Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi. Muhim va obyektiv jarayonlar.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi. Muhim va obyektiv jarayonlar.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston yaqin va uzoq davlatlar bilan o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlab jahon hamjamiyati oldida yuksak obro‘-e’tiborga erishib kelmoqda. Shu bilan bir qatorda mamlakatimiz nufuzli konferensiya va forumlarga tashabbus ko‘rsatib mezbonlik qilmoqda.

Ana shunday nufuzli konferensiyalardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 15-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazildi.

“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya yurtdoshlarimiz va butun jahon ahli tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi.

Bo‘lib o‘tgan ushbu anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari azaldan bir-biriga madaniyati yaqin, savdo yo‘llari tutashib ketgan, bir-biri bilan ilm, kasb-hunar almashib, o‘zaro yaqin aloqada bo‘lib kelgan.

Har jabhada hamkor mamlakatlar vakillari ishtirok etgan ushbu anjumanda ko‘rib chiqilgan masalalarning nechog‘lik ahamiyatli ekaniga ikki kun mobaynida bevosita guvohi bo‘ldik.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq so‘zladi.

“O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi.

Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va obyektiv jarayonga aylanib bormoqda”, dedi Davlatimiz Rahbari.

Mazkur xalqaro anjumanda qatnashgan Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti (AIES) prezidenti prof. Verner Fasslabend ham o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari nafaqat O‘zbekistonning yoki Markaziy Osiyo mintaqasining, balki butun dunyo rivoji uchun juda muhim hissadir, deb aytgan gaplarim bugun yana bir bor amalda o‘z isbotini ko‘rsatmoqda va biz bunga ushbu nufuzli anjuman orqali guvoh bo‘lmoqdamiz”, dedi Verner Fasslabend.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti (AIES) bilan o‘zaro hamkorlik qilishi bo‘yicha taklif har ikki tomondan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda ushbu nufuzli Konferensiya har tomonlama manfaatli bo‘ldi.

 

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori.


Print   Email