Milliy birdamlik – millat uchun bir tan, bir jon demak

Milliy birdamlik – millat uchun bir tan, bir jon demak

Vatan ostonadan, insonning kindik qoni to‘kilgan tuproqdan boshlanadi. Ulg‘ayib voyaga yetgan zaminga mehrli bo‘lish, uning har bir hovuch tuprog‘ini muqaddas, deb bilish, ko‘zga to‘tiyodek surtish, bir umr farzandlik sadoqati bilan yashash har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir.

Xalqimizda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyiladi. Bu hikmat mazmunidan elimiz inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti, yor-do‘stlari va yaqinlari bilan bog‘lovchi Vatanini sevishi, uni ardoqlashini imon darajasiga ko‘tarib, vatanparvarlikdek fazilatning muqaddas ma’no-mazmun va yuksak maqomga egaligini e’tirof etganini anglash mumkin. Butun musulmon olamiga diniy ilmlarni o‘rgatgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi buyuk ajdodlarimiz ham Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli o‘zlarining taxalluslarini kindik qonlari to‘kilgan yurt nomi bilan bog‘laganlari ham ana shunday e’tirof va e’tiborning o‘ziga xos hayotiy-amaliy ifodasi hisoblanadi.

Yurt mehri, ona zamin sadoqatini jismu diliga jo etgan, uning erki, ozodligi va sarhadlari daxlsizligini har narsadan ulug‘ bilgan ajdodlarimiz ham Vatan muhofazasini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asrab kelishgan. Islom olamida keng tarqalgan kubraviya tariqatining asoschisi, buyuk ajdodimiz Najmiddin Kubroning Vatan himoyasi yo‘lidagi qahramonligi ham buning yorqin misoli bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega tariqat pir-murshidi mo‘g‘ullar bosqinidan xabar topib birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Xalq orasidagi obro‘-e’tiborini nazarda tutib, mo‘g‘ullar hukmdori unga shaharni tark etish evaziga jonini saqlab qolishni taklif qiladi. O‘z jonini saqlab qolish evaziga Vatanini yovga topshirishni or bilgan alloma bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va mardlarcha tug‘ ko‘tarib, lashkarni olg‘a chorlab borayotgan holatda shahid bo‘ladi.

Ma’lumki, har bir din o‘z izdoshlarini millati, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, birdamlikka, o‘zaro yaxshilik qilishga undaydi. Jumladan, islom dinidagi “jamoatdan ajralmaslik”, “odamlarning yaratgan oldidagi tengligi” g‘oyalari buning yorqin misolidir. Qur’oni karim “Rum” surasi 22-oyatga ko‘ra, odamlarning tili va rangidagi farqlar Xudoning mo‘’jizalaridandir. Milliy va diniy rang-baranglik hamda e’tiqod erkinligini qaror toptirish masalalarida Qur’oni karim butunlay bag‘rikenglik ruhi bilan sug‘orilgan. Demak, dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi va hikmati bilan bog‘liq. Alloh dastlab odamzodni bir ummat qilib yaratgandi, so‘ngra ularni turli qabila, xalq va dinlarga ajratdi. Bunday rang-baranglikdan maqsad – umumiy farovonlik yo‘lida insonlar bir-birlari bilan musobaqa qilmoqlari darkor.

Qur’oni karim bu dunyoni barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamin, deb e’lon qildi. Umuman olganda, Qur’oni karimning ellikdan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da’vat etilganlar. Demak, islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto o‘zga din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barham berishga chaqirgan.

Insoniyat tarixi dinning uyushtiruvchilik va yo‘naltiruvchilik qudratidan g‘arazli maqsadlarda foydalanilganda u milliy va diniy asosdagi adovatlarga zamin yaratib, ulkan saltanatlarning inqirozga yuz tutishi va parchalanishiga sabab bo‘lganidan guvohlik beradi. Taassufki, bugungi kunda ham dindan o‘zaro adovat uyg‘otish va ayirmachilik maqsadida foydalanishga urinayotgan kuchlar mavjud.

Islom olami ligasining “Islomda tinch-totuv yashash” mavzuidagi konferensiyasining Yakunlovchi bayonotida quyidagilar keltiriladi: “Islom dini barcha millat, xalq va davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashashga buyuradi va quyidagilarni muhim deb hisoblaydi:

– islomning eng yuksak g‘oyasi bo‘lgan tinchlikni targ‘ib qilish va insonlar xavfsizligini ta’minlash;

– inson sha’nini ulug‘lash va uning huquqlarini hurmat qilish;

– o‘zgalarni dinga majburlamaslik va ularga nisbatan adolatsiz bo‘lmaslik.

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning hozirgi hududida qadim davrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga e’tiqod qilgan xalqlar yashab kelgan. O‘zbekistonning jug‘rofiy-siyosiy nuqtai nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar qilgani diniy va madaniy hayotga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘z navbatida, bu yerda yashagan tub aholining madaniyati ham ularga ta’sir o‘tkazgan va o‘ziga xos turmush tarzini shakllantirishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan.  

Asrlar mobaynida o‘lkamizning shaharu qishloqlarida masjid, cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar hamjihatlikda o‘z diniy marosimlarini ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagan. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Ma’lumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”. Bu esa, millati va diniy qarashidan qat’i nazar, insonni ardoqlash va o‘zgalarni qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish kabi tuyg‘ular o‘lka aholisining qon-qoniga singib ketganidan dalolat beradi. Aynan shu sifatlar xalqimizga xos bo‘lgan diniy bag‘rikenglikning ma’naviy asosini tashkil qiladi.

Boy tarixiy tajribaning davomi sifatida bugungi kunda ham yurtimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari va o‘ndan ortiq diniy konfessiyaga e’tiqod qiluvchi shaxslar bir oila farzandlaridek ahil-inoq bo‘lib yashab kelmoqda. Ularning urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarining rivojlanishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida faoliyat ko‘rsatishida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik, ayniqsa, tinchliksevar xalqimizning bag‘rikengligi muhim omil bo‘lmoqda.

Millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, milliy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish hamda milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tashkiliy va uslubiy yordam berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 13-yanvardagi qarori bilan Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilgan. Natijada, 1991-yilda bor-yo‘g‘i 10 ta atrofida bo‘lgan milliy-madaniy markazlar soni bugungi kunga kelib 150 taga yaqinlashdi. Ular o‘zlari mansub bo‘lgan etnosning tili, madaniyati, urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish, millatlararo munosabatlarda uyg‘unlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Yurtimizda fuqarolar totuvligi barqarorligini, turli millatlar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga, vatandoshlarimiz ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishga, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasida ko‘plab samarali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2017-yil 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik alovalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risda” farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va do‘stlik jamiyatlarining negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Bu esa, yurtimizda yashayotgan turli din va millat vakillarining o‘z diniy e’tiqodlarini emin-erkin amalga oshirishi va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilayotgan tadbirlar jumlasiga kiradi.

Quvonarli jihati shundaki, bu amaliy ishlar diniy barqarorlik, konfessiyalararo samimiy va do‘stona muhitning vujudga kelishi va eng asosiysi, yurtimizdagi tinchlikning barqaror bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.


Print   Email