Qabul 2021:: (+998) 71 244-50-76, 244-96-13 This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it. :           

        

Xalqaro aloqalarning yangi ufqlari

Xalqaro aloqalarning yangi ufqlari

Yurtimizda yashab ijod qilgan buyuk allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini, jahon ilm-fan taraqqiyoti va islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini oʻrganish ilmiy-tadqiqot markazlari va shu yoʻnalishdagi taʼlim muassasalarining oldiga qoʻyilgan muhim vazifalardan hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qator xalqaro ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Jumladan, Malayziya davlatining bir nechta tadqiqot va taʼlim muassasalari markazning yaqin hamkorlaridan sanaladi. Islomiy fanlar universiteti, Islomni anglash instituti bilan memorandumlar imzolangan.

Kelishuvga koʻra, Malayziya Islomni anglash institutining “Islom va zamonaviy dunyo” ilmiy jurnali hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida har ikki tomon olimlarining ilmiy maqolalari eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Malayziya Islomni anglash instituti radiosida allomalarimiz merosi haqida eshittirishlar tashkil etilmoqda. Hamkorlikning samarali qadamlari sifatida joriy yil aprel oyida Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusida Malayziya va Oʻzbekiston olimlari hamkorligida qoʻshma onlayn seminar oʻtkazilganini taʼkidlash lozim.

Kuni kecha esa Markaz bilan Islom sivilizatsiyasi instituti oʻrtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish doirasida mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan onlayn uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Eurosoft-DecorIT LLC” axborot texnologiyalari tashkiloti, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti vakillari va diplomatlar ishtirok etdi.

Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori professor Fariza Muhammad Sham ushbu muassasaning tashkil etilishi, ilmiy jamoasi, faoliyati haqida soʻzlab, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda ham izchil rivojlanayotganini qayd etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz direktori Shovosil Ziyodov markaz faoliyati va ilmiy xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muxtasar maʼlumot berdi.

“Malayziya qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Movarounnahr olimlarining hayoti va ilmiy merosiga oid asarlar” mavzusida qoʻshma onlayn vebinar, seminar va konferensiyalar oʻtkazish, elektron kitoblar, qoʻlyozmalar almashuvini yoʻlga qoʻyish, Islom sivilizatsiyasi institutining onlayn kutubxonasiga kiritish uchun Markazning elektron maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan islomshunoslik boʻyicha kitoblarning elektron nusxasini taqdim etish, malayziyalik islomshunos olimlarni Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasiga jalb qilish, Malayziya akademik jurnallarida Markaz tadqiqotchilari ilmiy maqolalarini nashr etish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlashda qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

 

Nodir MAHMUDOV,
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 29-may, № 108 (364)

Print   Email

Koʼp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʼshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʼrganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

REKVIZITLАR
Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi
STIR(INN): 305670152
sh/xv 40011086 0262 7779 5010 0023 001
Oʼzbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi gʼaznachiligi Аmaliyoti
boshqarmasi x/r:23402000300100001010
MB BB XKKM Toshkent shahar.
MFO 00014 STIR (INN) 201122919

BIZNING MАNZIL

Manzil: Toshkent, O‘zbekiston, 100011
Abdulla Q. №11
Ishonch telefoni:
(71) 244-94-64
Devonxona: (71) 244-94-60
Qabul kommissiyasi:
(71) 2449613
(71) 2445076
Buxgalteriya:
(71) 244-94-58
E-mail: info@iiau.uz

 

 

© 2019 iiau.uz. Designed by ZAKT KAFEDRASI. (+998) 71 244 00 42 All Rights Reserved,