O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining  Qurbon hayiti munosabati bilan  BAYRAM TABRIGI

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining Qurbon hayiti munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Qadrli hamkasblar!

Qurbon hayiti — mehr-muruvvat, hamjihatlik, tinch-totuvlik, farovon va saodatli kunlarga shukronalik izhori ayyomi. Shu bois mazkur bayramning mo‘min-musulmonlar hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Shu fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, xalqimizni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman. Mana shu fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Azizlar!

Ma’lumki, bugungi kunda olis-yaqin hududlarda butun dunyoni tashvishga solayotgan xavf-xatarlar, turli g‘arazli maqsadlar kurashi avj olmoqda. Qo‘shni davlatlardagi notinchliklar, ayrim diyorlarda kunora yuz berayotgan noxush voqea-hodisalar barchamizni tashvishga soladi, albatta.

Shu nuqtai nazardan, yurtimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida nafaqat mamlakatimiz, balki barcha mintaqa diyorlarida tinchlik, hamjihatlik, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlash bo‘yicha muntazm qayg‘urib kelinayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Buning isboti sifatida kuni kecha Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya yurtdoshlarimiz va butun jahon ahli tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatildi.

Shunday ekan, jannatmakon yurtda yashayotganimizdan Allohga ming bor shukrlar qilib, uning rivoji uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar qilishimiz kerak. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz ham farz, ham qarzdir.

Hurmatli azizlar!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyov tomonidan muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash maqsadida “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Joriy yilgi Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda oila davrasida o‘tkazish afzalligiga e’tibor qaratildi. Zero, ayni paytda butun dunyodagi epidemiologik vaziyat sababli eng ustuvor maqsadimiz — bir-birimizning salomatligimizni asrash, kasallik zanjirini uzishdan iborat. Biz qanchalik o‘z salomatligimiz haqida qayg‘ursak, shunchalik pandemik vaziyatni bartaraf etish uchun katta qadam tashlagan bo‘lamiz. Shu bois bayramni oila davrasida, samimiy va ezgu niyatlar bilan kutib olishlaringizni so‘rab qolardim.

Aziz qadrdonlar!

Munavvar kunlarda yurtimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab qolaman.

Siz, azizlarni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik tilayman. Yurtimizdagi fayz-baraka, mehr-oqibat, tinchlik-totuvlik bardavom bo‘lsin!

 

Hurmat bilan,

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori


Print   Email