Zahiriddin Muhammad Boburga kim ism qo‘ygan?

Zahiriddin Muhammad Boburga kim ism qo‘ygan?

Vatanimiz tarixidagi 14-fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1483-yil (bundan 538-yil oldin) – Farg‘ona viloyatini idora qilayotgan temuriyzoda Umarshayx Mirzo xonadonida Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad ismini yosh shahzoda uchun o‘sha davrdagi Movarounnahrning atoqli ulamolaridan bo‘lgan Xoja Nosiriddin Ubaydulloh Ahror Valiy tanlagan. Keyinchalik chig‘atoylar arabcha “Zahiriddin” so‘zini talaffuz etishga qiynalganliklari bois ota-onasi uni Bobur deb ataydigan bo‘lib qolishgan. Shunday qilib, rasmiy hujjatlarda ulug‘ shoir, adib va hukmdor nomi Zahiriddin Muhammad Bobur tarzida qo‘llana boshlangan.

Bobur Mirzoning umri to‘s-to‘polon, urush-yurishlarda o‘tgan bo‘lsa ham, o‘z davrining ilg‘or fani yutuqlarini juda o‘tkir va betakror aql-zakovati bilan puxta egalladi. Atigi qirq yetti yil umr ko‘rgan olijanob inson va ulug‘ shoh avlodlarga o‘zining bebaho adabiy, ilmiy merosini qoldirdi. U yigirma yoshida “Xatti Boburiy”ni kashf qildi. Sharq mumtoz adabiyotining turli janrlarida ajoyib she’rlar yozib, devon tartib berdi. “Boburnoma”day ulkan hajmli tarixiy-badiiy asarini yaratib, turkiy nasr imkoniyatlarining beqiyos ekanligini amalda isbotladi.

Adabiyotshunoslik borasida turkiy aruzning xususiyatlariga oid “Muxtasar” asarini yozdi. Din asoslariga bag‘ishlangan she’riy risolasi “Mubayyin”ni yaratdi. Shuningdek, naqshbandiy tariqatining peshvosi Xoja Ahrori Valiyning “Volidiya” asarini she’riy usulda turkiy tilga tarjima qildi. Bulardan tashqari, Bobur Mirzoning musiqa va harbiy bilimlarga oid risolalar yozgani ham manbalarda bayon etiladi, biroq bu asarlarning taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda.

1856-yil (bundan 165-yil oldin) – Xiva xoni Qutlug‘murodxonning fojiali o‘limidan so‘ng Xiva taxtiga Sayid Muhammad xon qilib ko‘tarildi. Saroy a’yonlari 1856-yil 14-fevralida eski udumga ko‘ra oq kigizga o‘tqazib, uni xon deb e’lon qildilar. Said Muhammadxon 34 yoshida taxtga o‘tirdi. Rus sharqshunosi Nikolay Veselovskiyning ta’kidlashicha, u Xiva xoni Muhammad Rahimxon I ning farzandi bo‘lgan.

Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlik-osoyishtalik qaror topgan. Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Ko‘hna ark saroyidagi ko‘rinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859-yilda Xivaning Dishan qal’a qismida, Nurullaboy bog‘ida yangi ko‘rinishxona qurib bitkazilgan. Ogahiy “Gulshani davlat” tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini ta’riflagan.

1918-yil (bundan 103-yil oldin) – Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand musiqiy drama jamiyati” nomi bilan faoliyat yuritayotgan teatr truppasi davlat ixtiyoriga olindi. Truppaning davlat ixtiyoriga olinishiga bag‘ishlangan kengashda Behbudiy, uning shogirdi, o‘sha vaqtda truppaga rahbarlik qilgan Abdulla Badriy, artistlardan Sa’dulla Jo‘raboyev, Husain Nizomiddinov va boshqalar ishtirok etishdi.

1940-yil (bundan 81-yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Komil Muqimov tavallud topdi. U 1992–2005-yillarda Buxoro davlat universiteti rektori bo‘lgan. Uning izlanishlari tufayli magnit hodisalar fizikasi sohasida yangi – “kuchli magnit maydonida nodir elementlar magnitooptikasi” ilmiy yo‘nalishi yaratildi.

1943-yil (bundan 78-yil oldin) – O‘zbekiston Xalq shoiri Omon Matjon tavallud topdi. Uning she’riy asarlarida voqelikni nozik his etgan holda badiiy ifodalash, muayyan hodisadan favqulodda falsafiy xulosalar chiqarish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhit koloritiga mos ifodalar topish tamoyili ustuvorlik qiladi.

1992-yil (bundan 29-yil oldin) – O‘zbekiston Qurolli kuchlari tarkibida Mamlakatni havo hujumidan mudofaa qilish qo‘shinlari tuzildi.

2017-yil (bundan 4-yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2020-yil (bundan 1-yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi O‘zA


Print   Email