Dunyoviylik taraqqiyot asosi

Dunyoviylik taraqqiyot asosi

Bugungi kunda davlat va dinning o‘zaro aloqasi masalasi zamonaviy ilm-fanning eng murakkab va dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tarixdan ma’lum har qanday davlat qurilishida din har doim faol ishtirok etgan. Davlat va konfessiyalararo munosabatlar tarixi ziddiyatlarga to‘la. Davlat va din azaldan o‘zaro bog‘liq bo‘lib kelgan, ularning o‘zaro munosabatlari jamiyatga ta’sir qiladi va shaxsiy hamda jamoat manfaatlariga hissa qo‘shadi.

Dinning siyosiy hayotga faol jalb etilganini bugungi kunda jahonda yuz berayotgan jarayonlar ham ko‘rsatmoqda. Masalan, diniy dunyoqarash negizida ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etayotgan turli tashkilotlarga asos solinmoqda. Ayrim an’anaviy Gʻarbiy Yevropa elitalari hokimiyati an’ana va diniy qadriyatlarga tayanadi. Bularning bari, kishilar ijtimoiy hayotining mavjud sohalari o‘rtasidagi aloqadorlik qadimdan mavjud bo‘lgani, kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini tasdiqlaydi. Farqli jihati shundan iboratki, konkret tarixiy davrlarda mazkur aloqadorlik kuchayishi yoki aksincha kuchsizlanishi, shuningdek, ular o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelishi mumkin.

Mana chorak asrdan oshiqroq vaqtdan beri O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lidan bormoqda. Bu – mamlakatimiz taraqqiyoti bosh yo‘lini dunyoviy yondashuv tashkil etadi, deganidir.

Dunyoviylik mohiyatini davlatning diniy tashkilotdan hamda diniy tashkilotning davlatdan ajratilganligi, shuningdek, vijdon erkinligi va e’tiqod erkinligining mavjudligi tashkil etadi.

Dunyoviylikka asoslangan jamiyat, konfessional mansublikdan qat’iy nazar barchaga birgalikda yashash imkoniyatini yaratadi.

Aytish kerakki, dunyoviylik ham qimmatli ne’mat hisoblanadi. U dinning dushmani yoki muxolifi ham emas. Bunda dinning ijtimoiy-ma’naviy hayot bilan bog‘liq tabiiy o‘rni saqlanib qoladi. Dunyoviy davlat buni inkor etmaydi. Demak, zamonaviy huquqiy demokratik davlatda dunyoviylik va uning muqobili bo‘lgan (lekin ziddi emas) diniylikdan iborat har ikki omilning o‘z o‘rni bor. Gap ana shu o‘rinlarning nechog‘lik sog‘lom belgilanishidadir.

Dunyoviylik va diniylik o‘rtasidagi mantiqiy muvozanatga erishish va uni saqlab turish har qanday mamlakat barqaror rivojlanishining asosiy shartlaridan biridir. Bunday muvozanat tegishli davlat va jamiyatning umumiy xavfsizligi va xalqaro hamjamiyat bilan uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bunday uyg‘unlik masalasi insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida kun tartibida bo‘lib kelgan. Uchinchi ming yillikning ibtidosida u yana alohida dolzarblik kasb etib bormoqda. Bundan-da muhimi, mazkur muammoning yechimini topish aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etadigan mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyoda tashkil topgan yangi mustaqil davlatlar oldida ko‘ndalang bo‘lib turgan hayotiy vazifalardan biriga aylangan. Ushbu ma’noda dunyoviylik va diniylik haqidagi aniq-tiniq mantiqiy tasavvurni shakllantirish ziyolilar, birinchi navbatda, professional faoliyati diniy-ma’naviy hayot bilan bog‘liq mutaxassislar oldida turgan muhim vazifadir. Bu vazifaning ijrosini ta’minlash din arboblari ishtirokisiz kechmaydi, shubhasiz.

Dinning jamiyat faoliyatidagi barcha sohalarga aralashuvi azaldan qonuniyligini qat’iy yoqlab chiquvchi kuchlar barcha zamonlarda ham bo‘lgan. Boshqa kuchlar esa, dinning faoliyat doirasini ma’naviyatga tegishli masalalar bilan cheklash tarafdori bo‘lib kelganlar. Ba’zan ushbu ikki kuch o‘rtasidagi munosabatlar shunchalik keskinlashganki, bu butun boshli mamlakatlarni to‘s-to‘polonlar va jaholat girdobiga tortgan. Buning fojiali ko‘rinishlari musulmon Sharqi hayotida ham sodir bo‘lgan. Zamonaviy tilda aytganda, bu yerdagi diniy hokimiyatni dunyoviy hokimiyatdan ajratish jarayoni xristian Gʻarbi qonunlaridan biroz farqli tarzda kechgan. Buyuk sufiy Abu Mansur al-Halloj ham Xudoning mohiyatini idrok etish yo‘llari haqidagi ortodoksal aqidalarga zid qarashlari uchun o‘tda yoqib yuborilgan. Shunday sabablar tufayli musulmon fani, falsafasi va badiiy tafakkurining Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu-l-Alo al-Maarriy, Umar Xayyom va boshqa ko‘plab buyuk daholari quvg‘inlar va ta’qiblarga duchor bo‘lganlar.

Albatta, Islom bu ma’naviy hayotimizning umurtqa suyagidir. Umumislomiy ijtimoiy va madaniy-ma’naviy qadriyatlarni hayotga joriy etmasdan turib, barqaror sog‘lom vaziyatga erishish qiyin. Lekin shunga qaramasdan, siyosat va dinning biri-biridan ajratilgani jamiyat taraqqiyoti va ichki islohotlarni amalga oshirish qudratini ta’minlashning muhim shartidir. Bunday islohotlarsiz har qanday jamiyatning taraqqiyoti to‘xtab qoladi va, pirovardida, kollaps-tushkunlik holatiga tushib qoladi. Fundamentalistlar talab qilayotgandek, islom tarixining ilk davrlariga qaytish musulmon jamiyatini o‘zining porloq istiqbolini yaratish imkoniyatidan mahrum qiladi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonda “dunyoviy konsensus”ni, ya’ni dunyoviy-ma’rifiy tuzum ustuvorligini qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy yakdillikni saqlab qolish o‘ta muhimdir.

Dunyoviylik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot ehtiyojlari hamisha hamohang bo‘lib kelgan. Ya’ni dunyoviylik qotib qolgan dogma emas, aksincha, u muntazam ravishda takomillashib boruvchi hodisadir. Zamonaviy ilmiy tilda aytganda, dunyoviylik modernizatsiya deb nomlanuvchi jarayonning harakatlantiruvchi kuchidir. U jamiyat ilmiy salohiyatining uzluksiz oshib borishi, texnologik taraqqiyotning davomiyligi, iqtisodiy hayotning ratsionallashuvi, madaniyatning yuksalib borishi kabi muhim jarayonlar bilan uyg‘un ravishda takomillashib boradi.

Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, eng avvalo, dinning davlatdan ajratilishi tamoyili uning asosini tashkil etishini ta’kidlash zarur. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”.

Mazkur moddada muhim qoidalar mustahkam qo‘yilgan. Avvalo diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, bir xil huquqiy maydonda faoliyat olib boradi. Qolaversa, diniy birlashmalar faoliyatini tashkil etish ularning ichki ishi hisoblanadi va davlat nazoratidan xolidir.

Shu bilan birga, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan ajratilganini anglatmasligini ham ta’kidlash zarur. Bu fuqarolik jamiyatida din o‘z mavqeiga ega bo‘lishini anglatadi. Bu ham Konstitutsiyamizning amaldagi ijrosidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalardan biridir. Aytish joizki, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, bunyodkor milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy ma’naviy surati va siyratini belgilovchi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, o‘zaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharm-u hayo kabi eng oliy insoniy tuyg‘ularning tub mohiyatini anglash va ko‘z qorachig‘idek e’zozlashda, aynan diniy tashkilotlar va din arboblarining roli va o‘rni beqiyosligini bugun hech kim inkor etmaydi. Aksincha, bunday bunyodkor faoliyat qizg‘in ko‘llab-quvvatlanmoqda. Buning sababi esa, Konstitutsiyamizda ana shunday faoliyat uchun mustahkam huquqiy zamin yaratib berilganidadir.

Davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi boshqa bir tamoyil shundan iboratki, davlat dinni xalq ma’naviyatining uzviy qismi sifatida tan oladi. Shundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi.

Davlat va din munosabatlarining yana bir xususiyati bu dinning siyosatga aralashmasligidir. Zero, har qanday din, birinchi o‘rinda, ma’naviy axloqiy fenomendir. Hech qaysi din o‘zida xalqning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha jihatlarini qamrab olishga da’vogarlik qilmaydi. Aks holda u din bo‘lmay qoladi.

Ta’kidlash mumkinki, dunyoviylikka asoslangan har qanday davlat va jamiyatda, eng avvalo, qonun ustuvorligini ta’minlash taqozo etiladi. “Qonun barcha uchun barobar”, degan demokratik tamoyil, shubhasiz, diniy jarayonlarga ham taalluqlidir. Ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy ma’rifiy hayotning boshqa har qanday sohasi kabi diniy jarayonlar ham faqat qonun bilan belgilab qo‘yilgan mezonlarga muvofiq ravishda rivojlanishga haqlidir. Qonun barcha boshqa sohalarni me’yorga solib turgani kabi diniy vaziyat evolyutsiyasi ham, hech qanday chekinishlarsiz, unga bo‘ysunishga majbur. Bu ish demokratiyaning asosiy tamoyillaridan bo‘lgan vijdon erkinligi, xususan, e’tiqod erkinligini chegaralash hisobiga qilinmaydi, albatta. Aksincha, azal-azaldan demokratik jamiyatning bosh mezoni bo‘lib kelgan qonun ustuvorligini ta’ minlash orqali amalga oshiriladi.

Xulosa sifatida aytish kerakki, davlatimizning dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik, barcha dinlarga bir xilda munosabat, jamiyat taraqqiyotida din bilan hamkorlik qilish xususiyatlari ana shu tamoyil asosida amalga oshiriladi. Chunki dunyoviy-ma’rifiy davlatda diniy e’tiqodi va dunyoqarashidan qat’i nazar, siyosiy xohishlarini bildirishda barcha fuqarolarning teng ishtiroki tamoyiliga rioya qilinadi.

 

Muhammadolim Muhammadsiddiqov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi

professori v.b. siyosiy fanlar doktori

Manba: “Qishloq hayoti” gazetasi

26-iyun 27-son 3-bet.


Print   Email