Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning huquqiy asosi

Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning huquqiy asosi

Buyuk mutakallim alloma, vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy hazratlari ezgulik va yovuzlikdan birini tanlash inson hayotining asosini tashkil etishiga e’tibor qaratar ekan, baxtli yoki baxtsizligi ayni shu sabab bilan bog‘liqligini uqtiradi hamda to‘g‘ri tanlovning bir ko‘rinishi jamiyatda mavjud qonunlarga itoat qilishda ekanini aytadi.

Darhaqiqat, qonunlarga itoat etish va rioya qilish – totuvlik hamda tinchlikning asosidir. Barcha jabhada qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat – komil jamiyatdir. Intizom, tartib, o‘zaro hurmat bo‘lgan jamiyat rivojlanish yo‘lini tez topib oladi va ushbu yo‘lda sobitqadamlik bilan ilgarilaydi.

Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni shu jihatdan ayni muddaodir.

Mazkur qonun inson huquqlari bo‘yicha umumjahon andozalariga mos. Uni qabul qilishda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi xalqaro qonunchilik, BMTning ko‘plab hujjatlari, azaldan dunyo xaritasida shu sohada obro‘ qozongan mamlakatlar qonunlari zo‘r professionallarimiz hamda kuchli mutaxassislarimiz tarafidan puxta va chuqur, har jihatdan batafsil, keng o‘rganib chiqilgani har bir moddada yaqqol ko‘rinib turibdi.

6 ta bob, 35 ta moddadan iborat yangi tahrirdagi ushbu qonunda bir talay o‘zgarishlar bor. Jumladan, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi yengillashtirildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, masalan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmasligi belgilandi. Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etildi. Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi.

Dunyoda elatlar ko‘p, e’tiqodlar, din va mazhablar xilma-xil. Ming yillardan beri insoniyat bilan yonma-yon yashayotgan, uning ma’naviy olamini to‘ldirib, ezgu amallarga undab kelayotgan dinlarning mohiyatiga razm solsak, hamohanglik, mushtaraklikni ilg‘aymiz. Hatto ularning da’vati ham nihoyatda o‘xshash: “Odamlar, ahil-inoq yashang!”, “O‘zganing haqidan xazar qiling!”, “Bir-biringizga yomonlik qilmang!”, “Mehr-muruvvatli bo‘ling!”...

Shunday bo‘lsa-da, sayyoramizning turli nuqtalarida dinlararo ziddiyatlar, mazhablararo qarama-qarshiliklar hamon uchrayotgani, bu hol qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘layotgani, bundan tinch aholi jabr chekib, shaharlar, davlatlardagi barqarorlik izidan chiqayotgani ayni haqiqat. Insonlarning eng muqaddas a’moli – e’tiqodidan foydalanib, mafkuraviy xuruj uyushtirish, din niqobi ostida manfur g‘oyalarini amalga oshirishdan tap tortmaydiganlar, afsuski, doimo payt poylaydi, sodda, g‘o‘r kishilarga, yoshlarga tuzoq qo‘yadi. Bunday tahdidlarga qarshi ogohlik va xushyorlik yo‘qotmaslik, yoshlarning ongi hamda qalbini himoyalash – davr talabi.

Sir emas, ayrim g‘araz maqsadli kimsalar muqaddas dinimizni niqob qilib olib, yoshlarni o‘z domiga tortmoqchi bo‘lgani yaqin tariximizda kuzatildi. Shu va boshqa sabablarni inobatga olib, qonunda diniy ta’limning professional maqomi rasman e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga bo‘lgan munosabatidan qat’iy nazar, dunyoviy ta’lim olish huquqi ta’minlanishi qayd qilindi.

Har qanday shaxsning “o‘zicha” aholiga diniy ta’lim berishi – noan’anaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis bo‘lmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar bo‘yicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib kelishini hayot ko‘rsatmoqda. Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bog‘liq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot g‘oya va qarashlar ta’siriga tushishiga sabab bo‘ladi. Shu bois diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilangani ayni muddao bo‘ldi.

Ko‘p millatli hamda ko‘p konfessiyali yurtimizda diniy bag‘rikenglik masalalariga katta e’tibor berilayotgani bois turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. “Jaholatga qarshi – ma’rifat” ustuvor tamoyiliga amal qilinayotir.

Oqilona din siyosatidan minnatdor kishilar umuminsoniy g‘oyalar ostida birlashmoqda. Mamlakatimizda dinlararo bag‘rikenglik nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini yuzaga chiqarib, tinchlik va barqarorlikning muhim shartlaridan biriga aylangan.

Qonunning yana bir muhim jihati amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sabab jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi.

Ushbu hujjat dono xalqimizning bugungi xohish-istaklariga, hozirgi zamon talablariga, ayni paytdagi davr ehtiyojlariga to‘la-to‘kis javob beradi. Endi hamma gap unga rioya qilishda. Zero, mo‘min-musulmonlarning yaxshisi ushbu hadisi sharifda go‘zal tarzda ifodalangan: “Oxirati deb dunyosini, dunyosi deb oxiratini tark qilgan banda sizlarning yaxshilaringiz emas. Zero, ikkisining jamg‘arishi lozim bo‘lgan jihati bor. Odamlarga boqimanda bo‘lib qolmanglar (ya’ni ularga zinhor og‘irligingiz tushmasin)!” (Imom Daylamiy rivoyati).

Husayn Voiz Koshifiy: “Davlat va jamiyatni qonun ustuvorligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki busiz dunyoning muhim ishlarini tartibga solish vazifasini amalga oshirish mumkin emas. Tarbiya va jazo haqidagi qonunlarning bo‘lmaganligi davlat faoliyatining buzilishiga va inson huquqlarining kamsitilishiga olib keladi”, degan.

Abu Nasr Forobiy esa: “Qonunsiz jamiyatda tartib o‘rnatib bo‘lmaydi”, deb hisoblaydi. Mutafakkirning fikricha, jamiyatda qonun ustuvor bo‘lib, inson huquqlari kafolatlanmasa, o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash tartibga solinmaydi. Chunki har kim o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlab boshqalarga zarar yetkazadi, o‘zaro kurash, buzg‘unchilik va zo‘ravonlik kabi illatlar avj oladi.

Muxtasar aytganda, yangi qonunda milliy fazilatlarimiz, diniy qadriyatlarimiz yoritilib, asrlar davomida ulug‘ ajdodlarimizdan dono xalqimizga betakror meros bo‘lib kelayotgan beqiyos ma’naviyatimiz ham inobatga olingan.

Qonun yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, barqarorlik saqlash, adovat hamda murosasizlikka sabab bo‘luvchi har qanday illatning payini qirqishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari

“Xalq so‘zi” gazetasi 2021-yil 23-iyul, 153-son


Print   Email