Qutlug‘ kunga qutlug‘ qaror va qutlug‘ qadamlar

Qutlug‘ kunga qutlug‘ qaror va qutlug‘ qadamlar

Yurtimizda Qurbon hayiti bayramiga tayyorgarlik arafasida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi hamda moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskanga aylantirilishi bu boradagi ishlarda yangi sifat ko‘rsatkichi bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyodkori va g‘oyasi muallifi Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, Markaz binosini chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o‘rganib, mazmunini boyitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Jumladan, davlatimiz rahbari “... bu yerga kelishimdan maqsad — muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak”, — degan edilar.

Darhaqiqat, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasini muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etishda eng zamonaviy innovasion usullar va vositalar orqali targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari, jumladan, “Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining asl mazmun-mohiyatini, xususan, uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlashdagi roli va ahamiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish bo‘yicha alohida o‘rin tutadi.

Bugun mamlakatimiz yoshlarini ilm-ma’rifatga da’vat etadigan, milliylik va diniylik o‘rtasidagi uyg‘unlik mohiyatini keng targ‘ib qilish har qachongidan ham muhim masala sifatida qaralayotgani bejiz emas. Zero, bu borada fundamental tadqiqotlar dasturlari va ilmiy loyihalar asosida tayyorlanadigan har tomonlama puxta ilmiy ishlanmalar va zamonaviy media mahsulotlarni hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Har qanday ilmiy yangilik ilmiy jamoatchilik e’tiboriga yetkazilmas ekan, u ommalashmaydi. Shuning uchun islom sivilizatsiyasi yo‘nalishida amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar natijalaridan butun afkor ommani doimiy xabardor qilib borish tizimi takomillashtirildi.

Yurtimizning muazzam tarixini, buyuk ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlarni ilmiy asosda izchil tadqiq etish sohasining dolzarb ilmiy-nazariy va uslubiy masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar va ma’ruzalar, ilmiy-amaliy va uslubiy seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni doimiy tashkil etib borish shular jumlasidandir.

Markazda ilm-fanning jadal tadrijiy taraqqiyotini ko‘rsatib beruvchi sermazmun noyob eksponatlar fondi, benazir qo‘lyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish maqsad qilingani alohida e’tiborga munosib. Kutubxona fondlarining jahon muzeylari va kutubxonalari virtual tarmog‘iga ulanishi esa, ishning salmog‘i va amaliy ahamiyatini yanada oshirishi tabiiy.

Xorijiy davlatlardagi, shu jumladan, Turkiyaning Sulaymoniya, Hindistonning Xudobaxsh, Eronning Tehron davlat muzeylari, Misrning Al-Azhar hamda Misr Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar fondlari, Fransiyaning Parij milliy kutubxonasi, Germaniyaning Berlin milliy kutubxonasi, Angliyaning Oksford islom tadqiqotlar markazi fondi, Rossiyaning Sankt-Peterburg sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid qimmatli manbalarning elektron yoki faksimile nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangani barcha islomshunoslar, manbashunos olimlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Yana bir e’tiborli jihat, Markazda islom tarixi va madaniyati yo‘nalishiga oid bilimlarni oshirish, xorijiy tillar, xususan, arab tili va yozuvi, xattotlik, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlarni qayta ta’mirlash, Qur’oni karimni o‘rganish, gid-tarjimonlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha maqsadli o‘quv kurslari tashkil etilishidir. Barchamizga ma’lumki, bugun aynan qo‘lyozma asarlarni o‘qiy oladigan, ularni ilmiy muomalaga kirita biladigan mutaxassislar kamayib bormoqda. Ko‘pming sonli qo‘lyozma asarlar esa, o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2020-yil 9-dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi hamda “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 9-fevraldagi Prezident farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqqan holda, Markaz tomonidan ilmiy asoslari bo‘yicha yetarli nazariy bilim va amaliy ko‘nikmaga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli oshirib borishni ta’minlashga asos yaratilgani bu sohadagi ishlarni tizimga solishga xizmat qiladi. Haqiqatda, turizmning barcha sohalari, ayniqsa, ziyorat turizmining rivoji, kelajagi chuqur bilim va ko‘nikmaga ega, keng dunyoqarashli mutaxassislarga bog‘liq.

Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladigan yana bir yangilik mazkur qarorda belgilangan Saudiya Arabistoni Podshohligi Qirol Faysal nomidagi Islom tadqiqot va izlanishlar markazi imkoniyatlaridan keng foydalanish, hamkorlikda tadbirlar tashkil etish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va elektron manbalar almashish, shuningdek, Markazning Ar-Riyoz shahridagi filialini ochish choralarini ko‘rish masalasi bo‘ldi. Bu amaliyot yurtimizdagi boshqa markazlar faoliyatida ilgari kuzatilmagani — ilk ilg‘or natija ekani bilan diqqatga sazovor.

Shuningdek, xorijiy aloqalarni kengaytirish doirasida “Ipak yo‘li xalqaro kutubxonalar ittifoqi” (Silk Road International Library Alliance) hamda “Avstraliya islom muzeyi”, Malayziyadagi “Islom san’ati muzeyi” bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi yurtimiz olimlari va tadqiqotchilariga yangi imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz.

Markazda saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalarni bugungi zamon talablari asosida to‘laqonli elektron raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Raqamlashtirilgan ma’lumotlarni o‘zida aks ettiruvchi bir nechta xorijiy tillardagi mobil ilova ham ishga tushiriladi. Bu esa, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik mutaxassis olimlarni ham Markaz faoliyati bilan tanishish, ma’lumotlar almashinuvi integratsiyasi hamda ilmiy-amaliy hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z faoliyatida xalqimiz ma’rifatini oshirishga xizmat qiluvchi barcha qirralarni qamrab olgan. Butun yurtdoshlarimiz, xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborida turgan ushbu Markaz mazmun va sifat jihatidan tubdan takomillashtirilgan. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi esa, xalqimiz kutgan ezgu niyatlarning amaliy ifodasi bo‘lajak.

Muzaffar KOMILOV,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 23-iyul, 147-son


Print   Email