Akademiya va mahallalar o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda

Akademiya va mahallalar o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda

Joriy yilning 20-aprelida Prezidentimiz tomonidan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan edi.

Ayni paytda mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Akademiya hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari, umumta’lim maktablari o‘rtasida hamkorlikda turli tadbir, to‘garaklar, psixologik trening mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti.

Ana shunday tadbirlardan biri Shayxontohur tumani “Kox-ota” mahallasida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 16 nafar yosh uchun “Art-terapiya” usulidan foydalangan holda psixologik trening tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar orqali yoshlar ruhiyatidagi mavjud muammolarni aniqlash, ularning o‘z-o‘ziga bergan bahosini oshirish, muloqot qilish darajasini rivojlantirish maqsad etilgan bo‘lib, har bir ishtirokchining foydalanayotgan ranglari orqali ularning ruhiy holatidagi o‘zgarishlar kuzatib borildi.

Akademiya o‘qituvchilari Dono Kalandarova, Malika Nosirova hamda tayanch doktorantlar Sarvar Qahhorov, Zarif Arslonov ishtirok etgan trening davomida har bir ishtirokchiga alohida e’tibor bergan holda, ularda yuzaga kelgan o‘zgarishlar tahlil etib borildi.

Tadbir yakunida psixologik mashg‘ulot orqali har bir bolada aniqlangan ruhiy holatlar bo‘yicha “Kox-ota” mahalla fuqarolar yig‘ini vakillariga bu yoshlar bilan qay tarzda ijtimoiy-psixologik ishlarni olib borish lozimligi haqida taklif va tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email