Dastlabki imtihonni o‘tkazish tartibi

Dastlabki imtihonni o‘tkazish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 358-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-bob, 46-“Karantinga oid choralar amal qilishi davrida Akademiyaning bakalavriatiga qabul qilish vakolatli organlarning karantinga oid hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda (masofaviy, elektron, onlayn va boshqa usullar orqali) amalga oshiriladi” bandiga muvofiq, dastlabki imtihon karantin holatini hisobga olgan holda onlayn tarzda tashkil etiladi.

Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, dastlabki imtihon test shaklida o‘kaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollardan iborat bo‘ladi:

– intellektual daraja, mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish;

– ma’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha bilim darajasi, ma’naviyat asoslari, milliy g‘oya va mafkura, huquq va siyosat, adabiyot, tarix, islomshunoslik va dinshunoslikka taalluqli hamda boshqa masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushunish qobiliyati.

– xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis) bilish darajasi, O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi va geografiyasiga taalluqli va boshqa xorijiy tilga oid sohalar xususiyatlari yuzasidan mantiqiy va asosli tushunish qobiliyati.

Dastlabki imtihon 2021 yilning 14-, 15- va 16-iyul kunlari  https://test.iiau.uz/ portali orqali onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi. Dastlabki imtihonda “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-son qarorida belgilangan tayanch va fanga oid kompetensiyalar quyidagi tartibda baholanadi:

– mantiqiy fikrlash va tayanch kompetensiyalarni aniqlashga doir jami 20 ta savol havola etiladi.

Savollar javobini topish uchun jami 40 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 5 ball bilan baholanadi. To‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori natija – 100 ball hisoblanadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun abituriyent 50 va undan yuqori ball to‘plashi lozim.

Shuningdek, abituriyentlarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarni aniqlashga yo‘naltirilgan savollar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv dasturlari va darsliklarida berilgan mavzular asosida tuziladi.

Ushbu imtihon natijalari talabalikka talabgorning kirish imtihonlari keyingi bosqichi – kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlariga o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinishini belgilaydi.

Qabul jarayonlariga oid so‘nggi yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy iiau.uz sayti orqali tanishib borishingiz mumkin.

Barcha abituriyentlarga muvaffaqiyat tilaymiz!


Print   Email