Akademiyada yangi o‘quv yili boshlandi

Akademiyada yangi o‘quv yili boshlandi

Talabalik inson hayotining oltin davri hisoblanadi. Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi 2021-2022-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Akademiyaning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya rektorining 2021-2022-o‘quv yili munosabati bilan talabalarga yo‘llagan bayram tabrigini yetkazdi.

– Avvalo, barchangizni talabalik baxtiga sazovor bo‘lganingiz bilan Akademiya jamoasi nomidan muborakbod etaman, – deydi Zohidjon Islomov. – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini tarbiyalash bosh maqsadimiz hisoblanadi. Bu yil talabalikka erishgan talabalarimiz ham ana shunday an’anani davom ettirishadi degan umiddamiz.

Bayram tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov so‘z olib, talabalarga ilm olish yo‘lida qat’iy shijoat va muvaffaqiyat hamroh bo‘lishini tiladi.

– Alloh taolo boshlanayotgan yangi o‘quv yilida barchamizga kuch-g‘ayrat, salomatlik ato qilsin, – deydi Homidjon Ishmatbekov. – Aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mintaqadagi yagona va ayni paytda eng nufuzli ilm maskanlaridan biri sanaladi. Akademiya talabasi bo‘lish uchun minglab yoshlar intiladi, harakat qiladi. Va ularning eng munosiblariga bu baxt nasib etadi. Shunday ekan bu yerda tahsil olayotgan yigit-qizlarimizdan ustozlarni hurmat qilish, ilm olishdan to‘xtamasliklarini so‘rab qolaman. Kelajagimizning tayanchi, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishdagi bosh bo‘g‘in aynan siz aziz yoshlar bo‘lasiz!

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi bilan qutlab, yangi o‘quv yiliga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

– Avvalo, barchangizni mustaqilligimizning 30 yilligi hamda yangi o‘quv yili bilan tabriklayman, – deydi “Islomshunoslik” rus guruhi 1-bosqich talabasi Doniyor Yo‘ldoshev. – Talabalar safidan o‘rin olgan barcha tengdoshlarimga omad tilayman. Akademiyada ustozlarimizdan saboq olib, yurtimiz va xalqimiz rivojiga xizmat qiladigan inson bo‘lishga va’da beraman.

Tantanali tadbirdan so‘ng auditoriyalarida “Mustaqillik darsi” o‘tkazildi. Unda yoshlarga vatanni sevish haqiqiy baxt ekanligi, mamlakatimiz tinchligini asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir farzandning burchiga aylanishi, eng asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yo‘lida talabalar kuchli bilimga ega bo‘lishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligi alohida ta’kidlandi.  

Shuningdek, mazkur darslarda yigit-qizlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan Uchinchi renessansning mazmun-mohiyati, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida erishilgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Bundan tashqari, talabalarga kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, o‘quv jarayoniga tatbiq etilish tartibi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalari va shu kabi zaruriy axborotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email