O‘zbekiston – Ozarbayjon:  dunyo tamadduni asosi — ilm va do‘stlik yo‘lidagi hamkorlik

O‘zbekiston – Ozarbayjon: dunyo tamadduni asosi — ilm va do‘stlik yo‘lidagi hamkorlik

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Ozarbayjon ilohiyot instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi asosida 9-24-iyun kunlari tashkil etilgan onlayn ma’ruza darslari o‘z nihoyasiga yetdi.

Ozarbayjon ilohiyot instituti ilmiy tadqiqotchilari, magistratura va doktorantura talabalari uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi seminarda  Akademiyaning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov “Maxmud az-Zamaxshariy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasi rivojlanishidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza o‘qidi.

Buyuk vatandoshimiz ilmiy-ma’naviy merosi, hayoti va ijodi, yaratgan nodir asarlari va bugungi kunda bu bebaho xazinani asrab-avaylash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, seminarda qomusiy olim merosini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilgan va davom etayotgan tadqiqot ishlari, to‘plangan tajriba o‘rtoqlashildi.

O‘z navbatida ozarbayjonlik ilmiy doira vakillari ham ulug‘ alloma Maxmud az-Zamaxshariy ilmiy-ma’naviy merosiga katta qiziqish bildirishlari, bu yo‘nalishda o‘z olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, muqaddas islom dinini fundamental jihatdan o‘rganish va ezgu g‘oyalarini targ‘ib etishga ixtisoslashgan jahonga tanilgan ikki yirik oliy va ilmiy tadqiqot muassasasining bu kabi ilmiy-amaliy hamkorligi olim va ulamolar, yosh-tadqiqotchilar uchun o‘zaro fikr hamda tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu hamkorlik soha vakillarini dunyo tamadduninig asosi bo‘lgan — ilm o‘rganish va yosh avlodga yetkazishdek eng ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirib, yangi tashabbus, taklif va loyihalarni ro‘yobga chiqaruvchi keng ilmiy maydon vazifasini o‘tadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Ozarbayjon ilohiyot instituti o‘rtasidagi bunday hamkorlik ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik, inoqlik rishtalarini ham yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email