmay, o‘sha din ahllariga cheksiz muruvvat ko‘rsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo‘ygan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar orasida yashaydigan ahli zimmaga muruvvat ko‘rsatib, butun insoniyatga o‘rnak bo‘ldi.

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda bo‘lishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli bo‘lish lozimligini ta’kidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” kitobida ushbu oyat tafsirida: “O‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating, ularga so‘z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo‘ling”, deb bayon etgan.

Qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillari hayotda o‘z talqinini topsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat barqaror bo‘ladi, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi.

Ayni kunlarda dunyoda geosiyosiy raqobat tobora kuchayib, ayrim kuchlar tomonidan xalqlar ongiga egalik qilish orqali turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro nizo va nifoq keltirib chiqarish, mamlakatning kuch-qudratini kamaytirib, hududni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy tomondan o‘z ta’sir doirasiga olishga urinishlar kuchaymoqda.

Hozir jahonda yuz berayotgan diniy toqatsizlik holatlari boshqa din vakillariga o‘ta murosasizlik, bir din ichidagi mojaroli munosabatlar hamda dunyoviy tuzumga qarshi kurash yoki xalqaro darajadagi qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq bo‘lib turibdi.

Islom doimo barcha din va e’tiqod vakillarini adolat o‘rnatishda, xavfsizlikni ta’minlashda va begunoh odamlar qoni to‘kilishining oldini olishda hamkorlik qilishga chaqiradi.

Islom dini musulmonlarni o‘z dindosh birodarlariga va barcha insonlarga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda, o‘zaro tinchlik va totuvlikda bo‘lgan boshqa din vakillariga ham yaxshilik qilib, mehr-shafqatli bo‘lishga buyurgan.

Xulosa shuki, ushbu yangi tahrirdagi qonun inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Alloh taolo diyorimizdagi din va e’tiqod erkinligi borasidagi ezgu ishlarni yanada bardavom aylasin, butun dunyoda yurtimizning maqomi va nufuzini ziyoda qilsin.

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 7-iyul, №137 

 


Print   Email