“Jamiyatning “Oltin muvozanati” nimada?”

“Jamiyatning “Oltin muvozanati” nimada?”

Diniy bag‘rikenglik

Hozirgi globallashuv sharoitida moddiy chegaralar tobora nisbiylashib, milliy-ma’naviy qadriyatlar asta-sekin umumiylashib borishi kuzatilmoqda. Bunday davrda milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish, milliy o‘zlikni anglash va qadriga yetish tushunchalari pirovard maqsadga aylanadi. Milliy o‘zlikni anglash va qadrlash jarayoni milliy qadriyatlarimizning poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Sababi, umuminsoniy – barcha uchun umumiy qadriyatlar xususiylikning yemirilib ketishi uchun xizmat qilmasligi kerak. Boshqa tarafdan – milliy qadriyatlarimizni saqlab qolishga intilishimiz dunyodan uzilib qolishimizga ham olib bormasligi lozim. Aynan, “Oltin muvozanat”ni topish masalasi bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Tarixiy jarayonlar va bugungi voqelik ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali davlatlarda dunyoviy jamiyat qaror topishi eng maqbul yo‘l ekanini ko‘rsatadi. Dunyoviylik barcha uchun bir xil imkoniyat yaratilishini ta’minlovchi, turli milliy etnik va diniy asosdagi nizolar kelib chiqishining oldini oluvchi samarali vosita ekani jahonning ilg‘or davlatlari tajribasida o‘z isbotini topgan. Shunday ekan, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston sharoitida dunyoviylik bu – hayotiy zarurat. Bu biz intilayotgan “Oltin muvozanat”ni tutib turuvchi dastak bo‘lishi mumkin.

Endi milliy qadriyatlar masalasiga kelsak, yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi, 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: milliy qadriyat deganda nimani tushunishimiz kerak? Bunday holatda muayyan millatning urf-odatlari va an’analari boshqa millatlarnikidan ustun ko‘rilishi noo‘rin, albatta. Har bir millat va elat o‘z qadriyatlarini saqlab qolishga haqli. Shu sababli, mustaqillikning ilk yillaridanoq yurtimizda milliy-madaniy markazlar faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimizda yashayotgan barcha millatlar “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” ekanini anglashi, his qilishiga muhim e’tibor qaratilgan. Bu umumjahon miqyosida ham yaxshi natija bera oladigan tajriba.

Shu o‘rinda bitta nozik nuqtaga e’tibor qaratish lozim. Nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ming yildan beri islom dini bilan bog‘liq qadriyatlarimiz hanafiy mazhabi asosida shakllanib kelgan. Hanafiy mazhabining bag‘rikenglik tamoyillari shariatga zid bo‘lmagan milliy urf-odat va an’analarni saqlab qolishdagi o‘rni beqiyos. Biz hozirda faxrlanib yodga oladigan ajdodlarimizning aksariyati mana shu mazhab vakillari bo‘lgan. Demak, ayta olamizki, milliy va diniy qadriyatlarimiz asosida hanafiylik mazhabi an’analari ham bor. Hozirda, yurtimizga chetdan kirib kelayotgan turli begona oqim va firqalar nafaqat muqaddas dinimizga, balki bevosita milliy qadriyatlarimizga ham tajovuz ekanini anglab yetishimiz kerak. Milliy o‘ziga xosligimizni saqlab qolishning talabi shu.

O‘rni kelganda aytib o‘tish kerakki, ibo-hayo, mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat-ehtirom, ota-onaning haqlarini ado etish, ijtimoiy hamkorlik, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, boringki, barcha ehtiyojmand qatlamlarga ko‘maklashish xalqimizning tom ma’nodagi fazilatiga aylangan. Jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasining eng og‘ir pallasida xalqimizning jipsligi va ahilligi, o‘zaro yordamlashishga doimo tayyorligining jonli guvohi bo‘ldik. Agar biz G‘arbdan kirib kelayotgan individualizmga yon berib, millatimizga xos bo‘lgan jamoaviylik tamoyillarini yo‘qotib qo‘yganimizda natija qanday bo‘lar edi?

Demak, dunyoviy jamiyatda milliy qadriyatlarning o‘rni beqiyos. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga chiqqani bejiz emas. Ammo, xalqimiz orasida tarqab borayotgan ayrim ijtimoiy-ma’naviy illatlar ham milliylik yoki “o‘zbekchilik” deb xaspo‘shlanishi mutlaqo o‘rinsiz holatdir. Dabdababozlik, molparastlik, har qanday ishda kimo‘zarga berilib ketish, o‘zga madaniyatlarga ko‘r-ko‘rona taqlid, riyokorlik, xo‘jako‘rsinchilik, jinoyat botqog‘iga botirib yuboruvchi tanish-bilishchilik va korrupsiya kabi illatlar millatni va xalqni tanazzulga yetaklaydi. Dunyoviy jihatdan ham fuqarolik jamiyatining asoslaridan biri – jamoat nazoratining bo‘lishidir. Odamlar bunday holatlarga befarq va loqayd bo‘lmasliklari, eng asosiysi, xayrixoh bo‘lib qolmasliklari shart.

Ko‘rinib turibdiki, dunyoviy va milliy qadriyatlar bir-birini inkor qilmaydi, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Dunyoviy jamiyat milliy qadriyatlarsiz ruhan kemtik, quruq qonun-qoidalarga asoslangan intizomiy shaklga tushib qoladi. Zero, qonun ustuvorligi naqadar muhim bo‘lsa, odamlar o‘rtasidagi muomala munosabatlari, izzat-ehtirom, axloqiy me’yorlarning ahamiyati ham undan kam emas.

 

Zafar Faxriddinov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti.

“Yoshlar ovozi” gazetasi 23-iyun 21-son.


Print   Email