O‘zbekistonda arab tilini o‘qitish: tarix va zamonaviylik

O‘zbekistonda arab tilini o‘qitish: tarix va zamonaviylik

O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Xususan, ta’lim sohasida ham o‘zaro tajriba almashish, yangi ilmiy ishlanmalar ommalashayotganini alohida e’tirof etish kerak. Bunday uzviy hamkorlik esa, ta’lim rivojiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Ozarbayjon ilohiyot instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida Ozarbayjon ilohiyot instituti ilmiy tadqiqotchilari, magistratura va doktorantura talabalari uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan tashkil etilgan onlayn ma’ruza darslarida ham aynan shu jihatlarni ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, ilm-fan sohalari rivojida qilinayotgan har bir ezgu ishlar, yangi tashabbus va takliflar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabat, o‘zaro yaqin hamkorlik mushtarak ekanidan darak beradi.

Shu maqsad bilan “O‘zbekistonda arab tilini o‘qitish: tarix va zamonaviylik” mavzusida o‘tkazilgan navbatdagi onlayn ma’ruza darslarida ham yurtimizda bu borada to‘plangan boy ilmiy-ma’naviy tajriba haqida so‘z bordi.

Unda Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari, Ozarbayjon ilohiyot institutining ilmiy vakillari, doktorantlar hamda magistratura ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Navbatdagi onlayn ma’ruza darslari o‘ziga xos bo‘lib, yangicha yo‘nalishda, qiziqarli savol-javob, ma’lumotlar ko‘lami ko‘pligi bilan tinglovchilarning diqqat markazida bo‘ldi.

Ozarbayjon ilohiyot instituti ilmiy tadqiqotchilari, magistratura va doktorantura talabalariga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Ibrohim Usmonov arab tilida ma’ruza o‘qidi.

Diyorimizda arab tilining tarqalish tarixi, Movarounnahr zaminida joylashib qolgan arab qabilalari, bu yerdagi yozuv turlari, arab tilini keng ommalashishida arablar tomonidan qo‘llanilgan ta’lim muassasalarining metodlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, arab grammatikasiga oid kitoblar tahlili va ushbu qo‘llanmalarning yillar mobaynida mukammallishtirilib borilishi, arab tilini o‘qitish borasida rus tadqiqotchi, sharqshunoslarining olib borgan tadqiqoti, fikr va kuzatuvlari, XX asrning boshlarida, Sovet Ittifoqi davrida arab tilining o‘qitish holati va mustaqillik davri, oxirgi yillarda arab tiligi O‘zbekistonda berilayotgan e’tibor, sohaga oid bo‘lgan kitob va nashrlarning chop etilgani, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy ta’lim muassasalarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, ularda ham arab tilini o‘qitish bo‘yicha erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tildi.

Ibrohim Usmonov Akademiyada arab tili ta’limi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, pandemik vaziyat davrida ham masofaviy ta’lim jarayonlarida O‘zbekistonda, xususan, Akademiyada olib borilayotgan ishlar haqida ilmiy doira vakillariga keng ma’lumot berib borilganini alohida qayt etdi.

Ma’ruzada masofaviy ta’lim jarayonida ustoz va talaba o‘rtasidagi aynan arab tili o‘qitish ta’limi bo‘yicha uchrayotgan muammolar va ularni hal qilish borasida Akademiyada qo‘llanilgan metodlar, soha vakillari bilan XXI asr talabalari bo‘yicha ta’lim rivoji yo‘lida fikr-mulohazalar almashilgani aytildi.

O‘z navbatida tinlovchilar tomonidan ham ma’ruza bo‘yicha bir qator savollar berildi. Bunda mavzuga oid bo‘lgan jihatlarini aniqlashtirish, arab tili ta’limi bo‘yicha Ozarbayjon vakillarida ham yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari, arab lahjalari borasidagi savollarga ma’ruzachi tomonidan atroflicha javob berildi. Mazmunli va foydali o‘tgan seminar uchun ishtirokchilar tomonidan minnatdorlik bildirildi.

Yakunda Ozarbayjon ilohiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom Akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy-ma’rifiy suhbatlar, ma’ruza darslari har ikki tomonlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni yangi bir bosqichga olib chiqishda bir debocha bo‘lib, ta’lim muassasalari vakillari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida bundan keyin birgalikdagi olib boriladigan hamkorlik yanada uzviy davom etishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email