Diniy ta’lim borasida batafsil ma’lumotga egamizmi? Davomi....

Diniy ta’lim borasida batafsil ma’lumotga egamizmi? Davomi....

3. Aholining kundalik hayotidagi diniy ehtiyojlarini qondirish uchun kerak bo‘ladigan diniy ta’lim

Mavjud qonunchiligimizga nazar tashlasak, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi, deb belgilab qo‘yilganini ko‘ramiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egaligi aniq belgilangan bo‘lib, diniy qarashlarni majburiy singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi, deyiladi.

Amaldagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda ham O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgani, ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) aniq belgilab berilgan. Yuqoridagilarga ko‘ra, muayyan din normalarini ta’lim tizimiga kiritish qonunan mumkin emas ekan.

Agar, talab qilinayotganidek, islom dini normalari ta’lim tizimiga kiritilsa, unda qonunga o‘zgartirish kiritish va barcha din vakillariga birdek imtiyoz berish kerak bo‘ladi. Natijada, umumta’lim maktablarida respublikamizda ro‘yxatdan o‘tgan barcha konfessiya vakillari o‘z diniy ta’limotlarini o‘rgatishlariga qonuniy asos yaratiladi. Bu esa, tabiiyki, aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan jamiyatda turli tushunmovchilik, kelishmovchilik, fitna va ixtiloflar  kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda, maktablarda islom dini tartib-qoidasi kiritilishini yoki xususiy tartibda diniy ta’lim berilishiga ruxsat berishni xohlayotgan ota-onalar o‘z farzandi fiqh, aqida, hadis yoki boshqa yo‘nalishlarda yetuk olim bo‘lib chiqishini emas, yaxshi-yomonni ajratadigan, oq-qorani taniydigan, Qur’oni karimni o‘qiy oladigan bo‘lishini istayotganlarini ta’kidlab o‘tish lozim.

Demak, bu yerda ajratib olishimiz, tushunishimiz kerak bo‘lgan nozik nuqtayuqorida aytib o‘tilgan professional ilohiyot yo‘nalishidagi diniy ta’lim bilan ilmiy yo‘nalishdagi akademik diniy ta’limni to‘g‘ri anglash masalasidir. Xususiy tartibda diniy ta’lim berishga bo‘lgan cheklov – aholining diniy ehtiyojini qondirish uchun hech qanday shart-sharoit mavjud emas, degan noto‘g‘ri xulosaga sabab bo‘lishi kerak emas.

Kezi kelganda, yurtimiz mo‘min-musulmonlarining diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak.

Birinchidan, bugungi kunda aholi uchun zarur bo‘lgan kundalik hayotdagi diniy ta’lim olish imkoniyatlari rasmiy diniy ta’lim elektron portallar orqali amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-sayti muslim.uz, diniy ta’lim muassasalari, jome’ masjidlar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalari, telegram kanallarida ham diniy ta’lim olish imkoniyatlari mavjud: turkum video va audio darslar, maqolalar, infografikalar va boshqa turdagi axborot va ma’lumotlar shular jumlasidandir.

Quyida O‘zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi veb-saytlar va ularning telegram kanallari bilan tanishishingiz mumkin.

Ikkinchidan, bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy savollarga telefon orqali javob berish xizmati, ya’ni Koll-markaz faoliyati  (telefon 78 150-33-44) yo‘lga qo‘yilgan.

Misol tariqasida, birgina 2020-yil davomida koll-markaz orqali aholi tomonidan kelib tushgan 75 000 dan ortiq savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Shuningdek, fatvo.uz va muslim.uz saytlari hamda SavollarMuslimUzBot telegram boti orqali yil davomida 96 mingga yaqin savollarga, jami 170 mingdan ortiq savolga javob berildi. 2020-yilda kelib tushgan savollarning mavzulari tasniflab chiqib, ularning mazmun-mohiyati monitoring tahlil qilinganda quyidagicha natija aks etdi:

 

 

Tahlillardan ham ko‘rish mumkinki, savollarning aksariyat qismi namoz, tahorat, ibodat kabi masalalarni qamrab olgan. Chuqur bilim talab etiladigan masalalar kamdan kam holatda uchraydi. Ushbu ko‘rsatkich aholining maxsus bilimlarni talab qiladigan ilohiyot yo‘nalishidagi diniy ta’limga ehtiyoji aslida qanday ekani haqida ma’lumot beradi.

Bu kabi maishiy-diniy, ibodat masalalariga koll-markaz hamda respublikadagi 2091 ta masjidlarda imomlarning ma’ruzalari, ayrim yirik jome masjidlarida haftaning har payshanba kunlari tashkil etilayotgan suhbatlar aholining din bilan bog‘liq savollariga to‘laqonli javob olishiga xizmat qilmoqda.

Uchinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy sohada rasmiy faoliyat olib borayotgan mutaxassislar tomonidan MuslimTV onlayn telekanali orqali aholining diniy ehtiyojini qondirish uchun quyidagi onlayn darslar tashkil etilgan:

 

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-sonli Farmoniga asosan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha diniy ta’lim muassasalari huzurida 2019-yildan boshlab Qur’on va tajvid kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda 13 diniy ta’lim muassasasi hamda mazkur o‘quv yurtlari huzurida tashkil etilgan “Fiqh”, “Aqoid”, “Tassavvuf” va “Kalom” ilmiy maktablarida jami 17 ta joyda aholiga pullik xizmat asosida alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Qur’on va tajvid kurslari” faoliyat yuritmoqda. Ushbu kurslarda hozirgi kunga qadar 17 mingga yaqin fuqaro tahsil olib, Qur’on kurslari doirasida o‘zlariga kerakli darajada ilmlarni olishdi.

Hozirda ushbu kurslarda 1 200 ga yaqin fuqaro ta’lim olayotgan bo‘lib, ta’lim muddati 3 oyni tashkil etadi.

Beshinchidan, turli diniy rasm-rusum va marosimlar, diniy amaliyot tartiblari, diniy masalalarni yoritib beruvchi katta hajmdagi diniy mazmundagi adabiyotlar yillar davomida respublikaning turli bosmaxona va nashriyotlarida chop etib kelinmoqda.

Bunda aholiga taqdim etilayotgan materiallarda ixtiloflar kelib chiqmasligi maqsadida yurtimizda an’anaviy hisoblangan, diniy bag‘rikenglik va moʻtadilllikka asoslangan Hanafiy mazhabi, Moturidiya ta’limoti asosida adabiyotlar chop etilishiga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Ushbu mazmundagi diniy adabiyotlar nafaqat o‘zbek tilida, balki rus, qoraqalpoq va boshqa tillarga ham tarjima qilinmoqda. Mavjud diniy adabiyotlarda sodda va tushunarli tilda turli nozik savollarga batafsil javoblar beradigan ma’lumotlar taqdim etib borilmoqda.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, diniy ta’lim bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat doimiy diqqat-e’tiborda.

Kezi kelganda, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga soya solmaslik, jamiyatda turli ixtilof va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik hamda aholi ongida sohada olib borilayotgan davlat siyosatiga nisbatan norozilik kayfiyatini shakllantirmaslik maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

 

 Din ishlari bo‘yicha qo‘mita


Print   Email