Eron Oʻzbekistonga Bobur qalamiga mansub asarning qadimiy qoʻlyozmasi nusxasini topshirdi

Eron Oʻzbekistonga Bobur qalamiga mansub asarning qadimiy qoʻlyozmasi nusxasini topshirdi

Oʻzbekiston elchisi Bahodir Abdullayev Eron fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining oʻrinbosari Muhammad Rizo Nossiriy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuv davomida Eron vakillari Tehrondagi «Golestan saroyi» muzeyida saqlanayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub «Risolai aruz» (“Aruz risolasi”) asarining qadimiy qoʻlyozma kitobi nusxalarini topshirdi.

Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotga koʻra, ushbu qoʻlyozmani koʻchirgan hattotning nomi aniq emas. U Hindistonda Bobur hukmronligi davrida koʻchirilgan va qoʻldan-qoʻlga oʻtib, Nasruddin Shoh Qojar (1848-1896) davrida Eron hududiga olib kelingan.

Shundan soʻng asar «Golestan saroyi» muzeyiga topshirilgan va soʻnggi 150-yil davomida noyob qoʻlyozma ushbu muzeyda saqlanib kelinmoqda.

“Aruz risolasi”da turkiy aruzning tabiati, taraqqiyoti va sheʼriy asarlardagi koʻrinishlari, aruzning 272 vazni va 21 bahriga ilmiy sharhlar berilgan. Kitob 1524-1525-yillarda yozilgan. Asarda X-XVI asrlarda yashab oʻtgan 60 dan ortiq mashhur shoir va olimlar, shuningdek, ularning asarlari haqidagi maʼlumotlar oʻrin olgan. “Aruz risolasi”da aruz vazni haqida boshqa risolalarga nisbatan koʻproq badiiy elementlar mavjudligi turkiy aruz tadqiqotlari Temuriylar davrida oʻzining tadrijiy kamolotiga erishganidan dalolat beradi.

Aruz vazni dastlab arab sheʼriyatida paydo boʻlgan. Fors va turkiy sheʼriyatda keng tarqalgan uzun va qisqa boʻgʻinlarning almashuviga asoslangan shakldir. Aruz ilmiy-nazariy taʼlimot sifatida Temuriylar sulolasi davrida oʻz choʻqqisiga erishgan. Aruzning nazariy asoslari Alisher Navoiy asarida ham chuqur tahlil etilgan.

Boburning “Aruz risolasi” asari Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridan keyin turkiy tilda aruz vazniga bagʻishlangan ikkinchi qimmatli asar hisoblanadi.

«Risolai aruz» asarining qoʻlyozma nusxasidan olingan fotonusxalar ilmiy tadqiq etish va yanada chuqur oʻrganish uchun Oʻzbekistonga yuboriladi.


Print   Email