O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 30 YILLIGIGA O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 30 YILLIGIGA O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum hurmatli ustoz-murabbiylar, aziz talaba-yoshlar!

Bugun yurtdoshlarimiz jondan aziz ona-Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yilligini “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” ulug‘vor shiori asosida keng nishonlamoqda.

Fursatdan foydalanib Siz, azizlarni eng ulug‘ va eng aziz bayram — “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Mustaqil Vatanimizning ozodligi, tinchligi, gullab-yashnashi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizga zafarlar yor bo‘lsin!

Muhtaram hamkasblar, aziz talabalar!

Mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ahil jamoasi ham yurtimizda bunyodkorlik va jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishida alohida o‘rin tutadi. Istiqlol ayyomi arafasida bir guruh ustoz-muallimlarimiz nufuzli davlat mukofoti va “O‘zbekiston mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanganida ham davlatimiz ishonchi mujassam.

Ta’lim va tarbiya — mamlakat taraqqiyoti, jamiyat ravnaqi va, ayniqsa, yosh avlod kamoloti asosi. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat, ma’naviyat sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Zero, ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy qayd etganidek, “Millat taraqqiysi xayoliy orzu-havasda emas, farzandlar kamolotidadir”.

So‘nggi uch-to‘rt yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham muqaddas islom dinini fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ko‘plab yangiliklar bo‘ldi. Xususan, birgina yangi o‘quv yilidan Menejment (Ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish) hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” kabi yangi zamonaviy ixtisosliklar ochilishi barobarida, Qabul kvotasidagi keskin o‘sish qanchadan-qancha yoshlarga talaba bo‘lish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, umumiy ehtiyoj asosida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari tashkil etilgani xalqimizning necha yillik orzusini ro‘yobga chiqargani bilan ahamiyatlidir. Nufuzli ta’lim va ilmiy muassasamiz o‘quv xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari va ilg‘or o‘quv dasturlari bilan ham ta’minlandi. Bu boradagi ishlarimiz, albatta, yanada ko‘lamli tarzda va muntazamlik kasb etib boraveradi.  

Hurmatli hamkasblar, qadrli talaba-yoshlar!

Ma’lumki, Vatanimiz mustaqilligi bayrami shukuhi “Bilimlar kuni” — ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi tantanalariga ulanib ketadi.

Bugungi kunda jahonda yuz berayotgan pandemik vaziyatga qaramay, mamlakatimizda epidemiologik barqarorlikka erishildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi o‘quv yili an’anaviy shaklda olib borilishi uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Navbatdagi vazifamiz — ilm-ma’rifatga tashna yoshlarimizga eng ilg‘or o‘qitish vosita va usullari orqali chuqur bilim va kasb-hunarlarni o‘rgatishdir.

Shu bilan birga, unutmasligimiz lozimki, bugungi notinch va tahlikali zamonda inson ongi va qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Uzoq va yaqin mintaqalardagi turli siyosiy, mafkuraviy to‘qnashuvlar, ayrim g‘arazli kuchlarning turli tahdidlari, yoshlar ong-u tafakkurini zaharlashga harakat qilinayotgani barchamizni yanada sergaklantirishi lozim.

Ishonamanki, barchamiz ulug‘ va ezgu maqsadlar, olamga ilm-ma’rifat nurini taratish yo‘lida birlashsak, hamjihat bo‘lib mehnat qilsak, ko‘zlangan manzilimizga, albatta, yetamiz!

Barchani yana bir bor ona Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklayman! Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarimiz ro‘yobi va baxti barchamizga nasib etsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

 

Muzaffar KOMILOV,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori


Print   Email