Diniy-ma’rifiy islohotlarda yana bir muhim qadam

Diniy-ma’rifiy islohotlarda yana bir muhim qadam

O‘zbekiston zamini asrlar davomida ilm-ma’rifat, zakovat va tafakkur markazi bo‘lib kelgan. Ajdodlarimizning buyuk daholari yaratgan o‘lmas hamda bebaho asarlar hozirgacha dunyo sivilizatsiyasi rivojida munosib o‘rin egallab, ularning noyob nusxalari jahon kutubxonalarining eng qimmatli xazinasi sifatida saqlanmoqda.

Ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish asnosida yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ezgu g‘oyalar dunyoning nufuzli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan ham ko‘tarinkilik bilan kutib olinmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Husayn o‘z intervyusida bugungi notinch va tahlikali zamonda O‘zbekistondagi mavjud dinlararo totuvlik, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishga loyiq ekanini qayd etgan bo‘lsa, ISESCO bosh direktori Salim Muhammad Abdulmalik: “O‘zbekiston amalga oshirilayotgan bosqichma-bosqich islohotlar va pragmatik tashqi siyosat tufayli Markaziy Osiyoda va xalqaro maydonda taraqqiy etgan siyosiy hamda iqtisodiy markazlardan biriga aylanib bormoqda. ISESCO va shaxsan men O‘zbekistonning har tomonlama hamda chuqur o‘ylangan bunday ichki va tashqi siyosatini yuksak qadrlab, to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”, deya e’tirof etdi.

Albatta, bu islohotlar bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi hamda doimiy e’tibori samarasidir. Jahonda kechayotgan murakkab siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy bo‘xronlar jarayonida bu eng to‘g‘ri hamda samarali yo‘l ekani dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari uchun ibrat bo‘lmoqda.

Shu ma’noda, Prezidentimizning 2021-yil 16-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning izchil davomi bo‘ldi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Zero, uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish eng dolzarb vazifalardan bo‘lib turgan bugungi sharoitda xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish, uni yangi yutuqlarga ilhomlantirish, bundan-da ulug‘ marralarni egallashga intilishlarini yanada rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash zarur.

Ushbu qaror markaz faoliyatida yangi, yanada yuksak bosqichni boshlab berishiga hamda uning oldiga qo‘yilgan vazifalar ko‘lami kengroq, teranroq hamda samaraliroq bo‘lishida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Hujjatda markazning yangi maqomi asosiy uchta yo‘nalish orqali belgilab berilgan. Unga ko‘ra, ushbu muassasa “Uchinchi Renessans – yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakatimiz tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-ma’naviy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskanga aylantirildi.

Aynan shu maqsadlar kelgusida amalga oshiriladigan ilmiy, ma’rifiy va madaniy ishlarda markaz jamoasi uchun ustuvor yo‘nalish vazifasini ham o‘taydi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu markaz shunday maskan bo‘lishi kerakki, u yerga tashrif buyurgan har qanday ziyoratchi qaytib chiqayotganda o‘z tabiati, ruhiyati, dunyoqarashi va fe’l-atvorida Vatanimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimiz va ulug‘ ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosiga munosabatida yaqqol o‘zgarishni his qilishi lozim. Chunki bu markaz faqat islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, erishgan yutuqlari emas, balki umuman bugun bashariyatning milliy yilliklar davomida qo‘lga kiritgan nodir moddiy va ma’naviy mulki, tadrijiy yoki sur’atli taraqqiyot bosqichlari haqida keng, aniq va boy tasavvur hosil qiladi.

Qarorda belgilangan yangi vazifalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida “Yo‘l xaritasi”ning tasdiqlangani markazning haqiqiy harakatlar strategiyasi bo‘ldi. Unda markaz huzurida respublikamizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga uyg‘un holda gid-tarjimonlar tayyorlash va ularning malakasini tizimli oshirib borish, shuningdek, xalqimizning islom manbalarini o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini hisobga olgan holda bu borada maxsus kurslar tashkil etish belgilandi. Bundan maqsad esa yurtimizdagi tarixiy va me’moriy obida hamda ziyoratgohlar tarixini yaxshi biladigan malakali gid-tarjimonlar tayyorlashdir. Islom dinining asosiy manbalarining bir nechta xorijiy tillarni biladigan yetak mutaxassis kadrlar tomonidan xalqimizga yetkazilishi ham markaz qoshidagi kurslar zimmasiga yuklatildi.

Bundan muhim vazifalarni sifatli va samarali bajarishda moliyaviy ko‘mak sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Mazkur jamg‘arma faoliyati ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali markaz kitob fondini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, jumladan, xorijiy mamlakatlarda o‘tkazish, markaz faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilishda jamg‘arma mablag‘laridan foydalaniladi.

O‘zbekistonda qadimdan shakllangan amaliy san’at turlari – qog‘oz ishlab chiqarish, muqovasozlik va xattotlik kabi san’atlarni tiklash borasida ham “Yo‘l xaritasi”da aniq vazifalar belgilab berilgan. Unga binoan markaz huzurida Samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy an’analarini tiklash bo‘yicha ustaxona-laboratoriya tashkil qilish va shu orqali yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga xalqimizning bebaho san’at namunalarini namoyish etish hamda unutilib borayotgan hunarmandchilik sir-asrorlarini tiklashga zamin yaratish belgilandi.

Muxtasar aytganda, qaror O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tom ma’noda tamaddun osori-atiqalaridan hikoya qiluvchi maskanga, umumbashariy va islomiy yutuqlarni ochib beruvchi bilim bulog‘iga, hamyurtlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oya va mafkuralardan himoya qiluvchi, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, ezgu g‘oyalar bilan ilhomlantiruvchi, buyuk ishlarga bel bog‘lashga ruhlantiruvchi ma’naviy-ma’rifiy ziyo muassasasiga aylantiradi.

Shovosil ZIYОDOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

“Xalq so‘zi” gazetasi 2021-yil 28-iyul, 157-son


Print   Email