Kasbiy (ijodiy) imtihonni o‘tkazish tartibi

Kasbiy (ijodiy) imtihonni o‘tkazish tartibi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga kirish imtihonlari orasida “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hujjat topshirgan abituriyentlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini aniqlash maqsadida test sinovlari bilan bir qatorda “Chet tili” va “Ma’naviyat asoslari” fanlaridan kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.

Abituriyent test sinovlarini va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun tanlagan tilda topshiradi.

“Ma’naviyat asoslari” bo‘yicha ijodiy (kasbiy) imtihon savollari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘quv rejasidagi “Ma’naviyat asoslari”, “Davlat va huquq asoslari”, “Tarix”, “Dunyo dinlari tarixi”, “Adabiyot” fanlari mavzularini qamrab oladi.

“Chet tili” fani bo‘yicha abituriyent bilimi biletda tushgan matnni o‘qish, uni tarjima qila olish va uning mazmunini gapirib berish, topiklarni bilish, nutqning grammatik va leksik jihatdan shakllanganligi hamda talaffuzni to‘g‘riligiga muvofiq baholanadi. “Ma’naviyat asoslari” fani bo‘yicha esa berilgan savolning mohiyatidan kelib chiqib, mavzuni batafsil yoritilishi, misollar keltira olishi, bugungi kun voqeligi bilan bog‘lay olishi va nutqning ravonligiga qarab baholanadi.

Kasbiy (ijodiy) imtihon uchun 1 soat vaqt beriladi. Bunda 5 daqiqa bilet olish va rasmiylashtirish, 30 daqiqa tayyorlanish, 25 daqiqa javob berish uchun ajratiladi.

“Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi abituriyentlari uchun “Chet tili” va “Ma’naviyat asoslari” fanlaridan alohida tayyorlanadi. “Chet tili” fanidan biletda 2 ta, “Ma’naviyat asoslari” fanidan biletda 3 ta topshiriq beriladi.

Belgilangan jadval bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonga kelmagan abituriyentlar uchun qayta kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazilmaydi va ular test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari abituriyentga imtihon topshirgandan so‘ng darhol ma’lum qilinadi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rasmiy saytida 24 soat ichida e’lon qilinadi.

Qabul jarayonlariga oid so‘nggi yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy iiau.uz sayti orqali tanishib borishingiz mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

 


Print   Email